Prezident sug‘urta bozorini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.
Qaror bilan quyidagilar O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va jadal rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
sug‘urta sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, shu jumladan, xalqaro tashkilotlarning standartlari va tavsiyalarini hamda ushbu sohadagi eng yaxshi jahon tajribalarini izchil joriy etish;
tartibga solish va prudensial nazoratning samarali mexanizmlarini joriy etish orqali sug‘urta bozorining ishonchliligi va barqarorligini ta'minlashga qaratilgan sug‘urta faoliyatini tartibga solish tizimini institutsional rivojlantirish;
sug‘urta bozori professional ishtirokchilarining kapitallashuv darajasini, to‘lov qobiliyati va moliyaviy barqarorligini oshirish, ularning aktivlari sifatini yaxshilash, shuningdek, sug‘urtalovchilarning investitsiya faoliyatini rivojlantirish;
sug‘urta brokerlari faoliyatini faollashtirish, sug‘urta agentlarining ishlash tizimini takomillashtirish, banksug‘urta mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, umuman sug‘urta bozori professional ishtirokchilarining rolini oshirish orqali sug‘urta bozori infratuzilmasini rivojlantirish va kengaytirish;
sug‘urta xizmatlari iste'molchilari va sug‘urta faoliyatining boshqa sub'yektlari huquqlari himoyasini kuchaytirish, aholining sug‘urta savodxonligini va sug‘urtaga bo‘lgan ishonchini oshirish, sug‘urta bozorining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash;
yangi innovatsion sug‘urta mahsulotlarini joriy etish va talab yuqori bo‘lgan an'anaviy mahsulotlarni rivojlantirish orqali ko‘rsatilayotgan sug‘urta xizmatlari hajmlarini, turlarini kengaytirish va sifatini oshirish;
sug‘urta faoliyatini tashkil etish va tartibga solish sohasida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, sug‘urta xizmatlarining elektron turlarini faol joriy etish va rivojlantirish;
sug‘urta bozori mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, sug‘urta sohasida ta'lim berishning zamonaviy usullarini qo‘llash, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rag‘batlantirish;
milliy sug‘urta bozorining ijobiy imijini shakllantirish va yuqori darajada ushlab turish hamda investitsiyaviy jozibadorligini, shu jumladan, milliy sug‘urta bozorini xalqaro va xorijiy sug‘urta bozorlari bilan integratsiyalash orqali oshirish.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining:
sug‘urtalovchilarning sug‘urta faoliyati turlariga bog‘liq holda differensiatsiyalangan ustav kapitali minimal miqdorlarini 2020-2022 yillarda bosqichma-bosqich oshirish to‘g‘risidagi;
daromadlarning 20 foizigacha miqdoridagi ajratmalar hisobiga, ularni chegiriladigan xarajatlarga kiritgan holda shakllantiriladigan sug‘urta tashkiloti zaxira jamg‘armasining cheklangan miqdorini sug‘urta tashkiloti ustav fondining 50 foizigacha oshirish to‘g‘risidagi;
sug‘urtaning ayrim turlari bo‘yicha elektron polislarni (“Ye-polis”), shu jumladan, Internet, mobil ilovalar, infokiosklar orqali rasmiylashtirish mexanizmini joriy etish, ularni qog‘oz shaklidagi sug‘urta shartnomalariga (polislariga) tenglashtirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.
Mavzuga oid
14:31 / 13.11.2024
Xizmatda jarohat olgan harbiylarga sug‘urta to‘lovi beriladi
20:40 / 06.11.2024
AstraZeneca aksiyalari qiymati Xitoydagi tergovlar fonida tushib ketdi
09:55 / 15.10.2024
Avtobus yo‘laklarida boshqa transportlarning harakatlanishi ustidan nazorat kuchaytirildi
07:16 / 20.08.2024