Jamiyat | 07:40 / 06.08.2019
50162
6 daqiqa o‘qiladi

Maktabgacha ta'lim vazirligi ota-onalarga murojaat bilan chiqdi

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

Maktabgacha ta'lim vazirligi maktabgacha ta'lim tashkilotiga qabul qilish mexanizmida yuzaga kelgan nosozliklar bo‘yicha murojaat bilan chiqdi. Qayd etilishicha, vazirlik yuz bergan nosozlik uchun uzr so‘raydi.

Ayni paytda ushbu nosozlikni bartaraf etish bilan Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin boshchiligidagi ishchi guruhi shug‘ullanmoqda. Mazkur ishlar UZINFOCOM hamda Davlat xizmatlari markazlari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

2019 yilning 30 iyul kuni tizim sinov tarzida ishga tushirildi va u keng qamrovli qayta ishlash harakatlarini amalga oshirish kerakligini ko‘rsatdi. 

Birinchi muammo. Ota-onalar tomonidan noto‘g‘ri to‘ldirilgan arizalar.

Noto‘g‘ri to‘ldirilgan arizalar sababli ma'lumotlar bazasi o‘zining ishonchliligini yo‘qotdi. 1,5 mln.ta arizadan qariyb 100 mingtasi qo‘pol xatoliklar bilan to‘ldirilgan.

Masalan:

Ota-ona elektron arizani yuborishni to‘lovlarni qabul qilish punkti yoki Internet-kafe xodimlaridan iltimos qildi. Jarayonni tezlashtirish maqsadida xodim tug‘ilganlik haqida guvohnoma raqamlari o‘rniga shunchaki nollarni (0), probel (joy qoldirish) yoki ixtiyoriy raqamlarni kiritdi. Shunday qilib, EMIS tizimida har xil ismli lekin tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma raqamlari bir xil bo‘lgan (nollar (0), probel (joy qoldirish) yoki ixtiyoriy raqamlar) bolalar paydo bo‘ldi va oqibatda bolalarning biri yo‘nalish olayotgan paytida tizim ishdan chiqdi.

MTVning harakati:

Noto‘g‘ri ma'lumotlar bilan navbatga qo‘yilgan bolalar o‘z joyini yo‘qotmasligi uchun biz 2018 yilning 1 – aprelidan boshlab kelib tushgan barcha arizalarni qayta yuklayapmiz va xatolar tahrir qilinmoqda. Yangi algoritmlar, tug‘ilganlik haqida guvohnomaning noyob raqamlarini kiritishni talab qiladi va ularga asosan avtomatik tarzda bolaning ismi va boshqa ma'lumotlarni to‘ldiradi.

Ikkinchi muammo. To‘liq ma'lumotlar bazasini yuklash sun'iy ravishda navbatni uzaytirib yubordi.

Hozirgi paytda eski, qondirilgan arizalar mavjudligi navbatni sun'iy ravishda uzaytirib yuboryapti. Mazkur muammo vaqtinchalik xarakterga ega.

Masalan:

Siz navbatda 10-o‘rinda edingiz lekin tizim 16-o‘rinni ko‘rsatyapti. Aslida sizning navbatingizdan oldin paydo bo‘lib qolgan 5 ta ariza o‘z dolzarbligini yo‘qotib bo‘lgan, ya'ni ular asosida yo‘llanmalar olib bo‘lingan va bolalar allaqachon MTTga qatnayapti.

MTVning harakati:

Maktabgacha ta'lim mutaxassislari jadvalga asosan MTTlarni aylanib, navbatdan yo‘llanmalar berib bo‘lingan arizalarni o‘chiradi. Shu yo‘l bilan siz yo‘llanmani o‘z vaqtida olasiz.

Uchinchi muammo. Ma'lumotlar bazasida eski arizalarning mavjud emasligi.

Masalan:

2016 yilda ota-ona ariza topshirdi va uni qog‘oz shaklida Tuman xalq ta'limi reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazdi. Qog‘oz shaklidagi arizalarda kerakli ma'lumotning yo‘qligi (misol uchun, guvohnoma raqami) sabab, ushbu arizalarni EMIS tizimiga avtomatik tarzda kiritishning imkoni yo‘q.

MTVning harakati:

Vazirlik mutaxassislari qog‘oz shaklidagi reyestrlar bo‘yicha ko‘rib chiqilmagan arizalardan tashkil topgan ma'lumotlar bazasini yaratadilar va ushbu arizalar bo‘yicha bolalarni maktabgacha ta'lim tashkilotiga o‘z vaqtida qabul qilinishlari uchun yangi algoritmni ishlab chiqadilar.

Ammo o‘rnatilgan tartib, qog‘ozli reyestrni hisobga olmagan holda elektron navbat tartibini o‘zgartirishni taqiqlaganligi uchun, bu ish qonunchilikka o‘zgartirish kiritilishi kerakligini talab qiladi. Ishchi guruhi qisqa muddatlarda qonunchilikka kiritilishi lozim bo‘lgan qo‘shimchalarni ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi.

To‘rtinchi muammo. Imtiyozli toifadagi fuqarolar bo‘yicha ma'lumotlar bazasining mavjud emasligi.

Masalan:

Maktabgacha ta'lim tashkilotida tezroq joy olish uchun siz arizani imtiyozli navbatga topshirdingiz, lekin tekshirishlar siz bunday imtiyozga ega emasligingizni ko‘rsatdi.

MTVning harakati:

Sizning arizangiz imtiyozli navbatdan asosiysiga yo‘naltirilyapti. Bunday holatda navbatdagi o‘rningiz ariza to‘ldirilgan vaqtga asosan belgilanadi. Agar siz arizani 5 may kuni to‘ldirgan bo‘lsangiz, ushbu ariza navbatda 4 may kuni to‘ldirilgan arizalardan keyin, lekin 6 may kuni to‘ldirilgan arizalardan oldin shakllantiriladi.

Shuningdek, ota-onalarning murojaatlariga ko‘ra imtiyozli toifalar qayta ko‘rib chiqiladi, qonunchilikka kiritilishi kerak bo‘lgan o‘zgartirishlar Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.

“Hurmatli ota-onalar, Maktabgacha ta'lim vazirligi yuzaga kelgan holatni bartaraf etish ustida ishlamoqda. Biz sizdan arizangiz holatini Davlat xizmatlari markazi yoki @MtmNavbatBot telegram boti orqali muntazam tekshirib turishingizni so‘raymiz.

Biz yo‘llanmalarni avtomatik tarzda berilishini yo‘lga qo‘ydik va noto‘g‘ri to‘ldirilgan arizalar tozalanganidan so‘ng navbatda 1-o‘rinda turgan arizalar yopilishni boshlaydi. 15 kunlik muddat tugaganidan so‘ng, ishlatilmagan yo‘llanmalar bekor qilinadi va uning joyi keyingi o‘rinda turgan arizaga beriladi”, - deyiladi vazirlik xabarida.

Mavzuga oid