O‘zbekiston | 13:07 / 19.08.2019
33353
5 daqiqa o‘qiladi

Foydalanilmayotgan obektlar mulkdorlariga nisbatan yangi choralar tasdiqlandi

Foto: pikabu.ru

Foydalanilmayotgan obektlar mulkdorlariga nisbatan yangi choralar Vazirlar Mahkamasining 13.08.2019 yildagi 666-son qarori bilan tasdiqlandi. Hujjat 3 oy o‘tgach kuchga kiradi, deb xabar bermoqda Norma.

 Nima foydalanilmayotgan obekt hisoblanadi

 Quyidagilar bo‘sh turgan obektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari sifatida e'tirof etiladi:

• xatlovdan o‘tkazish vaqtida belgilangan muddatda tugallanmagan qurilish obektlari;

• bo‘sh turgan binolar, yashash uchun mo‘ljallanmagan inshootlar, shuningdek, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari umumiy maydonining 50%idan ko‘prog‘idan (bir bino yoki noturar joy xonasi konturi doirasida) tovarlar ishlab chiqarish, ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatishda foydalanilmay kelingan bo‘lsa. Mavsumiy tusdagi faoliyat amalga oshiriladigan obektlar bundan mustasno.

 Ular bilan kim shug‘ullanadi

 Ikkita ishchi guruhi shakllantiriladi va ularga quyidagi vazifalar yuklatiladi:

1-ishchi guruhiga tuman (shahar) hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, 2-ishchi guruhiga tuman (shahar) hokimining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i boshchilik qiladi.

 Davlat soliq xizmati organlariga foydalanilmayotgan obektlarning hisobini yuritish va foydalanilmayotgan obektlar bo‘yicha oshirilgan stavkalarda soliq hisoblash yuklatildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga foydalanilmayotgan obektlar ishga tushirilganligining hisobini yuritish vazifasi yuklatildi.

 Mulkdorlar uchun qanday oqibatlar olib keladi

 Birinchidan, davlat mulki bo‘lgan foydalanilmayotgan obektlar sotiladi, ijaraga beriladi, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida beriladi.

 Ikkinchidan, amaldagi oshirilgan soliq stavkalarini qo‘llash tartibi o‘zgaradi. Mol-mulk solig‘i va yer solig‘i “bekor turib qolish” muddatlariga bog‘liq holda to‘lanadi:

• 3 oyga qadar - 2 baravar miqdorda;

• 3 oy o‘tgandan so‘ng — 5 baravar miqdorda;

• 6 oy o‘tgandan so‘ng — 10 baravar miqdorda;

• 12-oydan boshlab kelgusi har 12 oyda - oxirgi oshirib qo‘llanilgan miqdorning 2 baravari miqdorida.

 Obekt qiymati mavjud bo‘lmagan hollarda, yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan foydalanilmayotgan obektlar uchun mol-mulk solig‘ini hisoblab chiqarishda mol-mulkning shartli qiymati har bir kvadrat metri uchun:

• Toshkent shahrida - bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 8 baravarida;

• Nukus shahri, viloyat markazlari hamda respublika va viloyatga bo‘ysunuvchi yirik shaharlarda - BHMning 4 baravarida;

• boshqa shaharlar va qishloq joylarida - BHMning 2 baravarida belgilanadi.

 Obekt qiymati past bo‘lgan hollarda foydalanilmayotgan obektlarning mol-mulk solig‘ini hisoblab chiqarish uchun mol-mulkning shartli qiymatini hisoblashda yuqorida ta'riflangan tartibda hisoblangan summa qo‘llaniladi.

 Obektning foydalanilmayotgan maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lganda, hisoblangan soliq summasiga 1,5 baravar miqdordagi ko‘paytiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi.

 Uchinchidan, foydalanilmayotgan obektlarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha ilgari taqdim etilgan soliq imtiyozlari va preferensiyalarining amal qilishi to‘xtatib turiladi.

 Foydalanilmayotgan obekt begonalashtirilganda ko‘rsatilgan soliq mexanizmi yangi mulkdorga nisbatan ham qo‘llaniladi. Lekin foydalanilmayotgan obekt xo‘jalik faoliyatiga jalb etilganda yuqorida ta'riflangan tartibda hisoblangan soliq summalari mulkdorga qaytariladi. Bunda qaytarish 2-ishchi guruhining xulosasi asosida oxirgi 12 oy uchun amalga oshiriladi.

  Mexanizm qanday amal qiladi

 Joriy etilayotgan tartib mulkchilik shaklidan qat'i nazar, foydalanilmayotgan obektlarga soliq organlari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llaniladi. Foydalanilmayotgan obektlardan samarali foydalanish bo‘yicha idoralararo komissiya xulosasi endi talab etilmaydi. Davlat soliq xizmati organlari xulosasi va 1-ishchi guruhi xulosasi asos hisoblanadi. Barcha tartib-taomillar tasdiqlangan sxemada aks ettirilgan 20 ta izchil bosqichdan iborat.

 Shu bilan birga eslatib o‘tamiz, 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab foydalanilmayotgan davlat mulki obektlarini xo‘jalik faoliyatiga jalb qilishning yangi tartibi joriy etiladi (13.08.2019 yildagi PF-5780-son Farmonning 9-bandi).

 Hujjat 14.11.2019 yildan kuchga kiradi.

Mavzuga oid