Iqtisodiyot | 14:53 / 20.08.2019
112556
5 daqiqa o‘qiladi

Energetika vazirligi yangi elektr hisoblagichlar narxini kim to‘lashini ma'lum qildi

O‘zbekistonda elektr energiyasi tarmoqlarini modernizatsiya qilish dasturi doirasida iste'molchilarga yangi «aqlli» hisoblagichlar o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda. Uning narxi esa, o‘rnatib berish bilan birga 770 ming so‘mni tashkil etmoqda. Fuqarolarda, o‘z navbatida, ushbu summani kim to‘laydi, uning narxi elektr energiyasi tariflariga qo‘shiladimi, degan haqli savollar paydo bo‘lmoqda. O‘zbekiston Energetika vazirligi Kun.uz muxbirining shu masalaga doir savolga javob berdi. 

-  7 milliondan ortiq iste'molchi borligi qayd etildi. Bir dona hisoblagich o‘rnatish bilan birga 770 ming so‘mga tushadi. Bu xarajatlar qachon, necha yilda o‘zini oqlaydi?

«Hisoblagichning bugungi kundagi narxi – mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizniki 49 AQSh dollari ekvivalentidagi so‘mda, hisoblagich zavoddan chiqib ketgan kundagi Markaziy bank rasmiy kursi bilan belgilanadi. Ikkinchi zavod ham shu narxda yetkazib beradi. Osiyo Taraqqiyot bankining tenderi orqali g‘olib bo‘lgan narx 64 dollarni (63,85 atrofida) tashkil etadi. 

Endi hisoblagichlarni o‘rnatish bo‘yicha qilinayotgan xarajatlar qachon o‘zini oqlaydi, degan savolga javob bersam. Bu kabi har qanday yirik loyiha uchun maxsus institut tomonidan texnik-iqtisodiy asoslar ishlab chiqiladi. 

Unda, iste'molchilarga sotiladigan elektr energiyasi narxi qancha, degan savol qo‘yiladi. Nega, chunki, bu hisoblagichlar o‘rnatilgach, elektr energiyasi yo‘qotishlarining oldi olinadi. Uning miqdori aniq, o‘sha miqdorni tarifga ko‘paytirsak, summa kelib chiqadi. Shunda bir yilda qancha mablag‘ tejalishi, aniqroq aytganda, yo‘qotishlarning oldini olish hisobiga ko‘proq mablag‘ kirim bo‘lishi ta'minlanadi», - deya qayd etdi Energetika vaziri o‘rinbosari. 

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev

Uning so‘zlariga ko‘ra, hisoblagichlarni o‘rnatishdan avvalgi texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqishda 2017 yilgi tariflar shartli ravishda olingan va ikki xil usulda hisoblangan. 

«Haqiqatga eng yaqin hisob-kitoblarga binoan, yangi hisoblagichlarni o‘rnatish 8-9 yilda o‘zini oqlashini ko‘rsatgan. Ammo, bu iste'molchi shuncha muddat mobaynida yangi hisoblagich qiymatini ham tarifga qo‘shilgan holda to‘lab boradi, degani emas. Chunki, biz bu masalaga boshqacharoq yondashganmiz», - dedi Sherzod Xo‘jayev. 

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, olinadigan xalqaro kreditlarning barchasi uzoq muddatli bo‘lib, 20-25 yilni tashkil etadi. Ya'ni, tizimni barpo qilish uchun olingan kredit shuncha muddat davomida qaytariladi. 

«Dunyoning har qanday burchagida amalga oshiriladigan katta loyiha borki, ular imtiyozli uzoq muddatli kreditlarni jalb etishga harakat qiladi. Biz ham shu nuqtainazardan kelib chiqqan holda OTB, Jahon banki, Islom Banki, Osiyo Infrastruktura banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kreditlarini jalb etishga harakat qilyapmiz», - deya oydinlik kiritdi Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev.  

U, shuningdek, yangi hisoblagichlarni o‘rnatish bo‘yicha moliyaviy manbalarni ham ma'lum qildi. Bular Osiyo Taraqqiyot banki va Majburiy Ijro byurosi jamg‘armasi mablag‘laridir. 

«Biz moliyalashtirish manbalarini ko‘p o‘ylaganmiz. Hozirgi kunda hisoblagichlarni almashtirish bo‘yicha ikkita asosiy manba bor – bular Osiyo Taraqqiyot banki va Majburiy Ijro byurosi mablag‘laridir. Jamg‘armadan ajratiladigan mablag‘lar beg‘araz yordam sifatida kelgani bois, tarifga qo‘shilmaydi. Tarifning bir qismi esa, Osiyo Taraqqiyot bankidan olingan mablag‘larni qaytarishga yo‘naltiriladi. 

Shu o‘rinda bir jihatga e'tibor qaratishni istardimki, har bir tadbirkorlik sub'yektining mahsuloti bo‘lgani singari, elektr korxonalarining mahsuloti elektr energiyasidir. Korxona o‘z xarajatlarini elektr energiyasini sotishdan tushgan mablag‘ hisobidan qoplaydi. Ammo, bu elektr energiyasini sotish bilan birga hisoblagichlar uchun alohida ustama qilish amaliyotidan qochganmiz», - dedi Xo‘jayev. 

Mavzuga oid