O‘zbekiston | 18:30 / 20.08.2019
17749
2 daqiqa o‘qiladi

Moliya vazirligi vazirliklarga ajratilgan mablag‘lar haqidagi ma'lumotni oshkor qila boshlaydi

Foto: Moliya vazirligi axborot xizmati

Moliya vazirligi davlat budjetining shaffofligini ta'minlash va uni barcha fuqarolar uchun ochiq ko‘rinishda taqdim etish bo‘yicha faol ish olib bormoqda, deb yozmoqda Moliya vazirligi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, asosiy maqsad - aholining moliyaviy savodxonligini oshirish va davlat xarajatlari ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bilan bir qatorda keng jamoatchilik vakillarini davlat boshqaruvi jarayoniga jalb qilish. 

Openbudget.uz elektron portali buning amaliy timsoli ekani aytiladi. Ushbu platforma davlat budjetining ijrosi, uning parametrlari, tarkibiy qismlari va prognoz ko‘rsatkichlari to‘g‘risida batafsil ma'lumotlarni taqdim qiladi. Shuningdek, portal fuqarolarga mahalliy budjetlar xarajatlari yo‘nalishini belgilashda bevosita qatnashish imkoniyatini beradi.

Bundan tashqari, axborot xizmati mas'ul bo‘limlar bilan birgalikda vazirlikning rasmiy sahifalarida quyidagi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha ma'lumotlarni joylashtirib borishi ko‘zda tutilgan:

Har kuni (ish kunlarida):

- davlat budjetining daromad va xarajatlari to‘g‘risida;
- davlat xaridlari tizimida tuzilgan shartnomalar to‘g‘risida.

Oylik:

- vazirliklar va idoralarga ajratilgan mablag‘lar to‘g‘risida hisobot;
- shuningdek, turli sohaga ajratilgan mablag‘lar to‘g‘risida ma'lumot beriladi;

“Hurmatli fuqarolar, sizlardan davlat budjetini shakllantirishda faol ishtirok etishingizni so‘raymiz. Biz doimo taklif va istaklar uchun ochiqmiz”, - deyiladi vazirlik xabarida.

Bundan oldin, AQSh O‘zbekistonga vazirliklar xarajati to‘g‘risidagi ma'lumotni oshkor etishni tavsiya qilgandi.

Mavzuga oid