2021 yil 12 iyulda birinchi marta O‘zbekiston Respublikasining “Barqaror rivojlanish maqsadlari” (BRM)ga erishishga yo‘naltirilgan 2,5 trln so‘m miqdorida milliy valutadagi xalqaro suveren obligatsiyalari xalqaro moliya bozoriga joylashtirilgan.
BRM obligatsiyalari o‘zi nima, undan o‘zbekistonliklarga nima foyda? Shu kabi savollar yuzasidan Moliya vazirligi Davlat qarz departamentining Tashqi moliya bozorlaridan qarz jalb qilish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Komilov Kun.uz'ga gapirib berdi.
— Obligatsiya nima?
— Obligatsiya – bu hukumat yoki kompaniya tomonidan chiqariladigan qarz qimmatli qog‘ozi hisoblanadi. Obligatsiya egasiga, ya’ni uni sotib olgan investorga obligatsiyani chiqargan emitent (obligatsiya chiqaruvchi) tomonidan belgilangan vaqt davomida belgilangan miqdorda o‘zgarmas foiz to‘lovi amalga oshirib boriladi va muddati tugashi bilan asosiy qarz ham obligatsiya egasiga qaytariladi.
Oddiy tilda tushuntirsam, bunday qimmatli qog‘ozning xaridori qimmatli qog‘oz chiqaruvchining kreditoriga aylanadi, ya’ni qarz beruvchisiga. Huddi bank krediti kabi, kreditorga ma’lum miqdorda yillik foiz to‘lovi to‘lab boriladi. Kreditdan farqli jihati shundaki, asosiy qarz obligatsiya muddati tugaganida xaridorga qaytarib beriladi.
Yevroobligatsiyalar yoki yevrobondlar deb emitent uchun xorijiy bo‘lgan valutada chiqariladigan obligatsiyalarga aytiladi. Misol uchun, O‘zbekistonning AQSh dollarida xalqaro moliya bozorlariga joylashtirgan obligatsiyalari yevroobligatsiyalar deb ataladi. Milliy valutada xalqaro moliya bozorlariga joylashtirgan obligatsiyalarimiz esa suveren xalqaro obligatsiyalari hisoblanadi.

— O‘zbekiston obligatsiya chiqardi deganda nimani tushunsak bo‘ladi?
— O‘zbekiston obligatsiya chiqardi va xalqaro moliya bozoriga joylashtirdi degani oddiy qilib aytganda bu – O‘zbekiston investorlardan ma’lum yillik foiz to‘lovini to‘lab borish va asosiy qarzni belgilangan muddat oxirida qaytarish sharti bilan qarz mablag‘ini jalb qildi degani.
Bizning misolimizda, 2021 yilda 2,5 trln so‘m miqdorida 3 yil muddatga yillik 14,0 foiz bilan obligatsiya chiqardik, ya’ni xalqaro investorlardan 3 yil davomida har yili faqatgina 350 mlrd so‘m miqdorida foiz to‘lovini to‘lab borish, 2,5 trln so‘m miqdoridagi asosiy qarzni esa 3 yil o‘tgach qaytarib to‘lab berish sharti bilan qarz oldik.




















