O‘zbekistonda yana bir yangilik: Quyi Chotqol GES qurilishi boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 2 maydagi “2017-2021 yillarda gidroenergetikani rivojlantirish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi PQ-2947-sonli qarori bilan respublikamizning tabiiy suv oqimlari va suv xo‘jaliklari obektlarida yangi gidroelektrostansiyalar qurish va ishlab turganlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha investitsiyaviy loyihalar ro‘yxati tasdiqlangan. Ro‘yxatga ko‘ra, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Chotqol daryosida ham gidroelektrostansiya qurish belgilangan edi.
Quyi Chotqol GES “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi asosida qurilayotgan bo‘lib, uning loyihasi “Gidroproyekt” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqilgan.
Loyiha bo‘yicha kapital qo‘yilmalar hajmi 125 487,33 ming yevroni tashkil etib, ulardan 47 631,17 ming yevro miqdoridagi mablag‘ni asosiy gidrokuchlanishli va yordamchi asbob-uskunalarni xarid qilish uchun yo‘naltirish belgilangan. Buyurtmachining qolgan xarajatlari 8 995,57 ming yevroga baholangan. Shuningdek, qurilish-montaj ishlari uchun 688 860,59 ming yevro ajratish rejalashtirilgan.
GESning ishga tushirilishi muhandis-texnik ixtisoslikka ega bo‘lgan 39 nafar kishini ish bilan ta'minlash imkonini beradi.
Kuni kecha ushbu GESni qurish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi. Gidroenergetika sohasi faxriylari, “O‘zbekgidroenergo” AJ rahbariyati, hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida GES poydevoriga birinchi g‘isht qo‘yildi.
Yangi inshoot 60 oy davomida, ya'ni 2019-2023 yillarda qurilib, ekspluatatsiyaga topshirishi rejalashtirilgan.
Hisob-kitoblarga qaraganda, yangi GES ishga tushirilgach, uning mamlakat ichki yalpi mahsulotdagi ulushi o‘rtacha 25 477,8 ming yevroni tashkil qiladi va 100 mingga yaqin uy xo‘jaligini elektr energiya bilan ta'minlashga xizmat qiladi.
GESda har biri 19 MVt bo‘lgan 4 ta gidroagregat o‘rnatish mo‘ljallangan. Inshootning o‘rnatilgan quvvati 76 MVt bo‘lib, yillik o‘rtacha elektr energiya ishlab chiqarish hajmi 282,0 mln. kVt.s ga teng. Uning asosiy asbob-uskunalari normativ muddatlarga ko‘ra 40 yilgacha xizmat qilishi mumkin, amalda esa ular 80 yilgacha ham ishlaydi. Shuningdek, GESning to‘liq ishga tushirilishi 91,28 mln. m3 gacha tabiiy gazni iqtisod qilish imkoniyatini beradi. Inshoot gidrologik rejimga ta'sir qilmaydi va gidrobiologik obektlarga zarar yetmaydi hamda atrof-muhit va tabiat o‘zgarishiga ta'sir ko‘rsatmaydi.
Ushbu GES qurilishi va ishga tushirilishiga sarflangan xarajatlar investitsion davrni hisobga olmaganda, 6 yilu 2 oyda qoplanishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Quyi Chotqol GES issiqlik elektrostansiyalariga nisbatan quyidagi afzalliklarga ega:
- kun davomida elektr energiyaga talab keskin oshgan davrda ham elektr energiyani yetkazib bera oladi;
- har yili 91 283,4 ming. m3 tabiiy gazni iqtisod qiladi;
- ekologik toza elektr energiyasini ishlab chiqarish, atmosferaga zararli chiqindilar chiqishini qisqaradi;
- ishlab chiqarilayotgan elektr energiya tannarxi nisbatan past, ya'ni issiqlik elektrostansiyalari tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiya narxidan 8-10 barobar arzon bo‘ladi;
- GES va uning asbob-uskunalarini ekspluatatsiya qilishning texnik muddati nisbatan uzoq, issiqlik elektrostansiyalardan ikki barobar ko‘proq muddatga xizmat qiladi;
- qayta tiklanuvchi, ya'ni suv energiyasi manbalaridan foydalaniladi.
Mavzuga oid
09:15 / 27.08.2024
Rossiyaning Ukrainaga zarbasi natijasida Kiyev GESga zarar yetdi
10:46 / 11.06.2024
Qambarota GES-1 qurilishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha kelishuv imzolandi
12:25 / 17.01.2024
Koreya O‘zbekistonda GESlarni modernizatsiya qilishda ishtirok etishi mumkin
17:14 / 15.12.2023