Jamiyat | 11:48 / 28.08.2019
10694
3 daqiqa o‘qiladi

Bayram tuhfasi: Zominlik yoshlarga «Yoshlar markazi» foydalanishga topshirildi

Zomin tumani aholisining  95 ming nafari 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jamiyatda munosib o‘rinni egallashi, farovon turmush kechirishi uchun sharoit yaratish yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.  

Bugun Zomin tumanida mamlakatimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi arafasida “Yoshlar markazi” foydalanishga topshirildi.  Zamonaviy me'morchilik andozalari asosida bunyod etilgan markazning ochilish tantanasida Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodning porloq kelajagini yaratish  yo‘lidagi g‘amxo‘rliklar o‘z samarasini berayotgani, yosh avlod jamiyatning tashabbuskor va faol qatlami sifatida doimo qo‘llab-quvvatlanayotgani, ularning har tomonlama kamol topishi uchun zamonaviy sharoit va imkoniyatlar yaratilayotgani haqida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Zomin tumani Kengashi raisi o‘rinbosari Temurbek Nazarov bu yerda rus va ingliz tillarini o‘rganish, kompyuter savodxonligi, shaxmat-shashka, mental arifmetika, tasviriy san'at, raqs to‘garaklari, pazandachilik, tikuvchilik, to‘quvchilik, milliy hunarmandchilik  kabi kasb-hunar to‘garaklari tashkil etilgani, jami 13 turdagi to‘garaklarning har bir guruhiga 12 nafardan yosh qamrab olinishi rejalashtirilgani haqida to‘xtalib o‘tdi. 

- So‘lim Zominda go‘zal bir inshootning qad rostlagani hudud tarixi sahifalarini yana bir karra oltinrang yozuvlar bilan bezadi. Tumanda bunyod etilgan “Yoshlar markazi” – zominlik yoshlarning uzoq va intiqlik bilan kutgan ezgu maqsadlarining ulug‘vor ramzi bo‘ldi, –  deydi Yoshlar ittifoqining sport tadbirlari yo‘nalishi sardori Ahror Xolbo‘tayev. - “Yoshlar markazi”ning ochilish marosimida minglab yoshlarning tashrif buyurgani tuman yoshlarining shunday maskanga g‘oyatda intiq ekanligini  isbotlaydi. Har birimiz Prezidentimizning ushbu tuhfalaridan unumli foydalangan holda bunday e'tiborga o‘zimizning turli sohalardagi ulkan yutuqlarimiz bilan javob qaytaramiz. Yangi markaz tez orada tumandagi yigit-qizlarning ikkinchi uyiga aylanadi. 

Yoshlar markazining mental arifmetika bo‘yicha to‘garak murabbiysi Fotima Yo‘ldosheva  bugungi yoshlar nafaqat muayyan kasb egasi, balki qiziquvchan, dunyoqarashi keng bo‘lishi kerakligi, shuningdek,  o‘z o‘quvchilarini xalqaro olimpiadalarga olib chiqishni maqsad qilgan holda ezgu niyatlar bilan ish boshlaganini, kelgusida Zomin tumanida ham xalqaro olimpiadalar g‘oliblari yetishib chiqishini alohida ta'kidladi.

Mavzuga oid