Maktabgacha ta'lim vazirligi ilk bor maktabgacha tayyorlov sertifikatlarini topshirdi
Joriy yilning 27 avgust kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida boshlang‘ich ta'lim oldidan majburiy yillik maktabgacha tayyorlovdan o‘tgan bolalarga ilk guvohnomalarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda Maktabgacha ta'lim vazirligi Bosh boshqarmasi boshlig‘i Shahnoza Mirziyoyeva va Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkatbek Ergashev ishtirok etdilar.
Vazirlik axborot xizmati xabariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-dekabrdagi 999-sonli "Boshlang‘ich ta'limga majburiy bir yillik tayyorgarlikka bosqichma-bosqich o‘tish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq bolalarni maktabga bir yillik majburiy tayyorlash” loyihasi boshlangandi.
Tajribaning dastlabki bosqichi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona viloyati va Toshkent shahrida amalda tatbiq etilib, 11 ming nafar bolani qamrab oldi.
Mazkur dastur maktabgacha yoshdagi maktabgacha ta'lim muassasalariga bormagan bolalar uchun mo‘ljallangan. Loyiha "Ilk qadam" dasturining bir qismi sifatida amalga oshiriladi va maktabda bir yillik majburiy tayyorgarlikni talab qilmaydi.
Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin: “2018 yil dekabr oyida Maktabgacha ta'lim vazirligi bolalarni maktabga majburiy tayyorlash loyihasini amalga oshira boshladi. Bugun biz ilk guruh bitiruvchilariga sertifikatlarni taqdim etdik. Bu dastur haqida loyihaning tajriba bosqichida ishtirok etgan bolalarning ota-onalaridan olingan mulohazalar juda ijobiy bo‘ldi. Ta'kidlab o‘tishim lozimki, maktabga bir yillik tayyorgarlik - bu klassik ma'nodagi faqatgina “o‘rganish” degani emas. O‘qituvchilar qiziqarli o‘yinlar asosida o‘quvchilarni ranglar, notalar, obektlar va atrof muhit hodisalari bilan tanishtiradilar. Bola birinchi sinfga chiqquniga qadar, yomg‘irni do‘ldan, avtobusni mashinadan, sabzavotni mevadan ajrata olish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Bu yoshda bolalar miyasi harakatchan, qiziquvchan va tez qabul qiluvchi bo‘ladi. Shu sababli bola miyasini rivojlantirish, oziqlantirish juda muhim hisoblanadi. O‘quv jarayoni bola yoshiga munosib tarzda qiziqarli, ijodiy tarzda tashkillashtirilgan”.
Ilk bosqich yakunidan so‘ng, vazirlik butun respublika bo‘ylab maktabgacha bir yillik tayyorgarlikni boshlaydi.
Maktabgacha talim tizimini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish 2020 yilda 85.2 foizni va 2021 yilda 100 foizni tashkil qilishi kerak. Toshkentda esa yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.
“Hozirda maktabga tayyorgarlik guruhlariga qabul qilish jarayoni uyma-uy yurib amalga oshirilmoqda. Lekin ota-onalarning o‘zlari ham Maktabgacha ta'lim vazirligining hududiy boshqarmalariga murojaat qilib, tayyorgarlik guruhlaridan joy olish imkoniyatiga egalar. Eslatib o‘taman, davlatga qarashli maktabgacha ta'lim muassasalarining tayyorlov guruhlarida ta'lim olish bepul bo‘lib, bolalarni rivojlantirishga yordam beruvchi o‘yin va o‘yinchoqlari, badiiy adabiyotlar bilan ta'minlangan. Dastur haftasiga 15 soatlik mashg‘ulotlarni o‘z ichiga oladi. Ya'ni bolalarga kuniga 3 soatli mashg‘ulot o‘tiladi. Farzandlarini davlatga qarashli maktabgacha ta'lim muassasalariga berishni istamagan ota-onalar uchun xususiy maktabgacha ta'lim muassasalarida va o‘quv markazlarida maktabga tayyorgarlik ko‘rish imkoniyati ham yaratildi. Buning uchun nodavlat maktabgacha tashkilot mazkur xizmatlarni amalga oshirishi uchun maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan beriladigan sertifikatga ega bo‘lishi kerak. Bunda esa ta'lim kursi narxini xususiy tashkilotning o‘zi belgilaydi”, - deydi Toshkent shahar MTB boshlig‘i Janna Pak.
Kelgusida davlat tomonidan tasdiqlangan sertifikat mavjudligi birinchi sinflarga qabul qilish uchun muhim hisoblanadi. Hozirda ushbu masala O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha talim va Xalq ta'limi vazirligi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilmoqda.
Mavzuga oid
16:18 / 20.04.2021
Samarqanddagi maktabgacha ta'lim tizimida qator noqonuniy holatlar aniqlandi
18:34 / 12.04.2021
Maktabgacha ta'lim sohasida moliyalashtirilmasdan qolgan 241ta DXSh to‘g‘risidagi bitimga mablag‘ ajratiladi
22:56 / 01.04.2021
Qoraqalpog‘istonda bog‘cha tarbiyachilari direktordan norozi bo‘lib avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ydi
10:07 / 20.03.2021