Jamiyat | 10:52 / 29.08.2019
18838
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda ilk bor «Uzum sayli» o‘tkazildi - fotolar

Foto: KUN.UZ

Navoiy shahridagi «Amfiteatr» majmuasi bog‘ida viloyatda ilk bor tashkillashtirilgan «Uzum sayli» o‘tkazildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Ushbu saylda uzum yetishtirish bilan shug‘ullanadigan fermer xo‘jaliklari, mayiz hamda uzumdan tayyorlangan vinochilik mahsulotlari ko‘rgazmasi, uzum shinnisi va murabbolar, poliz mahsulotlari hamda mevalar ko‘rgazmasi namoyishi bo‘lib o‘tdi.

«Uzum sayli»ga bag‘ishlangan rasmlar tanlovi ham alohida o‘rin olgan. Shuningdek, milliy taomlarimizdan «Milliy palov», «sofi osh», «tandir kabob» ham tayyorlandi. Uzumchilikni madh etuvchi terma, o‘lan qo‘shiqlari ham barchaga manzur bo‘ldi.

Ushbu loyihaning maqsadi uzumchilik sohasida eksport tizimini yanada taraqqiy ettirish, uzum yetishtiruvchi bog‘bonlar o‘rtasida so‘nggi yutuqlar va tajribalar almashish, noyob va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va tizimga aloqador xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yishdan iboratdir.

«Uzum sayli»da Qiziltepa, Xatirchi, Nurota, Navbahor, Karmana va Konimex tumanlaridagi uzumchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklari mahsulotlari namoyish etildi.

Maydonga kirgan inson o‘zini xuddi uzumzorda yurgandek his etadi. Uzum saylini targ‘ib etuvchi tarqatma materiallar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

«Uzum sayli»da o‘n mingdan ortiq aholi qatnashgan bo‘lsa, Turkiya davlatidan 40 nafarga yaqin mehmonlar tashrif buyurdi.

Navoiy viloyati hokimligi, viloyat fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashi, qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, madaniyat boshqarmasi, O‘zbekiston badiiy akademiyasi viloyat bo‘limi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi, ma'naviyat va ma'rifat markazi viloyat bo‘limi, Navoiy shahar va tuman hokimliklari ushbu saylni yuqori saviyada tashkil etishda hamkorlik qildilar.

Ushbu saylda arzonlashtirilgan meva, poliz mahsulotlari hamda go‘sht savdosi yo‘lga qo‘yildi.

 

Mavzuga oid