Sport | 16:16 / 02.09.2019
45201
3 daqiqa o‘qiladi

FIFA yilning eng yaxshilarini taqdirlaydi. Nomzodlar e'lon qilindi

«Yuventus» hujumchisi Krishtianu Ronaldu, «Barselona» forvardi Lionel Messi va «Liverpul» himoyachisi Virjiyl van Deyk FIFA talqini bo‘yicha yilning eng yaxshi futbolchisi bo‘lish uchun nomzodlarning yakuniy uchtaligiga kirdi.

«FIFAning yil futbolchisi» uchun topshiriladigan The Best mukofoti — 1991 yildan buyon har yili topshirib kelinayotgan mukofot bo‘lib, 2010 yildan 2015 yilgacha yilning eng yaxshi futbolchisi uchun «FIFA Oltin to‘pi» sovrini topshirilgan, bu sovrin «FIFAning yil futbolchisi» va «Oltin to‘p (France Football)» sovrinlari birlashmasi edi. 2016 yilda FIFA va fransuz nashri hamkorlikni to‘xtatib, mukofotlarni yana alohida holda topshira boshladi.

YeChLning o‘tgan mavsumi g‘olibi bo‘lgan «Liverpul» bosh murabbiyi Yurgen Klopp, qatorasiga ikkinchi mavsum Angliya chempioni bo‘lgan «Manchester Siti» ustozi Xosep Gvardiola va «Tottenhem» bilan YeChLning o‘tgan mavsumida finalga chiqqan Maurisio Pochettino esa FIFA talqini bo‘yicha yilning eng yaxshi murabbiyi bo‘lishga nomzodlarning yakuniy uchtaligiga kirgan.

«FIFAning yil murabbiyi» — 2010 yildan buyon topshirib kelinadigan mukofot. Mukofot FIFA talqini bo‘yicha o‘tgan mavsumning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan mutaxassisga beriladi. Yilning eng yaxshisi ovoz berish yo‘li orqali aniqlanadi.

Bu sovrinni birinchi bo‘lib portugaliyalik mutaxassis Joze Mourino qo‘lga kiritgan, o‘shanda u «Inter»da ishlardi. 2018 yilgi sovrin esa Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi Dide Deshamga berilgan.

Shuningdek, Alison Beker («Liverpul»), Ederson («Manchester Siti») va Andre ter Shtegen («Barselona») FIFA talqini bo‘yicha yilning eng yaxshi darvozaboni bo‘lishga nomzodlarning yakuniy uchligini tashkil etgan.

Taqdirlash marosimi 23 sentabr kuni Milanda bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid