O‘zbekiston | 17:10 / 10.09.2019
62934
4 daqiqa o‘qiladi

«Siz endi O‘zbekistonning «oltin fondi»sizlar» - Toshkentda Prezident maktabi ochildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 sentabr kuni Toshkent shahridagi Prezident maktabiga tashrif buyurdi.

«Barcha sohalarda ilg‘or taraqqiyot yo‘lidan borayotgan va yuksak marralarni qo‘yayotgan yurtimiz uchun har tomonlama yetuk kadrlar kerak. Shu maqsadda davlatimiz rahbari tomonidan qator farmon va qarorlar qabul qilinib, bunga zamin yaratildi. Maktabgacha ta'lim, umumta'lim va oliy ta'lim tizimi mazmunan va sifat jihatidan yangilanib bormoqda.

Mamlakatimizda tashkil etilayotgan Prezident maktablari yangi avlod kadrlarini tarbiyalashda muhim asos bo‘lishi shubhasiz. Chunki bu o‘quv maskanlari iqtidorli bolalarni aniqlash, ilg‘or texnologiyalarni qo‘llagan holda ularga saboq berish va tarbiyalash bo‘yicha yaxlit tizim bo‘ladi. Ta'lim jarayoni rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida olib boriladi.

Shunday maktablarning birinchisi poytaxtimizda foydalanishga topshirildi. 168 o‘ringa mo‘ljallangan maktab binosi va yotoqxona, 15 o‘rinli o‘qituvchilar mehmonxonasi yuksak darajada bunyod etildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Joriy yilda maktabning 5-10-sinflari uchun hujjat topshirgan 7 mingga yaqin o‘quvchidan 144 nafari o‘qishga qabul qilindi. Kanadaning «Teachaway» va Buyuk Britaniyaning «TIC Recruitment» rekruting kompaniyalari bilan hamkorlikda maktabga 30 nafar chet ellik mutaxassis tanlab olindi. Shuningdek, 72 nafar tajribali va malakali mahalliy o‘qituvchi ham jalb qilindi. Ta'limda STEAM yondashuviga oid darslik va o‘quv qo‘llanmalari olib kelindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev maktabda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.

«Bu hayotingizdagi birinchi sinov bo‘ldi. Mehnat, bilim, adolat nima ekanini ko‘rdingiz. Sizlarni shunday nufuzli maktabga munosib bo‘lganingiz bilan chin yuragimdan tabriklayman. Siz endi O‘zbekistonning «oltin fondi»sizlar. Xalqning, mamlakatning buyukligini tarannum etadigan narsalar ko‘p. Lekin eng afzali bilim bilan namoyon etish. Yoshlarimiz orasidan Xorazmiylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar chiqishiga barcha asoslarimiz bor. Bugun tarixiy kun. Ilgari yurtimizda bunday sharoit bo‘lmagan. Endi chet eldan nufuzli mehmonlar kelsa, katta-katta zavodlarni emas, Prezident maktablarini ko‘rsatamiz. Sizlar bilimingiz, yurish-turishingiz, vatanparvarligingiz bilan hamma yoshlarga namuna bo‘lishingiz kerak. Kelgusida O‘zbekiston taraqqiyotiga ta'sir ko‘rsatadigan kuch bo‘lasizlar» - dedi Prezident.

Maktab o‘quvchilari zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish bilan birga milliy o‘zligimizni chuqur anglashi, tariximiz va ona tilimizni mukammal bilishi shartligi ta'kidlandi.

Davlat rahbari pedagoglar bilan ham muloqotda bo‘ldi.

«Yuragimdagi gapimni bilishlaringizni xohlayman: men sizlarga eng katta boyligimni ishonib topshiryapman. Bolalarimizning ko‘zini, bilimini, g‘urur-iftixorini ko‘rib, yo‘limiz to‘g‘ri ekaniga ishonch hosil qildim. Islohotlarimizga, farzandlarimiz tarbiyasiga yelkadosh bo‘lganingiz uchun sizlarga minnatdorlik bildiraman», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘quvchilarning ota-onalari va ilm-fan namoyandalari bilan uchrashuvda O‘zbekistonda uchinchi renessans davri boshlanayotgani ta'kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev Prezident maktabining faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi, maktabning ilk o‘quvchi va o‘qituvchilari bilan suratga tushdi.

Prezident maktablari joriy yilda Nukus, Xiva va Namangan shaharlarida ham ochiladi. 2020 yilda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida, 2021 yilda Andijon, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida qurilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid