O‘zbekiston | 18:50 / 17.09.2019
16387
3 daqiqa o‘qiladi

Agrosanoat inspeksiyasi: o‘zbek paxtasi jahonda kuchli beshlikka kiradi

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Bugun, 17 sentabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Mazkur inspeksiya prezidentning 2019 yil 15 martdagi «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan qayta tashkil etildi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 iyuldagi 575-son qarori bilan tasdiqlangan Inspeksiya Nizomiga binoan paxta xomashyosini davlat tomonidan buyurtma qilish, tayyorlash, alohida qayta ishlash hamda saqlash bo‘yicha talablarga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish vazifasi Inspeksiyaga yuklangan.

Joriy yilning iyul-avgust oylarida Inspeksiya tomonidan 2019 yil paxta hosilini qabul qilish uchun 101ta paxta tozalash korxonalari va 417 tayyorlov maskanlarining mavsumga tayyorgarligi, nazorat qilindi.

Shuningdek, 2019 yil sentabr-noyabr oylarida Inspeksiya tomonidan respublika fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan paxta xomashyosini xarid qilish yuzasidan tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari bajarilishi nazorat qilinadi.

«Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi» davlat unitar korxonasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi 13ta hududiy sinov laboratoriyalari, 101ta paxta tozalash korxonalari qoshidagi sinov laboratoriyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan paxta tolasi, paxta momig‘i va paxta texnik chigitining sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash, ularga hujjatlar rasmiylashtirish hamda ishlab chiqarilayotgan paxta toylari vaznini o‘lchash ishlari amalga oshirilmoqda.

O‘zbek paxtasining jahon bozoridagi hajmi va tola sifati bo‘yicha o‘rni qay darajadaligi, xaridorlar buni qanday baholashi haqidagi savolga inspeksiya huzuridagi Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi paxta mahsulotlarini sertifikatlash idorasi bo‘lim boshlig‘i Zohid Toshmatov javob berdi.

«O‘zbek paxtasi hajm jihatdan kuchli o‘nlikka, tola sifati jihatdan kuchli beshlikka kiradi. Bizda paxta yetishtirish yaxshi rivojlangan va bu dunyo bo‘yicha e'tirof etiladi. Paxtamiz tolasini esa sifati yuqoriligi uchun qo‘shimcha haq to‘lab sotib olishadi. Ammo so‘nggi yillarda paxtaning 90 foizini o‘zimizda qayta ishlashni yo‘lga qo‘ydik, eksportni keskin kamaytirdik», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid