O‘zbekiston | 12:41 / 19.09.2019
7146
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari tadbirkorlik bo‘yicha takliflar bilan chiqdi

Foto: KUN.UZ

18 sentyabr kuni xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 58-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahrida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Sessiyada ma'ruza qilgan Toshkent shahar hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Hotamjon Shokirov tadbirkorlik va biznesni rivojlantirish bo‘yicha bir qator takliflarni ilgari surdi.

Shokirovga ko‘ra, joriy yilning 1 oktyabr sanasidan boshlab Toshkent shahridagi bo‘sh yerlar elektron auksion orqali sotila boshlaydi. Shahar hokimi o‘rinbosari auksion orqali yerni sotish tartibiga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qilmoqda.

“Mavjud tartibga ko‘ra, auksionda ishtirok etish uchun tadbirkorlar 10 kun davomida ro‘yxatdan o‘tishadi, auksion savdosining o‘zi esa bir kun davom etadi. Bunday qisqa muddat yerning real qiymatini yetarli darajada oshirishga imkon qoldirmaydi. Shuning uchun auksion davomiyligini 3 kunga cho‘zish kerak. Auksionga qo‘yiladigan bo‘sh yerlarning boshlang‘ich qiymati yer solig‘ining bir yillik miqdori bilan belgilanib kelingan. Boshlang‘ich qiymat yerning alohida xususiyatlarini inobatga olgan holda Toshkent shahar hokimi tomonidan belgilanishini yo‘lga qo‘yish lozim. Shuningdek, auksionda sotilgan yerlardan tushgan mablag‘ respublika budjetiga yo‘naltiriladi. Ammo poytaxtdagi snos-kompensatsiya masalasini hal qilish uchun katta miqdordagi mablag‘lar sarflanmoqda. Shu bois yer sotuvidan tushgan mablag‘ni shahar budjetiga yo‘naltirishni taklif qilaman”, ─ deydi Shokirov. 

Hokimning birinchi o‘rinbosari norasmiy sektorda ishlayotgan shaxslarning faoliyatini ro‘yxatga olish masalasiga to‘xtaldi.

“O‘z-o‘zini ish bilan band qilayotgan fuqarolarni ish bilan band sifatida rasman ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyotini joriy qilishimiz lozim. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda Toshkent shahrida 285 ming kishi norasmiy sektorda ishlayapti, 95 ming nafar kishi esa ishsiz sifatida qayd etilgan. Ularning aksariyati o‘z uyida o‘zini ish bilan band qilayotgan bo‘lishi mumkin. Masalan, yakka tartibda dars o‘tuvchi repetitorlar, santexniklar, hunarmandlar, enagalar. Muayyan bir dastur ishlab chiqqan holda, ularni mobil ilova orqali rasman ro‘yxatga olsak, ular rasmiy maqomga ega bo‘ladi, ish staji hisoblanadi, keyinchalik pensiya hisoblanishida ham manfaatdor bo‘ladi. Bu mobil ilovada ular o‘zlarining tovar va xizmatlarini reklama qilishini ham yo‘lga qo‘yish mumkin”, ─ deya ta'kidlaydi Shokirov.

Shuningdek, hokim o‘rinbosari norasmiy kirakashlar faoliyatini legallashtirish borasidagi fikrlarini bildirib o‘tdi. 

“Poytaxtda 50 mingdan ortiq kirakash norasmiy faoliyat olib boradi. Ularning ishini taqiqlab qo‘ya olmaymiz, faqat faoliyatini legallashtirish kerak. Aksariyat “Yandeks taksi” xizmati orqali odam tashiyapti. Birinchidan, “Yandeks taksi”ning serveri O‘zbekistonda emas, ma'lumotlar xavfsizligi kafolatlanmagan. Ikkinchidan, bu ilova orqali odam tashiyotganlarning litsenziyasi bor yoki yo‘qligi, salomatligi qay darajada ekanligi haqida ma'lumot yo‘q. Shu bois ularni avtokorxonalarga biriktirib, notarial jihatdan hujjatlarini rasmiylashtirib, har kuni ishga chiqishidan avval tibbiy ko‘rikdan o‘tishi tizimini ishga tushirish lozim”, ─ deydi Hotamjon Shokirov.

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid