Jamiyat | 21:12 / 20.09.2019
13102
2 daqiqa o‘qiladi

Senator: «To‘ylarda qiz tarafga juda katta og‘irlik tushayotgani – ayollarga bog‘liq masala»

«Farg‘onaning ayrim joylarida odamlar to‘y haqida velosipedda ko‘chama-ko‘cha xabar qilib chiqishadi».

To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o‘tkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasining birinchi majlisida senator Enaxon Siddiqova ayrim hududlarda to‘y-hashamlar uchun taklifnoma ham tarqatilmasligini aytib, bu borada hududlarning o‘ziga xosligiga alohida e'tibor berish zarurligini ta'kidladi.

«Masalan, Farg‘onaning ayrim joylarida odamlar to‘y haqida velosipedda ko‘chama-ko‘cha xabar qilib chiqishadi. Mehmonlar ham o‘z navbatida to‘yga mehmon bo‘lish yoki tomosha qilish maqsadida kelishadi. Tabiiyki, bu bitta to‘yda belgilangan me'yordagidan ko‘p odam yig‘ilishini anglatadi», deydi Enaxon Siddiqova.

Bundan tashqari, senator hozirgi to‘ylarda qiz tarafga juda katta og‘irlik tushayotganini ta'kidlab, bu borada asosiy masala ayollarga bog‘liq bo‘lib qolayotganiga urg‘u berdi.

«Shuning uchun komissiya Xotin-qizlar qo‘mitasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda hududlarda tushuntirish ishlarini olib borib, to‘y qiluvchi tomonlarga o‘z majburiyatlarini to‘g‘ri tushuntirishi zarur», deb fikr bildirdi u.

Ma'lumot uchun, «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorga asosan, oilaviy tadbirlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan o‘tkaziladigan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi, qo‘shaloq to‘y-hashamlarda 250 nafargacha, u bilan bog‘liq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi belgilangan.

Mavzuga oid