Jamiyat | 21:57 / 04.10.2019
18206
7 daqiqa o‘qiladi

MTVdan yangi loyiha: «Aqlvoy» mobil MTTlari respublika bo‘ylab yo‘lga chiqdi

Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan 16 ta qayta jihozlangan avtobuslar, bolalar maydonchalari bo‘lgan ikkita avtoturargoh va 2 ta modulli MTT taqdim etildi. Mazkur mobil va modulli maktabgacha ta'lim muassasalari oddiy MTTlarni qurish imkonsiz bo‘lgan chekka qishloq joylari, tog‘li hududlar va borish qiyin bo‘lgan aholi punktlari uchun mo‘ljallangan. 

Ushbu ko‘chma MTTlar taqdimotida maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin so‘zga chiqib, respublika bo‘yicha maktabgacha ta'lim qamrovi yuzasidan ma'lumot berib o‘tdi.

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

«2018 yilda maktabgacha ta'lim qamrovi shu yoshdagi 2 yarim million bolaning  27 foizini o‘z ichiga olgan bo‘lsa, 2019 yilning yanvarigacha bu qamrov 34 foizga yetkazildi. Ayni paytda esa 43 foiz bolalarimiz maktabgacha ta'lim olish imkoniga ega.

Albatta, bu jarayondagi o‘sish o‘z-o‘zidan bo‘lmagan. Sohadagi har bir xodim, har bir pedagog mehr bilan mehnat qilmoqda. Ayni paytda Maktabgacha ta'lim vazirligining oldida turgan eng katta vazifa mamlakatdagi har bir bolani sifatli maktabgacha ta'lim bilan ta'minlashdan iborat», dedi u. 

Vazir tashkilotning ikki yillik faoliyati davomida respublika miqyosida 120 ta yangi davlat MTTlar ochilgani, biroq bu yetarli emasligi haqida ham to‘xtalib o‘tdi. 

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

Uning ta'kidlashicha, Toshkentda shu yoshdagi bolalar maktabgacha ta'lim bilan 80,6 foiz qamrab olingan bo‘lsa, poytaxt va yirik shaharlardan tashqarida bu ko‘rsatkichlar ancha past. MTTga bormaydigan bolalar 90 foizni tashkil etadigan hududlar ham mavjud.

«Albatta, markaziy hududlarda maktabgacha ta'lim olish uchun hamma imkoniyat bor. Biroq chekka hududlardagi bolalar haqida ham qayg‘urishimiz zarur. Ko‘chma va modulli bolalar bog‘chalarining tashkil etilishi mintaqalardagi maktabgacha tarbiya tashkilotlarining kuchli yetishmovchiligini pasaytirish yo‘lidagi muhim qadamdir.

Qurilish - uzoq vaqt talab qiladigan va qimmatga tushadigan jarayon bo‘lib, ba'zi joylarda elektr va kanalizatsiya bilan bog‘liq muammolar, shuningdek, bolalarning yetarlicha bo‘lmasligi sababli bu jarayon hozircha imkonsiz. Bundan tashqari, sifatli ta'lim ham talab etiladi, axir maktabgacha ta'lim yoshidagi bolada aqliy faollikka bo‘lgan ehtiyoj keskin ortadi», - deya maktabgacha ta'lim vazirining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

Tashkilotchilarning ma'lumotiga ko‘ra, rekord darajadagi qisqa vaqtda joriy etilishidan tashqari, maktabgacha ta'limning bu kabi muqobil shakllari kamroq xarajat talab qilishi bilan ham ajralib turadi.

Uzoq va chekka hududlarda juda ozchilikni tashkil etuvchi bolalar uchun oddiy MTT qurishdan ko‘ra, 7 ta modulli yoki 7 harakatlanuvchan (avtobuslar yordamida) MTTlarni joriy etish o‘sha hududlarda yashovchi bolalarni maktabgacha ta'lim bilan tezroq qamrashga ko‘mak beradi. 

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi
Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

MTV Maktabgacha ta'lim sohasi siyosatini shakllantirish va yuritish bosh boshqarmasi  va «O‘zavtosanoat» AJ tomonidan amalga oshirilgan ushbu ko‘chma MTTlar 16 ta qayta jihozlangan avtobus, bolalar maydonchalari bo‘lgan ikkita avtoturargoh va 2 ta modulli MTTdan iborat.

Isuzu HC 40 rusumli avtobuslar asosidagi MTTlar belgilangan yo‘nalish bo‘ylab harakatlanadi. Ko‘chma guruhlarda bo‘lish muddati esa 3 soatdan oshmaydi va 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan maksimal 16 nafar bola bir paytning o‘zida qamrab olinadi. Darslarni barcha tarbiyalanuvchilar uchun qiziqarli qilish maqsadida MTV mutaxassislari tomonidan turli yoshdagi guruhlar uchun maxsus dasturlar ishlab chiqilgan, o‘qituvchilar esa tegishli tayyorgarlikdan o‘tkazilgan.

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi
Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi
Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

O‘quv-tarbiyaviy jarayon ikki smenada, majburiy ovqatlanishsiz, lekin yengil tamaddini isitish imkoniyati bilan amalga oshiriladi. Mashg‘ulotlarning katta qismi ochiq havoda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Buning uchun yo‘nalishning har bir nuqtasida chodir, to‘siqlar, o‘rindiqlar, tepaliklar, arg‘imchoqlar, o‘yin uychalari va qum maydonchasi bilan jihozlangan avtoturargoh bo‘ladi.

Bundan tashqari, modulli maktabgacha ta'lim tashkilotlari bir-biriga bog‘langan to‘rtta dengiz konteynerlaridan iborat. Asosiy joy bolalar mebellari, o‘yinchoqlari va o‘quv materiallari bilan jihozlangan mashg‘ulot va o‘yin maydoni uchun ajratilgan. To‘liq kunlik guruhlar uchun yengil bo‘lgan, yig‘iluvchi krovatlar ham mavjud.

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

Mobil MTTlar loyihasi respublika bo‘yicha 44 ta manzildagi 2 ming nafar bolakayni qamrab oladi. Shuningdek, ular barcha zarur narsalar bilan jihozlangan: hojatxona, issiq va sovuq suv ta'minoti, tayyor ovqatni isitish uchun oshxona, konditsionerlar shular jumlasidan. Avtobuslarning tom qismiga quyosh batareyalari o‘rnatilgan. 

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

Mazkur mobil va modulli MTTlarda ta'lim olish bepulligi bilan ham aholiga ancha qulaylik yaratishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, ushbu pilot loyiha doirasida kichik aholi punktlarida konteynerlardan iborat bo‘lgan MTTlar paydo bo‘ladi. Modulli MTTlarni qurish ishlari atigi ikki oyni tashkil etadi, bu odatiy binoning qurilishidan ancha tezroq. Ularning maydonini qo‘shimcha bloklar yordamida osongina kattalashtirish yoki qismlarga ajratib, yangi joyga ko‘chirish mumkin.

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi
Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

«Bu loyihaning nomi ham ramziy: «Aqlvoy». Biz bu nom ustida uzoq o‘yladik. Va aytishimiz mumkinki, bu vazirligimizning birinchi qaldirg‘och avtobuslari, ular jamiyatga bilimli bolalarni tarbiyalab berish uchun butun respublika bo‘ylab yo‘lga tushadi», deya ta'kidladi Agrippina Shin. 

 

Mavzuga oid