Jamiyat | 21:28 / 05.10.2019
19675
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov hibsga olinmaganligini bildirdi

5 oktabr kuni xorazmlik jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov tush vaqtida o‘z ishi bilan «Ipoteka bank» ATB Urganch shahar filialiga kelganida bank oldida tanishi Kamolat Umarova bilan uchrashib qoladi. Ular bundan bir yil oldingi o‘zaro pul oldi-berdisi masalasida janjallashib ketishadi.

Xabarga asosan shu hududda faoliyat yurituvchi profilaktika inspektori N.Matyakubov voqea joyiga yetib keladi hamda o‘zaro kelishmovchilikni bartaraf qilish va huquqbuzarlikning oldini olish maqsadida, ular Urganch shahar IIO FMB 3-son IIBga qarashli 16-sonli tayanch punktiga olib kelinadi. 

K.Umarova D.Ro‘zmetov uni haqorat qilganligini, unga nisbatan qonun doirasida chora ko‘rib berishni so‘rab ariza yozib bergan va arizaga asosan D.Ro‘zmetov, K.Umarova va holatga guvoh bo‘lgan boshqa shaxslardan tushuntirish xatlari olingan va D.Ro‘zmetov soat 15.30larda IIB tayanch punktidan chiqib ketgan.

Shuningdek, holat yuzasidan Xiva tumani, Oqyop qishlog‘i, Oqyop mahallasida yashovchi fuqarolar B.Vaisov, S.Vapayev va D.Otanazarovalardan tushuntirish xati olingan va ular o‘z tushuntirish xatida D.Ro‘zmetov va K.Umarovalarning o‘zaro janjallashganligini ko‘rganligini bildirishgan.

Hozirgi vaqtda K.Umarovaning arizasi bo‘yicha Urganch shahar IIO FMB 3-son IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Bosh prokuraturaning ma'lum qilishicha, D.Ro‘zmetov ushlab turilmagan va unga nisbatan qamoqqa olish yoki boshqa jazo choralari qo‘llanilmagan.

Avvalroq xorijiy OAVda jurnalist D.Ro‘zmetov hibsga olinganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi.

Mavzuga oid