Jamiyat | 17:09 / 08.10.2019
45095
10 daqiqa o‘qiladi

Nega talabalar «proyezdnoy»siz qoldi?

Oktabr oyi Toshkentda tahsil oladigan talabalar uchun yodda qolarli bo‘ldi ─ «proyezdnoy» yo‘q.

Chegaralangan moliyaviy resurslar asosida yashaydigan talaba ahli uchun oy davomida transportdan imtiyozli tarzda foydalanish imkonini beradigan proyezdnoy ─ oylik yo‘l chiptasi suv va havo kabi zarur.

Joriy yilning oktabr oyida esa talabalar uchun mo‘ljallangan oylik yo‘l chiptasini topish muammoga aylandi. O‘zim talaba bo‘lganim uchun bilaman, agar talabaning o‘zi hafsalasizlik, beparvolik qilib, juda kech harakatga tushib qolmasa, oyning 10-sanalarida ham «proyezdnoy» bemalol topilardi. Ammo bu gal vaziyat boshqacha bo‘ldi: sentabr tugar-tugamas, chipta sotiladigan shoxobchalarda «T» proyezdnoy yo‘q» degan yozuv paydo bo‘ldi, talabalarning sarson bo‘layotgani keng muhokama qilindi.

«Toshshahartransxizmat» AJ axborot xizmatining ma'lum qilishicha, bunday holat yuzaga kelganining muayyan sabablari mavjud. Tahlillarga ko‘ra, joriy oyda talabalar oylik yo‘l chiptasiga talabning keskin ortib ketishiga oliy ta'lim muassasalarida o‘qishga qabul qilish kvotalari oshirilgani, qo‘shimcha o‘rin asosida talabalar qabul qilingani sabab bo‘lgan. Shuningdek, yo‘l haqi tariflari oshgani (1200 so‘mdan 1400 so‘mga), shu bilan birgalikda oylik yo‘l chiptalari narxi o‘zgarishsiz qolgani ham bu turdagi oylik yo‘l chiptasiga talab keskin yuqorilashiga sabab bo‘lgan.

«Bir oyda umumiy hisobda o‘rtacha 70 mingta oylik yo‘l chiptasi sotuvga chiqariladi. Umumiy oylik yo‘l chiptalarining qariyb 29 mingtasi talabalar uchun mo‘ljallangan. Sentabr oyida bu chiptalarning 82 foizi sotilgan. Oylik yo‘l chiptalarini topish katta muammoga aylangan oktabr oyida ham talabalar uchun jami 29 mingta ─ 15 mingta «T» seriyali (faqat avtobus uchun), 14 mingta «TM» seriyali (avtobus va metro uchun) chipta chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan oyning mos davri, ya'ni 2018 yilning oktabr oyi uchun chiqarilgan chiptalardan 7500taga ko‘pdir. Shunga qaramay, oy avvalida proyezdnoyga bo‘lgan talab to‘la qondirilmagani bois, 7 oktabr kuni qo‘shimcha yana 2500ta oylik yo‘l chiptasi muomalaga chiqarildi. Yuqorida keltirilgan omillarni inobatga olgan holda, noyabr oyidan 90 ming dona oylik yo‘l chiptasini savdoga chiqarish rejalashtirilgan», ─ deyiladi «Toshshahartransxizmat» AJ axborotida.

Ya'ni limit talabdan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, bir oyda aholi tomonidan o‘rtacha 60 752ta oylik yo‘l chiptasi xarid qilinadi. Transportdan foydalanuvchilarning 47,8 foizini oylik yo‘l chiptasini qo‘llovchi aholi tashkil etadi.

Joriy oyda oylik yo‘l chiptasi taqchilligi kuzatilgani bilan bog‘liq holda aholi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda quyidagicha fikr va takliflar ilgari surildi:

─ barcha jamoat transportlarida elektron to‘lov tizimini joriy qilish lozim;

─ talaba, nogiron va nafaqaxo‘rlar uchun oylik yo‘l chiptasi sezilarli darajada arzonroq bo‘lgani bois mazkur toifaga kirmaydigan shaxslar ham soxta guvohnoma olib, shu chiptalardan foydalanishi holatlari mavjud;

─ o‘qishga qabul qilingan birinchi kurs talabalariga OTM rahbariyati tomonidan «talabalik guvohnomasi» berilgunga qadar bir-bir yarim oy vaqt o‘tadi, bu davrda esa ularning imtiyozli oylik chiptalardan foydalanishida muammolar yuzaga keladi, chiptachilar tomonidan e'tirozlar bildiriladi;

─ oylik yo‘l chiptalarning faqatgina to‘liq 30-31 kun uchun emas, balki 10, 15, 20 kun uchun ham mo‘ljallangan turli variatsiyalarini yo‘lga qo‘yish lozim.                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                          

Ma'lumot uchun, oylik yo‘l chiptalarining amaldagi qiymati quyidagicha:

Faqatgina avtobusdan foydalanish uchun:

N (nafaqador va nogironlar uchun) ─ 60 ming so‘m;

T (talabalar uchun) ─ 60 ming so‘m;

O' (o‘quvchilar uchun) ─ 60 ming so‘m;

AV (umumiy aholi uchun) ─ 120 ming so‘m.

Avtobus va metrodan foydalanish uchun:

NM (nafaqador va nogironlar uchun) ─ 83 ming so‘m;

TM (talabalar uchun) ─ 83 ming so‘m;

O'M (o‘quvchilar uchun) ─ 83 ming so‘m;

AVM (umumiy aholi uchun) ─ 166 ming so‘m.

Saodat Abdurahmonova tayyorladi

Mavzuga oid