Jahon | 18:01 / 13.11.2019
17952
6 daqiqa o‘qiladi

«Adliya uyidan gapiramiz»: gruziyaliklar davlat xizmatlaridan qanday foydalanadi?

Gruziyadagi Adliya uyida mashinadan tushmasdan ham ishni bitirish mumkin. Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun alohida moslashtirilgan bo‘lim xizmat ko‘rsatadi.

Gruziyada aholi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun Public Service Hall ─ Adliya uyiga murojaat qiladi. Bu – O‘zbekistonda yagona darcha formati asosida ishlovchi Davlat xizmatlari agentligining gruzincha muqobili. Faqat undagi xizmat ko‘rsatish mexanizmlari sifat va shakl nuqtayi nazaridan farq qiladi.

tourister. ru

Kun.uz muxbiri Gruziya Adliya uyining poytaxt Tbilisida joylashgan filialidagi ish jarayoni bilan tanishdi.

Bir joyning o‘zida 450dan ziyod xizmat

Adliya uyi bir qator davlat xizmatlarini bir binoda ko‘rsatishni maqsad qiladi. Bu idorada Gruziya notariuslar palatasi, Ommaviy reyestr milliy agentligi, Fuqarolik reyestri agentligi, Milliy arxiv, Ijro bo‘yicha milliy byuro kabi organlar jamlangan.

Bitta binoning o‘zida sug‘urta, mol-mulkni rasmiylashtirish, arxivdan foydalanish, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, fuqarolik olish, notarial xizmatlar, oldi-sotdi kabi jami 450dan ziyod davlat xizmatlaridan foydalanish mumkin.

Tbilisidagi markazning o‘zida bir kunda o‘rtacha 10 ming murojaatchiga, butun mamlakat bo‘yicha jami 25 mingga yaqin fuqaroga turli shaklda xizmat ko‘rsatiladi. Adliya uyining bitta filialida 300 nafargacha personal faoliyat ko‘rsatadi. Xizmat turidan kelib chiqqan holda ular bepul yoki muayyan to‘lov asosida bo‘lishi mumkin. Xizmatlar gruzin, rus va ingliz tillarida ko‘rsatiladi.

Minimum vaqt sarfi, maksimal sifat

Adliya uylarida vaqt sarfini minimallashtirish, operativlikka katta e'tibor qaratilgan. Mijoz uch xil formatda xizmatlardan foydalanishi mumkin.

O‘ziga-o‘zi xizmat ko‘rsatish. Self-service kabinalarida mijozlar avtomatlashtirilgan tizimdan mustaqil tarzda foydalanib, kerakli amallarni o‘zlari bajarishi mumkin. Masalan, pasport uchun biometrik foto, pul o‘tkazmalarini qabul qilish, masofaviy to‘lovlarni amalga oshirish kabi ishlarni mijozning o‘zi bajarishi mumkin.

Tezkor xizmat ko‘rsatish. Ishini tezroq bitirishni istovchi murojaatchilarga bu bo‘limda 2-3 daqiqa ichida kerakli xizmat ko‘rsatiladi. Bu yerdagi operativlik hisobiga xizmat uchun to‘lovlar qiymati oddiy xizmatlarga qaraganda yuqoriroq.

Davomiy xizmat ko‘rsatish. Bu bo‘limda murojaatchilar xizmatlarni o‘z belgilangan narxida, faqatgina muayyan vaqt kutish asosida olishlari mumkin. Bunda ham xizmat ko‘rsatish vaqti o‘rtacha 7-8 daqiqadan oshmaydi.

Adliya uyidagi operativlikning asosiy sabablaridan biri hujjatlar almashinuvining avtomatlashtirilganidir. Murojaatchi faqatgina shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan kelsa kifoya, qolgan barcha kerakli hujjat va axborotlar ochiq ma'lumotlar elektron bazasidan olinadi. Kerakli hujjatga so‘rov yuborilganda, u konvertda maxsus qurilma orqali sanoqli soniyalarda yetkaziladi.

Korrupsiya ehtimoli juda past

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda tanish-bilishchilik, pora oldi-berdisiga yo‘l qo‘yilmasligi uchun front (front) va bek (back) ofis tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ya'ni fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish uchun alohida, bu murojaatlarni ishlab chiqish uchun alohida xodimlar biriktirilgan. Murojaatlar o‘rganilayotganda shaxsiy manfaatlarning aralashuvi uchun imkon qoldirilmagan. 

Sifat ko‘rsatkichi doim nazoratda

Adliya uyida xizmat ko‘rsatish sifatini doimiy ta'minlash uchun «Mijozlar ovozi» tizimi (Voice of customers) yo‘lga qo‘yilgan. Fuqarolar markazlarda xizmat ko‘rsatish tizimi bo‘yicha o‘z fikr va e'tirozlarini yozib qoldirishadi. Bu fikrlar Sifatni nazorat qilish bo‘limi tomonidan doimiy o‘rganib boriladi.

Har bir xodimning oldida kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Bu xizmat ko‘rsatish sifatini baholash hamda turli ziddiyatli holatlar yuzaga kelganda obektiv holda yechim topish uchun yo‘lga qo‘yilgan.

Alohida xizmatlar

Adliya uyining filiallarida jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun alohida sharoit yo‘lga qo‘yilgan. Bu bo‘limda fuqarolar kerakli amaliyotlarni bajara olishlari uchun yordamchi xodimlar biriktirilgan. Ko‘rish qobiliyatida muammosi borlar uchun maxsus harakatlanish yo‘lakchasi mavjud.

Adliya uyida aholi ancha gavjum. Elektron navbat joriy etilgan, kutuvchilar uchun bepul Wi-Fi bor. Yosh bolali fuqarolarga yengillik yaratish maqsadida bolalar uchun o‘yin maydonchasi ham tashkillashtirilgan.

Adliya uyi binosida Just Cafe mavjud bo‘lib, turli xizmatlar amalga oshirilgunga qadar mijozlar yengil tamaddi qilib olishlari mumkin. Xizmat amalga oshirib bo‘lingan fursatni o‘tkazib yubormaysiz – telefoningizga xabar avtomatik tarzda yuboriladi. 

Mashinadan tushishga ham hojat yo‘q

Adliya uyidagi asosiy qulayliklardan yana biri ─ Just Drive tizimi. Binoning tashqi yon qismida alohida oynalardan operatorlar xizmat ko‘rsatadi. Bu yerda siz o‘z avtoulovingiz bilan yaqinlashib, kerakli xizmatdan foydalanishingiz mumkin. Mashinadan tushish ham shart emas.

Diqqatni tortadigan jihati– mahalliy aholi vakillari shahar mehmonlariga Tbilisini tanishtirish chog‘ida Adliya uyini alohida e'tirof bilan tilga oladi, u haqida gapirib bergisi keladi. Katta ehtimol bilan, bu aholining Adliya uyida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatidan mamnunligi tufaylidir.

Saodat Abdurahmonova

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid