O‘zbekiston | 07:59 / 20.11.2019
23292
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda tartibga solinadigan tariflarni erkinlashtirish boshlanadi

O‘zbekistonda tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni inflatsiya maqsadlariga ta'sirini hisobga olgan holda erkinlashtirish grafigini ishlab chiqiladi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan “Inflyatsion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish orqali pul-kredit siyosatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonda aytilgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2020 yilning 1 fevraliga qadar Energetika vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-2021 yillarda tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni inflatsiya maqsadlariga ta'sirini hisobga olgan holda erkinlashtirish grafigini ishlab chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi.

Bundan tashqari, umumiy fiskal balans taqchilligini 2022 yilda 1,5 foizdan oshmaydigan darajagacha bosqichma-bosqich kamaytirishni ta'minlash, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining belgilangan parametrlar doirasidagi qat'iy ijrosini, shuningdek, Markaziy bank bilan birgalikda soliq-budjet va pul-kredit siyosati muvofiqligini ta'minlash nazarda tutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi Moliya vazirligi va Markaziy bank bilan birgalikda 2020 yilning 1 iyuliga qadar norezidentlarga moliya bozoriga kirishga ruxsat berish shartlari, mexanizmlari va muddatlari bo‘yicha takliflarni yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarini bartaraf qilishning aniq mexanizmlari va instrumentlarini ishlab chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid