O‘zbekiston | 20:02 / 24.11.2019
11971
1 daqiqa o‘qiladi

Orenburg oblastidagi avtohalokatda O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari halok bo‘ldi  

Rossiyaning Orenburg oblastida yuk mashinasi va mikroavtobusning to‘qnashuvi oqibatida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari halok bo‘ldi. Bu haqda oblast ichki ishlar bosh boshqarmasida ma'lum qilindi. 

Avtohalokat 24 noyabrda Moskva vaqti bilan 4:10da Orenburg-Akbulak avtomobil yo‘lining 15-kilometrida, Chistiy posyolkasi yaqinida yuz bergan. 

Mikroavtobusda O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari bo‘lgan. Yo‘l-transport hodisasiga Hyundai mikroavtobusining qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib, Scania yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketishi sabab bo‘lgan. YTH oqibatida 6 kishi, jumladan, mikroavtobus haydovchisi va 6 yoshli bola halok bo‘lgan. Yana 3 kishi jarohat olgan, ulardan 2 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda.

“Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, mikroavtobusda O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari bo‘lgan”, deb ma'lum qilingan xabarda. 

Ta'kidlanishicha, yuk mashinasida Qozog‘iston davlat raqami, mikroavtobusda esa Rostov raqami bo‘lgan. 

Voqea yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va boshqa tafsilotlar o‘rnatilmoqda.

Mavzuga oid