Sport | 18:53 / 30.11.2019
26177
3 daqiqa o‘qiladi

Samvel Babayan: «Xitoyning «Changchung Yatay» klubida ish boshlayman»

Foto: Tribuna.uz

«Lokomotiv» bosh murabbiyi Samvel Babayan Superliga 26-turidan o‘rin olgan «Paxtakor»ga (0:0) qarshi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida faoliyatini Xitoyda davom ettirishini e'lon qildi. 

«Bu o‘yinni hamma qiziqish bilan kutgan edi. Afsuski u turnir jadvali nuqtai nazaridan ahamiyatga ega bo‘lmadi. Ammo jamoalar durang o‘ynagan bo‘lsa ham, menimcha bahs muxlislarga yoqdi. Yigitlardan minnatdorman, ular yaxshi o‘yin namoyish qilishdi.

Rasman e'lon qilaman. Bugun «Lokomotiv»dagi so‘nggi o‘yinim bo‘ldi. Mavsumni qanday baholayman? Albatta ijobiy. Chunki men ajoyib, professional futbolchilar bilan ishladim, biz oldinga qarab harakatlanadigan jamoa tuzdik. 

Ertaga Xitoyning «Changchung Yatay» klubida ish boshlayman. Afsuski jamoa Xitoy Superligasidan tushib ketgan. Ular meni 2016 yilda ham taklif qilishgandi. O‘sha paytda jamoa Chempionlar Ligasi darajasida edi. Ammo ularga rad javobini berdim, chunki milliy jamoani tark etolmasdim.

Uch hafta oldin ulardan yana taklif oldim. Muzokara o‘tkazib, o‘z falsafamni tushuntirdim. Ular mening «Paxtakor», milliy jamoa va «Lokomotiv»dagi ishim haqida tasavvurga ega. Bu chorlov nafaqat men uchun, balki mamlakat uchun ham muhim. Chunki ilk marotaba o‘zbekistonlik mutaxassis xorijga ishga chaqirilmoqda. Bu chempionatda mashhur murabbiylar ishlagan – Benites, Pellegrini, Lippi. Men u yerga Babayan sifatida emas, balki vatan, madaniyatimiz, murabbiylar maktabi vakili sifatida boryapman. Shu tufayli ham taklifni qabul qildim.

«Lokomotiv» bilan shartnoma imzolaganimda, agar xorijdan taklif bo‘lsa, qo‘yib yuborishlarini iltimos qilgandim. Chunki, xorijda ishlash har doim orzum bo‘lgan. U amalga oshdi. 

Latviyada («Spartak Yurmala» klubida) ishim yurishmadi. Chunki litsenziya va boshqa hujjatlar bilan bog‘liq muammolar bo‘ldi. Vaholanki, men Yevropa Chempionlar Ligasida ishlagan osiyolik birinchi murabbiy bo‘ldim.  

Orzum amalga oshganidan faxrlanaman. O‘z shtabim bilan Xitoyga yo‘l olaman. Ular – Jurjyevich, Kolosovskiy, Galich va Mayramov. Va yana o‘zbekistonlik tarjimonni ham olib ketamiz.

«Lokomotiv» futbolchilarini Xitoyga olib ketamanmi? Gap shundaki, Xitoy ikkinchi divizionida uch nafar legionerga ruxsat bor. Shu tufayli ular asosan hujumchilarni olishadi. Ertaga Xitoy klubi rahbariyati bilan uchrashib, Superligaga chiqishga yordam beradigan legionerlar masalasini muhokama qilamiz», - deb Babayan so‘zlarini keltirmoqda Tribuna.uz muxbiri.

Mavzuga oid