Uy va yarim umr: qay biri qimmatroq? O‘zXDPning taklifi qanday?
Odamlarimiz o‘zi, oilasi va farzandlari uchun qulay uy-joy qurmaguncha yoki unga ega bo‘lmaguncha halovat topmaydi. O‘zbek oilasi, bola-chaqasi bilan ijarama-ijara ko‘chib yurishni, “qirqqa kirib ham o‘z uyiga ega bo‘lmaslik”ni qabul qila olmaydi.
Xalq demokratik partiyasi ehtiyojmand fuqarolarni turar joy bilan ta'minlash bo‘yicha yangi takliflar bilan chiqyapti.
Afsuski, bugungi sharoitda orzu-havasdagidek uy-joy qurish, uni sotib olish ko‘pchilik oilalar uchun jiddiy muammoga aylanmoqda. Qurilish mollarining narxi qimmatligi tufayli uy ko‘tarish, yangidan qurilgan, zamonaviy yoki arzonlashtirilgan uylarni sotib olish ham nihoyatda qimmatga tushmoqda. Oqibatda ayrim yoshlar uy-joyi yo‘qligi, ota-onasi unga sharoit yaratib berolmayotgani uchun oila qurishga hadiksiramoqda. Ko‘plari boshpana uchun pul to‘plash maqsadida og‘ir mehnatlarni qilishga, chet ellarda ishlashga, yemay-ichmay misqollab pul yig‘ishga majbur bo‘lmoqda. Tayinli uy-joyi yo‘qligi tufayli qator yosh oilalar buzilib ketmoqda.
Xalq demokratik partiyasi uy-joy qayg‘usida yurgan yurtdoshlarimizning muammolarini yaxshi tushunadi va bu masalada mamlakatimizda yangicha tizim joriy etish, ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlari cheklangan kishilarning manfaatlarini himoyalash zarur, degan tashabbusni ilgari suryapti.
Vaziyat shundayki, ayrim, balki ko‘proq kishilar butun umr topgan-tutganini o‘zi va farzandlari uchun uy-joy qilishga sarflaydi. Hammasiga ega bo‘lganda esa kuchini, sog‘lig‘ini yo‘qotgan bo‘ladi.
Joylarda mutasaddilar bilan o‘tkazilayotgan sayyor qabullar chog‘ida ham uy-joy muammolari bo‘yicha ko‘plab murojaatlar bo‘lmoqda.
Shuni inobatga olgan holda xalqimizni, birinchi navbatda, yoshlar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam arzon va sifatli uy-joyga ega bo‘lishi nihoyatda dolzarb vazifadir.
Bu yo‘nalishda aholini ijtimoiy himoyalashni kuchaytirish qaysi moddiy manbalar asosida amalga oshirilishini belgilash zarur. Buning uchun quyidagi chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etish lozim:
1. Dunyoning qator rivojlangan davlatlarida “hashamat solig‘i” mavjud. Hashamatli ipoteka uylarini qurayotgan kompaniyalar va tijorat banklari daromadidan majburiy ajratmalar olib qolish tartibini qonunan joriy etish mumkin. Bu mablag‘lar maxsus fondlarga yo‘naltirilib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, uy-joyi yo‘q, yashash sharoiti juda og‘ir ayollar, “Mehribonlik” uylarida tarbiyalangan shaxslar uchun arzon uy-joy qurishga sarflash ko‘zda tutiladi.
2. Muayyan oylik daromadga ega bo‘lgan, ammo joylarda qurilayotgan uy-joylarni ipoteka krediti asosida xarid qilish uchun dastlabki badal pulini to‘lashga qurbi yetmaydigan oilalar, yoshlar uchun uyni dastlabki badalsiz sotib olish imkoniyatini yaratish lozim.
3. Ijara asosida yashayotgan aksar oilalar va yoshlarning uy sotib olishga qurbi yetmaydi. Shu bilan birga, ular topgan daromadining katta qismini uy-joy ijarasi uchun sarflaydi. Tabiiyki, bu ularning yaqin kelajakda o‘z uyiga ega bo‘lish imkoniyatini yanada kamaytiradi. Shu bois arzon uylarni olishga, ijara asosidagi kvartiralarda turishga moddiy imkoniyati yetmaydigan fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida ijara asosida foydalanishga mo‘ljallangan munitsipial uylarni qurish bugungi davr talabidir.
Munitsipal uy-joylar dunyoning ko‘plab rivojlangan davlatlarida mavjud bo‘lib, ular qulay, ixcham, zamonaviy va ijara to‘lovi arzonligi bilan ajralib turishi lozim. Bunday uylarni mavjud talab asosida mamlakatning barcha tuman va shaharlarida qurish, shu orqali aholining ishlash, o‘qish va yashash uchun o‘zi istagan joyga bemalol ko‘chib o‘tishiga qulay sharoit yaratish lozim.
Yashashida va uy-joy masalasida halovati bo‘lmagan inson o‘zini baxtli his etmasligidan tashqari, hech bir sohada yoki ishda muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Biz aholining uy-joy masalalari bilan bog‘liq og‘riqli muammolarini hal etib berish lozim, deb hisoblaymiz.
Har doim xalq manfaatlari himoyasi haqida o‘ylaydigan Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodlarga ovoz bering!
Durbek Xudoyqulov,
Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi sektor mudiri
Mavzuga oid
13:38 / 06.09.2021
Maqsuda Vorisova Xalq demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqlandi
16:00 / 04.09.2021
Talaba o‘qisinmi yoki ijaraga pul topsinmi?!
18:12 / 02.09.2021
Maqsuda Vorisova mandat kechikayotgani haqida: Davlat test markazi izoh berishi shart!
14:00 / 05.07.2021