O‘zbekiston | 11:43 / 07.12.2019
4096
4 daqiqa o‘qiladi

Qurilishni boshlash haqida xabarnoma yuborish qanday amalga oshiriladi?

Qurilish-montaj ishlarini boshlash haqida xabarnoma yuborish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 1 martdan boshlab qurilishga ruxsatnoma olish o‘rniga faqat uni boshlash haqida xabar beriladigan bo‘ldi. Bu mulkchilik shaklidan va moliyalashtirish manbalaridan, qurilish-montaj ishlari olib borilayotgan yer uchastkasi maydonlaridan qat'i nazar, qurilish-montaj ishlarining barcha turlariga taalluqlidir.
 
Quyidagilar uchun xabarnoma yuborish talab etilmaydi:

• yakka tartibdagi uy-joy qurilishi obektlari, qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uy-joy qurilishi rejasiga kiritilgan obektlardan tashqari;
• turar joy toifasidan noturar joy toifasiga o‘tkazilayotgan xonalar;
• mavsumiy ishlar va yaylov chorvachiligi uchun vaqtinchalik inshootlar va maishiy xonalar;
• mobil aloqa stansiyasi montaji;
• ishlayotgan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini o‘zgartirishni talab etmaydigan kichik o‘lchamdagi (300 kub metrdan ortiq bo‘lmagan) alohida qurilayotgan obektlar;
• konni kavlash ishlari;
• texnologik resurslari ishlatib bo‘lingan va obektni rekonstruksiya qilish yoki ixtisoslashtirish talab etilmaydigan texnologik hamda muhandislik uskunalarini ta'mirlash va almashtirish.
 
Boshqa holatlarda qurilish-montaj ishlarini xabarnoma yubormasdan amalga oshirish taqiqlanadi. Xabarnoma Qurilish vazirligining qurilish sohasida nazorat bo‘yicha hududiy inspeksiyalariga yuboriladi. Xabarnomani yuborish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etadi yoki YaIDXPdagi interaktiv xizmatlardan foydalanish mumkin.
 
Xabarnoma yuborishdan oldin qurilish inspeksiyasi tomonidan nazorat funksiyalarini amalga oshirish uchun ommaviy oferta bilan tanishiladi. Xabarnoma majburiy tartibda ERI bilan imzolanishi lozim. Markazga kelganlar shu joyning o‘zida raqamli imzoni olishi mumkin.
 
Xabarnoma yuboruvchilarda ERIsi mavjud emasligi yoki uni olishning rad etilganligi, xabarnomada noto‘g‘ri ma'lumotlar ko‘rsatilishi, ofertani qabul qilmaslik davlat xizmati ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi. Davlat xizmatlari ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish qat'iyan taqiqlanadi. Bundan tashqari, xabarnoma yuboruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega.
 
O‘zi kelib murojaat etganda Davlat xizmatlari markazlari xabarnoma to‘ldirilgan vaqtdan boshlab 10 daqiqa mobaynida ularni inspeksiyaga yuboradi, YaIDXP orqali murojaat qilinganda esa xabarnoma avtomatik tarzda yuboriladi. Inspeksiya xabarnoma kelib tushgan vaqtdan boshlab 1 soat mobaynida summa va bank rekvizitlarini ko‘rsatilgan hamda o‘z ERIsi bilan tasdiqlangan invoysni yuboradi. Xabarnoma yuboruvchiga invoysda ko‘rsatilgan summani to‘lashi uchun 10 kun beriladi.
 
Xabarnomada ko‘rsatilgan obektlarda shaharsozlik me'yorlari va qoidalariga rioya etilishi yuzasidan tanlash yo‘li bilan nazorat o‘rnatiladi. Shartlar o‘zgargan taqdirda (ish bajaruvchilarining, obektda texnik va mualliflik nazoratini amalga oshiradigan shaxslar almashishi, litsenziyaning amal qilish muddati tugashi, loyiha yechimlaridagi sezilarli o‘zgarishlar va h.k.), 10 kun mobaynida qo‘shimcha xabarnoma yuborilishi kerak. Shartlardagi o‘zgarishlar invoysda ko‘rsatilgan summa miqdorining o‘zgarishiga olib kelsa, qayta hisob-kitob amalga oshiriladi.
 
Xabarnoma yuborish bo‘yicha xizmatlar bepul - xizmatlar ko‘rsatish uchun yig‘im undirilmaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid