Jamiyat | 08:51 / 08.12.2019
72928
2 daqiqa o‘qiladi

Abduvali Qutbiddin vafot etdi

Bugun, 8 dekabr kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli shoir Abduvali Qutbiddin 59 yoshida Toshkent shahrida vafot etdi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Abduvali Qutbiddin betobligi sabab, ikki haftadan ortiq vaqt davomida shifoxonada bo‘lgan.

Janoza bugun, 8 dekabr kuni marhumning ota yurti Samarqand viloyatining Urgut tumani, Mergancha mahallasida soat 14:00da o‘qiladi va Urgutning So‘fiyon mahallasidagi Chor chinor ziyoratgohi qabristonida, bobosi, taniqli olim shayx Qutbiddin Muhiddinov yonida dafn etiladi.  

Abduvali Abdumo‘minovich Qutbiddinov 1983 yil Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini Samarqand viloyatining «Zarafshon» gazetasida boshlab, keyinchalik G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyotida, «Yozuvchi» nashriyotida, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida, «Xalq so‘zi» gazetasida turli lavozimlarda xizmat qilgan.

Shoirning «Nayson», «Humo», «Baxtli yo‘l», «Bor» (saylanma, 2011) kabi she'riy to‘plamlari, «Ozodlik» nomli dostoni chop etilgan.

Abduvali Qutbiddin «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan.

Sayt tahririyati marhumning yaqinlariga ta'ziya izhor etadi.