Light | 23:10 / 10.12.2019
65755
2 daqiqa o‘qiladi

Qondagi xolesterin miqdorini kamaytiruvchi mahsulot ma'lum qilindi

Mutaxassislar biriktiruvchi to‘qima va antioksidantlar manbai hisoblanuvchi, ovqat hazm qilishni yaxshilovchi, ozishda yordam beruvchi va surunkalik kasalliklar xavfini kamaytiruvchi oziq-ovqat mahsulotini ma'lum qilishdi. Bundan tashqari, tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, bu mahsulot qondagi xolesterin miqdorini kamaytirishda ham yordam berar ekan. Gap suli haqida bormoqda. 

Health.News nashrining xabar berishicha, Saudiya Arabistoni va Misr olimlari suli urug‘laridan olinadigan ekstrakt qonda anomal ko‘p miqdorda yog‘larga, jumladan yurak va jigar kasalliklariga olib keluvchi xolesterin va triglitseridlarga ega (giperlipidemiya) kalamushlarda lipid (yog‘) almashinuvini yaxshilashi va jigarning normal ishlashini tiklashini aniqlashgan. 

“Katta miqdordagi xolesterin va triglitseridlar arteriyalarning bitib qolishiga, bu esa oxir-oqibat yurak xuruji yoki insultga olib keladi. Xolesterin va triglitseridlarga boy ovqatlanish tartibi jigar faoliyatini buzadi. Bunday ovqatlanish jigarda yog‘ yig‘ilishiga olib keladi, u esa o‘nglanmaydigan zarar yetkazadi”, deyilgan maqolada. 

Shu bilan birga ta'kidlanishicha, xolesterin miqdorini kamaytirish uchun mo‘ljallangan dorilar salbiy ta'sir keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli olimlar bemorlarning holatini yaxshilashi mumkin bo‘lgan “tabiiy” va kamroq ziyon yetkazuvchi davolash usullarini izlaydilar.

Tadqiqot davomida suli urug‘laridan olingan ekstraktning giperlipidemiyaga ega kalamushlarga ta'siri o‘rganilgan. Natijada ushbu ekstrakt qondagi yog‘ miqdorini kamaytirishi aniqlangan. Bundan tashqari, u jigar faoliyatini normallashtirgan. 

Olimlar olingan natijalarga asoslanib, suli urug‘laridan olingan ekstrakt giperlipidemiyaga davolovchi ta'sir ko‘rsatishi va qondagi xolesterin miqdorini kamaytirishda qo‘llanishi mumkinligi haqidagi xulosaga kelishgan.

Mavzuga oid