Jamiyat | 15:11 / 10.12.2019
6639
6 daqiqa o‘qiladi

So‘xda Konstitutsiya kuni va «Hosil bayrami» nishonlandi

Farg‘ona viloyati So‘x tumanida Konstitutsiya kunining 27 yilligi bayrami va qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari kuniga bag‘ishlab «Hosil bayrami» o‘tkazildi.

«Konstitutsiyamiz qabul qilingan kun har yili xalqimiz tomonidan katta bayram sifatida ko‘tarinki ruhda nishonlanadi. Ayni damlarda yurtimizda bayram shukuhi kezib yuribdi. Viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27 yilligiga bag‘ishlangan tadbir va anjumanlar bo‘lib o‘tmoqda.

So‘x tumani madaniyat bo‘limining majlislar zalida Konstitutsiyaga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tuman hokimi, sektorlar rahbarlari, huquq-tartibot organlari vakillari, harbiylar, korxona-tashkilot rahbarlari, keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Shuni ham alohida ta'kidlash lozimki, So‘x tumani to‘rt tomondan Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh va tuman tadbirlarida qo‘shni davlat vakillari ishtiroki an'ana tusini olgan. Konstitutsiya bayrami tadbirlarida ham Qirg‘izistondan kelgan mehmonlar qatnashishdi. Tadbir avvalida tuman hokimi Farrux Usarov so‘zga chiqib, bosh qomusimizning fuqarolarimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyati haqida gapirdi hamda Konstitutsiyamizning 27 yilligi bilan muborakbod etib, huquqiy davlatning belgisi - barcha fuqarolar irqi, millati, dinidan qat'i nazar qonun oldidagi tengligidaligini ta'kidladi.

Shuningdek, tadbirda so‘z olgan boshqa ishtirokchilar Konstitutsiyamizning benazir huquqiy qadriyat, muqaddas hujjat ekanligi haqida gapirib o‘tdilar.

Qayd etish kerak, har yili respublikamizda prezidentimizning tashabbusi bilan dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi qishloq xo‘jaligi xodimlarining kasb bayrami sifatida keng nishonlanadi. Konstitutsiya bayrami kuniga to‘g‘ri kelgan bu bayram tantana fayziga yangicha shukuh baxsh etdi desak, mubolag‘a emas.

Shuni ham alohida ta'kilash lozimki, Konstitutsiya arafasida bir qator turli sohalarda faoliyat yuritadigan mehnat fidoyilari va faol ishchi-xodimlarni davlat mukofotlari hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlash an'anaga aylanib qolgan. Tadbir davomida So‘x tuman veterinariya bo‘limi boshlig‘i Hayitjon Ashurovga «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi fidoyisi» ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, bir qator qishloq xo‘jaligi sohasida faol bo‘lgan pillakor va g‘allakorlar, bobodehqonlar va bog‘bonlarga, ijarachi-fermerlarga faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Bunday esdalik sovg‘a va diplomlar tuman sharafini viloyat ko‘rik-tanlovida himoya qilgan «Chumoqcha» va «Hazrati Ali» mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari – Hamroali Mirzoboyev va Subhonali Nishonovga topshirildi. 23-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabining yosh sportchilariga ham respublika miqyosida kurash bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalari g‘oliblari sifatida faxriy yorliq va medallar taqdim etildi.

Konstitutsiya bayramiga bag‘ishlab konsert dasturi tuman madaniyat bo‘limi xodimlari tomonidan ishtirokchilarga taqdim etildi. Tadbirga tashrif buyurgan 18-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘quvchi-yoshlari tomonidan sahnada baxtimiz Qomusi she'r va qo‘shiqlar ila tarannum etildi.

Ha, Konstitutsiyamiz barchamiz uchun muqaddas qadriyatdir. Uni asrab-avaylashimiz, o‘qib-o‘rganib, mazmun-mohiyatni teranroq tushunishimiz darkor. Baxtimiz Qomusida belgilangan huquqlardan samarali foydalanish, o‘z burchlarimizni vijdonan, mas'uliyat bilan bajarib, uni kelajak avlodga ulug‘ ne'mat sifatida yetkazish va Qomusimiz bilan faxrlanish davlatimizning har bir fuqarosi uchun sharafdir. Bayram shukuhi tuman mahalla va qishloqlarida davom etmoqda», deyiladi So‘x tumani hokimligi axborot xizmati ma'lumotida.

Bayram tadbirlaridan so‘ng tumanning «Malbud» mahallasida «Hosil bayrami» o‘tkazildi.

«So‘x tumanida har yili «Hosil bayrami»ga bag‘ishlab turli tadbirlar va sport musobaqalari uyushtiriladi. An'anaga sodiq qolgan holda «Hosil bayrami» sharafiga uloq-ko‘pkari o‘yini tashkil etildi. Musobaqalarga qo‘shni Qirg‘iziston respublikasidan ham nomdor uloqchilar taklif etildi. So‘xning Malbud tog‘ etagida o‘tkazilgan ko‘pkari musobaqasi haqiqiy do‘stlik kechasiga aylanib ketdi. Tadbirda ota-bobolarimizdan qolgan umrboqiy qadriyatlar va qardosh xalqlari do‘stligi haqida gapirilib, asrlar osha shakllangan do‘stlik rishtalarini mustahkamlash davr talabi ekanligi ta'kidlab o‘tildi. Musobaqa g‘oliblariga qimatbaho sovg‘alar taqdim etildi.

Qo‘shaloq bayramlar shukuhi tuman markazida ham davom etdi. O‘tkazilgan tadbirda barcha qishloq xo‘jaligi namoyondalari ishtirok etishdi va ularga bayram dasturxoni tashkil etildi. Qirg‘izistondan tashrif buyurgan mehmonlar, san'atkorlarning diltortar navolari hamda samimiy tilaklar va ajoyib raqslar bilan tadbir barcha ishtirokchilar qalbiga bir olam quvonch bag‘ishladi.

Darhaqiqat, o‘tkazilgan bayramlar zamirida inson omili mujassam ekanligi hammamizni birdek quvontiradi. Zo‘r kayfiyat bilan o‘tkazilgan tadbirlarda ishtirokchilar bunday hayot va zamon uchun faqat va faqat shukrona keltirish lozimligini alohida ta'kidlab o‘tishdi», deyiladi hokimlik xabarida.

Mavzuga oid