Light | 16:46 / 21.12.2019
74314
7 daqiqa o‘qiladi

Qandli diabet kasalligi haqida xalq orasida keng tarqalgan noto‘g‘ri tushunchalar

Aholi orasida so‘nggi yillarda keskin ko‘payib borayotgan noinfeksion (yuqumli bo‘lmagan) kasalliklardan biri qandli diabet kasalligidir. Bu kasallik haqida odamlar ongida ko‘plab noto‘g‘ri tushunchalar mavjud. Maqolada ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tilgan.

Foto: Shutterstock

«Qandli diabet qo‘rquvdan kelib chiqadi», «Qandli diabet boylarning kasalligi»...

Qandli diabet kasalligining ikkita turi mavjud. 1-tur qandli diabet autoimmun kasallik. Qolaversa, uning kelib chiqishida pankreatotrop (oshqozon osti bezida yashashga moyil) virusli infeksiyalar (gepatit, parotit, qizilcha, qizamiq va boshqalar) ning ham muhim o‘rni bor. 2-tur qandli diabetning kelib chiqishida asosan kamharakatlik, yengil hazm bo‘luvchi ulevodlarga boy mahsulotlarni, hayvon yog‘i mahsulotlarini surunkali tarzda, ko‘p va ortiqcha miqdorda iste'mol qilib yurish va buning ortidan organizmda (asosan qorinda) yig‘iladigan ortiqcha miqdordagi yog‘ to‘qimasining shakllanishi muhim ahamiyatga ega.

Bundan tashqari surunkali davom etuvchi stress holatlari, uzoq davom etuvchi uyqusizlik, ba'zi kasalliklar, jumladan, gipertoniya kasalligi, pankreatit, semizlik, tireotoksikoz, Itsenko-Kushing sindromi, akromegaliya va boshqa kasalliklar hamda ayrim dori preparatlari (nikotin kislota, glyukokortikoidlar, tireoid gormonlar) qandli diabet kasalligi paydo bo‘lishida muhim rol o‘ynaydi.

Qo‘qqisdan yuzaga kelgan stress holatlari (birdan qo‘rqib yoki xursand bo‘lib ketish) esa aslida qandli diabetga moyil bo‘lgan, uglevodlar almashinuvi u yoki bu darajada buzilgan odamlarda qandli diabet kasalligi belgilari paydo bo‘lishiga olib keladi.

Uglevodlar almashinuvining normal kechishi uchun jismoniy mehnatning ahamiyati juda yuqori. Odatdagidek yoki ortiqcha darajadagi iste'mol barobarida kamharakatlikka yo‘l qo‘yilganda organizmda energiya balansi buziladi. Organizm qabul qilayotgan energiya sarf qilayotgan energiyadan sezilarli darajada, hattoki bir necha marta ko‘proqni tashkil qiladi va energiyaning sarf bo‘lmayotgan qismi organizmda glikogen va yog‘lar ko‘rinishida to‘planib boradi.

Bu jarayon kuchayib borgani sari organizmda insulinga sezuvchanlik kamayib boradi va bu holat uglevodlar almashinuvi buzilishiga olib keladi. Ya'ni, 2-tur qandli diabetning paydo bo‘lishi ijtimoiy holatga emas, balki kamharakatlikka, noto‘g‘ri va tartibsiz taomlanishga bog‘liq.

 Qondagi qand tahlili ilk marta baland chiqqanda qayta tahlil uchun parhez qilib qon topshirish kerak…

Parhez buyurilganda qondagi qand miqdori oldingi holatiga nisbatan sezilarli darajada kamayadi va bu bilan uglevodlar almashinuvining xaqiqiy holatiga baho berib bo‘lmaydi. Qandli diabet kasalligiga shubha qilinayotgan bemor aniq tashxis qo‘yilguncha odatdagidek ovqatlanishi shart.

 Qandli diabet bilan og‘riydigan bemor 6 oyda statsionar sharoitda davolanib turishi kerak…

Qandli diabet kasalligining davosi asosan 4ta tarkibiy qismdan iborat: parhez, qand pasaytiruvchi vosita, jismoniy faollikni oshirish, qandli diabet kasalligi haqida o‘rganish.

Bemor bu rejimga har kuni qat'iy rioya qilishi kerak. Qondagi qand miqdori sutka davomida doimo to‘liq me'yorida yursagina qandli diabetning asoratlarini oldini olish yoki kechiktirish mumkin. Aks holda, 6 oy tugul har oyda 10 kun statsionarda davolanib yurgan taqdirda ham diabetning asoratlarini oldini olish imkonsiz. Har 6 oyda 10 kun statsionar sharoitda davolanish kerakligi haqida biron bir endokrinologiya yoki diabetologiyaga oid adabiyotlarda ko‘rsatilgan emas. Qandli diabet kasalligining asoratlarini oldini olish yuqorida ko‘rsatilganidek kasallikni davolashning doimiy rejimiga qat'iy rioya qilish hamda davolash standartlarida ko‘rsatilgani kabi o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tish, umumiy qon, umumiy peshob va bioximik tahlillarni o‘z vaqtida o‘tkazish hamda ularning natijasidan kelib chiqqan holda choralar ko‘rilishi bilan olib boriladi.

 Grechkani qatiqqa aralashtirib yeyish qand kasalligi uchun yaxshi davo bo‘ladi…

Grechka bor yo‘g‘i oddiy ozuqa mahsuloti, xolos. Qatiq ham. Shunchaki, ularning tarkibida uglevodlar miqdori kamroq va shuning uchun ular qondagi qand miqdorini unchalik oshirmaydi.

 Ko‘k olma qondagi qand miqdorini oshirmaydi…

Olmaning ta'mi uning tarkibidagi organik kislotalar miqdoriga bog‘liq. Qand miqdori esa uning rangiga emas, hajmi va yetilish darajasiga bog‘liqdir.

 Toza asalni yesa bo‘ladi, chunki uning yarmi fruktozadan iborat, shuning uchun u qand o‘rnini bosuvchi hisoblanadi va qondagi qand miqdorini oshirmaydi…

Asal taxminan teng nisbatdagi fruktoza va glyukozadan iborat. Iste'moldagi shakar (saxaroza) ham fruktoza va glyukoza qoldiqlaridan tashkil topgan. Asalning qondagi qand miqdorini oshirish xususiyati xuddi shakarniki kabidir.

 Insulin kasallikning oxirgi bosqichida buyuriladi…

1-tur qandli diabetda organizm qisqa vaqt ichida insulin ishlab chiqarish salohiyatini yo‘qotadi. Ya'ni, insulin ishlab chiqaruvchi hujayralar qisqa muddat ichida nobud bo‘ladi. Bunda organizmga tashqaridan insulin kiritib turishdan boshqa choraning o‘zi yo‘q.

2-tur qandli diabetda dastlab kasallik aniqlangan paytdan boshlab (og‘ir hamroh kasalliklar bo‘lmasa) qand miqdorini tushiruvchi tabletkalar buyuriladi.

Bunday bemorlarga og‘ir hamroh kasalliklar (yurak ishemik kasalligi, bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi, sil, og‘ir jarohatlar, pnevmoniya va boshqa o‘tkir holatlar) qo‘shilsa, qand tushiruvchi tabletkalarning sutkalik maksimal miqdori buyurilganda ham qondagi qand miqdori me'yoriga kelmasa yoki jarrohlik muolajalari vaqtida hamda undan oldin va keyin (ma'lum muddat davomida) insulin preparati buyuriladi. Qand pasaytiruvchi vosita bemorning holatidan kelib chiqqan holda tanlanadi, bemor va uning yaqinlari yoki shifokorning hohish-istaklaridan kelib chiqib emas.

 Shirinliklarni ovqatlanish ratsionidan to‘liq chiqarib yuborish mumkin emas, chunki glyukoza miya oziqlanishi uchun zarur…

Miya hujayralari haqiqatan ham glyukoza bilan oziqlanadi, lekin qandli diabet kasalligi bilan og‘riydigan bemorning qonida qand o‘zi shundoq ham baland bo‘lsa, unga qo‘shimcha glyukoza berishdan ma'no yo‘q.

Xulosa qilib aytganda, qandli diabet kasalligi haqida bilishni istagan odam malakali mutaxassisdan ma'lumot olishi zarur. Qolaversa, yuqoridagi kabi biron bir asosga ega bo‘lmagan ma'lumotlarni tarqatish qandli diabet kasalligi bilan og‘riydigan bemorlarga faqat va faqat zarar keltiradi xolos.

Murodjon JO‘RAYeV,
Farg‘ona viloyati, Quvasoy shahar ko‘p tarmoqli markaziy
oliklinika vrach-endokrinologi, oliy toifali shifokor.

Mavzuga oid