19:50 / 27.12.2019
4
45693

«Yosh rahbarlarga ehtiyoj ortmoqda» - Prezident yangi institut tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi

Prezident yangi institut tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi.

Foto: KUN.UZ

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda bugungi kunda barcha sohalarda bilimli, siyosiy va ijtimoiy faol, xalq manfaatini o‘z shaxsiy manfaatidan ustun qo‘yadigan, halol va jonkuyar yosh rahbarlarga ehtiyoj tobora ortib borayotganini ta'kidladi.

«Bugun barcha sohalarda bilimli, siyosiy va ijtimoiy faol, xalq manfaatini o‘z shaxsiy manfaatidan ustun qo‘yadigan, halol va jonkuyar, yosh rahbarlarga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Biz dunyoqarashi keng, kreativ fikrlaydigan, muammoli vaziyatlarda to‘g‘ri qarorlar qabul qila oladigan yoshlarni mas'uliyatli vazifalarga tayinlayapmiz. Ammo mamlakatimizda yosh rahbarlarni saralaydigan, ularning layoqatiga mos lavozimlarni taklif etadigan samarali mexanizm mavjud emas.

Rahbarlik lavozimlariga har tomonlama munosib, tashabbuskor, menga tayanch va suyanch bo‘la oladigan yoshlardan «Vatan iftixorlari» institutini joriy etsak, sizlar nima deysizlar? Bu institutning asosiy vazifasi islohotlarimiz va katta rejalarimizni vatanimiz yoshlariga yetkazish, joylardagi muammolarni olib chiqish va ularni hal qilishdan iborat. Sizlarning orangizda «Men Sizning yoningizda turib, kamarbasta bo‘laman!» deb ko‘zi yonib turgan, jasoratli, iftixor qilsa arziydigan yigit-qizlar borligiga ishonaman!

Yetakchilikning, o‘z ortidan ergashtirish-ning eng to‘g‘ri yo‘li – bu shaxsiy o‘rnak va namuna bo‘lishdir. Shu nuqtayi nazardan «Vatan iftixorlari» mamlakatimizning barcha yoshlariga ibrat bo‘lib, islohotlarni amalga oshirishda haqiqiy jonbozlik ko‘rsatishiga ishonaman», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shu munosabat bilan Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (Sh.Qudbiyev), Yoshlar ittifoqi (A.Sa'dullayev) ushbu yangi institutning faoliyatini tashkil etish va vakolatini belgilash yuzasidan bir oy muddatda aniq taklif kiritish topshiriq qilingan. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top