O‘zbekiston | 19:35 / 03.01.2020
20474
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda «Umidchilar»ning birinchi xalqaro konferensiyasi boshlandi

Bugun, 3 yanvar kuni Toshkentda sobiq «Umid» jamg‘armasi bitiruvchilarining birinchi xalqaro konferensiyasi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Anjumanda 300 nafardan ortiq, shu jumladan, ayni vaqtda xorijda yashayotgan 120dan ziyod «umidchilar» qatnashmoqda.

Bugungi muhokamalar mamlakatni demokratik yangilash, ta'lim, sarmoyaviy iqlimni yaxshilash, innovatsion rivojlanish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlaridagi beshta seksiyada o‘tkazildi.

«Yangilanayotgan O‘zbekistonga yangi avlod kadrlari» mavzusidagi konferensiya ikki kun davom etadi. Birinchi kungi tadbirlar Davlat boshqaruvi akademiyasida, ertaga esa Chimyonda bo‘lib o‘tishi belgilangan.

Ma'lumot uchun, sobiq «Umid» jamg‘armasi 1997 yilda iste'dodli yigit-qizlarning chet elda ta'lim olishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuzilgan edi. Jamg‘armaning 5 yillik faoliyati mobaynida o‘zbekistonlik jami 828 nafar istiqbolli yoshlar AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Kanada va Italiya universitetlarining bakalavriat va magistratura ta'lim yo‘nalishlarida tahsil olgan.

Ayni kunlardagi konferensiya O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va «El-yurt umidi» jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilmoqda.

Foto: «Jahon» axborot agentligi