Sport | 08:56 / 11.01.2020
5900
2 daqiqa o‘qiladi

Sport muassasalarida 1,1 mlrd so‘mlik budjet qonunbuzilishi holatlari aniqlandi

2019 yil uchun tasdiqlangan ish rejaga muvofiq, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi muassasalari xarajatlar smetalarida rejalashtirilgan mablag‘larni qonun hujjatlariga muvofiqligi hamda ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘g‘ri amalga oshirilishi yuzasidan kameral nazorat o‘tkazildi.

Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, kameral nazoratda 196 ta jismoniy tarbiya va sport sohasidagi muassasalar qamrab olinib, shundan 159 ta (81 foiz) muassasada budjet mablag‘larini qonunga zid ravishda sarflash holatlari kuzatilmadi.

Qolgan 37 ta (19 foiz) muassasalarda me'yordan ortiqcha shtat birliklarini saqlash hamda ish haqi, ustama, mukofot va moddiy yordam pullari, kompensatsiya va tug‘ish nafaqasi hamda xizmat safari xarajatlarini to‘lovlarini ortiqcha to‘lash kabi 1,1 mlrd. so‘m miqdoridagi budjet qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.

Nazorat tadbirlari davomida asossiz sarflangan mablag‘lardan 336 mln. so‘mi budjetga tiklanib, 22 mln. so‘mlik asossiz xarajatlarning oldi olindi.

Shuningdek, aniqlangan budjet intizomini buzilish holatlari bo‘yicha 411 mln. so‘mlik 10 ta nazorat tadbiri hujjatlari qonuniy choralar ko‘rish uchun prokuratura organlariga yuborildi hamda budjet va smeta-shtat intizomini buzilishiga yo‘l qo‘ygan 7 ta sport muassasasining 10 nafar mansabdor shaxsiga o‘rnatilgan tartibda ma'muriy jarima qo‘llanildi.

Mavzuga oid