Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident aholi orasida «sog‘lom hayot volontyorlari» korpusini shakllantirishni buyurdi
Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 aprel kuni jismoniy tarbiya va sport sohasidagi kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda mutasaddilarga sport bilan faol shug‘ullanuvchi aholi orasidan «sog‘lom hayot volontyorlari» korpusi shakllantirish topshirildi. Ular mahallalarda sport va sog‘lom turmush tamoyillarini targ‘ib qiladi. Har bir tumandagi ushbu tizimda eng namunali bo‘lgan 10 tadan mahallaga bepul sport formasi va anjomlarini berish yo‘lga qo‘yiladi.
Prezident sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Endi mahallada ommaviy sport natijadorligi faqat qamrov bilan emas, balki aholining salomatlik ko‘rsatkichlariga ham qarab baholanadi.
Har bir viloyatdagi bittadan tumanda «salomatlik balansi» shakllantiriladi. Sport vaziri A.Ikramov, Mahallalar uyushmasi raisi K.Kuranbayev, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Sh.Mirziyoyevaga sport bilan faol shug‘ullanuvchi aholi orasidan «sog‘lom hayot volontyorlari» korpusi shakllantirish topshirildi.
Ular mahallalarda sport va sog‘lom turmush tamoyillarini targ‘ib qiladi. Har bir tumandagi ushbu tizimda eng namunali bo‘lgan 10 tadan mahallaga bepul sport formasi va anjomlarini berish yo‘lga qo‘yiladi.
Dunyoda maxsus jihoz va infratuzilma talab qilmaydigan intensiv sport mashg‘ulotlari, ya’ni kross-fit ommalashayotgani ta’kidlandi. 1 maygacha barcha maktab va texnikumlarda kross-fit bo‘yicha to‘garaklar tashkil qilishi topshirildi. Kelgusi yildan kross-fit «Besh tashabbus» tizimiga kiritiladi.
Endi qaysi mahallada sportga qamrov oshib, aholining salomatligi yaxshilansa, yurak-qon tomir, diabet bilan kasallanish ko‘rsatkichi kamaysa, volontyor va mahalla raisiga yil yakuni bilan 15 million so‘mgacha mukofot beriladi. Ushbu mahallada ommaviy sportga mas’ul trenerga 200 foizgacha oylik ustama to‘lanadi.
Qayd qilinishicha, sportchilarni jarohatdan tiklash ishlari va mushak holati bo‘yicha tekshiruvlar asosan xorijda o‘tkazilyapti. Federatsiyalar sport shifokori, farmakolog va diyetologlarni yuqori maosh to‘lab, chetdan olib kelishga majbur bo‘lmoqda.
Sportchilardagi suyak sinishi, pay uzilishi kabi jarohatlar bo‘yicha zamonaviy protokollar o‘zimizda joriy etilmayotgani, travmatologiya, kardiologiya, terapiya markazlari federatsiyalar bilan hamkorlik qilmasligi bo‘yicha e’tiroz bildirildi.
Endi har bir ixtisoslashgan tibbiyot markazi sport federatsiyalari bilan hamkorlik qiladi. Har oyda terma jamoa a’zolarining sog‘lig‘ini diagnostika qiladi, jarohat olish xavfini baholaydi. Sportchining jismoniy yuklamasini ilmiy tahlil qilib, murabbiylarga tibbiy tavsiyalar beradi.
Yangi o‘quv yilidan Toshkent tibbiyot universitetida sport diyetologi, fiziologiya, psixologiya bo‘yicha, Farmatsevtika institutida sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha mutaxassis tayyorlash boshlanadi. Olimpiya shaharchasidagi Sport tibbiyoti ilmiy markazi talabalar uchun amaliyot bazasiga aylanadi.
Shuningdek, mutasaddilarga sport mahsulotlarini mahalliylashtirish dasturini o‘z ichiga olgan qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Mavzuga oid
19:13 / 07.04.2026
Futbol bo‘yicha Superliga o‘yinlari soat 19:00 dan keyin belgilanishi mumkin
19:12 / 07.04.2026
Oliy sport mahorati maktablari o‘rniga «Olimpiya terma jamoalari markazi» tashkil qilinadi
18:34 / 07.04.2026
Ishchilarining sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratgan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi
18:09 / 07.04.2026