Sport | 20:11 / 12.01.2020
40961
4 daqiqa o‘qiladi

Osiyo chempionati-U23. O‘zbekiston Xitoyni yengib guruhda ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi

Tailandda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘yinlari davom etmoqda. «S» guruhida musobaqani boshlagan O‘zbekiston 2-turda Xitoy bilan o‘ynab 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.

O‘yinni vakillarimiz juda faol boshlashdi. 3 daqiqa ichida Jasur Yaxshiboyev ikki marta jarima maydonchasiga qanotdan yorib kirishga muvaffaq bo‘ldi. 7-daqiqada O‘zbekiston hisobni ham ochdi, ammo hakam golni inobatga olmadi. Videotakrorni ko‘rgandan keyin ham hakam qarorini o‘zgartirmadi va Husniddin Aliqulovning goli inobatga olinmadi. Bu vaziyatda o‘yindan tashqari holat yuz bergandi.

18-daqiqada futbolchilarimizda yana bir imkoniyat bo‘ldi. Markazdan uzatilgan to‘pni Sanjar Qodirqulov bosh bilan darvozaga yo‘lladi, ammo darvozabon to‘pni qaytardi. Qaytgan to‘pni Jasur Yaxshiboyev darvozaga yo‘lladi, lekin uning zarbasi ham bartaraf etildi. 21-daqiqada Aziz G‘aniyev super zarba bilan hisobni ochishi mumkin edi, ammo uning zarbasi ustunga tegdi.

Dastlabki 30 daqiqada futbolchilarimiz juda ko‘p vaziyat sodir etishdi. Ayniqsa Ilhom Alijonovning chap qanotdan yorib kirishlari xavfli bo‘ldi. Aziz G‘aniyev va Jasur Yaxshiboyev burchak zarbasini ikki marta noodatiy tarzda amalga oshirib, raqibni shoshirib qoyishdi.

O‘yinning birinchi bo‘limiga hakam tomonidan qo‘shib berilgan 3-daqiqada hisob ochildi. Oybek Bozorov faol harakatlari bilan chap qanotdan jarima maydonchasiga yorib kirdi va unga nisbatan qo‘pollik ishlatildi. Belgilangan penaltini jamoa sardori Islom Qobilov golga aylantirdi.

Ikkinchi bo‘limni ham vakillarimiz faol boshlashdi. 52-daqiqada Jasur Yaxshiboyev ajoyib yurishni amalga oshirib, o‘ng qanotdan jarima maydonasiga yorib kirdi. Uning uzatmasidan so‘ng Bobur Abduxoliqov qiyin vaziyatda turishiga qaramay zarba yo‘lladi, ammo uning zarbasi biroz noaniq bo‘ldi.

63-daqiqada hakam Xitoy darvozasiga yana bir penalti belgiladi. Ammo jamoa sardori Islom Qobilov bu gal penaltidan aniq foydalana olmadi, uning zarbasini darvozabon qaytardi. 75-daqiqada Xitoy juda xavfli vaziyat sodir etdi. O‘ng qanotdan rivojlangan hujumni Husniddin Aliqulov ajoyib harakati bilan to‘xtatib qoldi.

O‘yinning 80-daqiqasida hisob o‘zgardi. Zaxiradan maydonga tushgan Nurillo To‘xtasinov darvozabondan qaytgan to‘pni darvozaga joylab hisobni oshirdi — 0:2. Shu tariqa O‘zbekiston g‘alaba qozonib, ochkolari sonini 4 taga yetkazdi va guruhda ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Guruh bosqichining oxirgi o‘yinini futbolchilarimiz 15 yanvar kuni Janubiy Koreyaga qarshi o‘tkazishadi.

Osiyo chempionati-U23
«S» guruhi
2-tur
XITOY — O‘ZBeKISTON 0:2

Tailand. Songhla. «Tinsulanon» stadioni, 6 208 tomoshabin.
Gol: Islom Qobilov (45+3), Nurillo To‘xtasinov (80).
Amalga oshirilmagan penalti: Islom Qobilov (63).
O‘zbekiston: Abduvohid Ne'matov, Hojiakbar Alijonov, Islom Qobilov, Husniddin Aliqulov, Ilhom Alijonov, Abdulla Abdullayev, Aziz G‘aniyev, Oybek Bozorov (Nurillo To‘xtasinov, 75), Sanjar Qodirqulov, Jasur Yaxshiboyev (Doston Ibragimov, 90+1), Bobur Abduxoliqov (Mirjahon Mirahmadov, 87).
Xitoy: Xuang Zenyu, Vei Zen, Du Chenji, Xuan Kon, Yang Liyu, Xu Jingxan, Chen Binbin, Chen Vei, Dao Jianfei, Feng Boxuan.

 

Mavzuga oid