O‘zbekiston | 18:12 / 13.01.2020
35327
4 daqiqa o‘qiladi

Rustam Xolmatov Toshkent viloyat hokimi lavozimiga tasdiqlandi

Bugun, 13 yanvar kuni Xalq deputatlari Toshkent viloyat kengashining yangi — oltinchi chaqirig‘i ilk sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyada Xalq deputatlari Toshkent viloyat kengashi deputatligiga o‘tkazilgan saylov natijalari xususida ma'lumot berildi. Viloyat saylov komissiyasi raisi Jaloliddin Nasriddinovning qayd etishicha, viloyat kengashiga O‘zLiDePdan 18 nafar, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan 8 nafar, «Adolat» SDPdan 11 nafar, Xalq demokratik partiyasidan 19 nafar, Ekologik partiyadan 4 nafar vakil — jami 60 nafar deputat saylangan. Deputatlarning 25 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.

Sessiya kun tartibiga asosan viloyat kengashining reglamenti va doimiy komissiyalar to‘g‘risidagi Nizom deputatlar tomonidan bir ovozdan ma'qullandi.

Shuningdek, xalq deputatlari viloyat kengashiga siyosiy partiyalardan saylangan deputatlarning partiya guruhlari ro‘yxatga olindi. 

Sessiya davomida deputatlar kengashning doimiy faoliyat yurituvchi 8ta komissiya tarkibi va raislarini saylashdi. 

Viloyat kengashi sessiya ishida tashkiliy masala  — viloyat hokimini tasdiqlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Sessiyada Prezident vakili sifatida ishtirok etgan bosh vazir Abdulla Aripov Toshkent viloyat hokimi lavozimiga 36-«Oqqo‘rg‘on» saylov okrugidan saylangan deputat Rustam Xolmatov nomzodini tasdiqlash to‘g‘risida taqdimnomani o‘qib eshittirdi.

Abdulla Aripovning qayd etishicha, nomzod Rustam Xolmatov rahabarligida 2019 yilda Toshkent viloyatiga 380 mln AQSh dollaridan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etildi. Viloyatning yillik budjet tushumi o‘tgan yil uchun 3,5 trln so‘mni tashkil etdi.

Viloyat kengashi partiyalar guruhlari Rustam Xolmatov nomzodining Toshkent viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlanishini yakdillik bilan qo‘llab-quvvatladi.

Shu bilan birga, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari deputatlari qo‘shma majlisi Maslahat kengashi a'zoligiga ham Rustam Xolmatov nomzodi tavsiya etildi.

Rustam Xolmatov 1961 yilda Toshkent viloyati, Oqqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan, 1987 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tamomlagan. 

U 1998-2000 yillarda  Chinoz tumani hokimi, 2000-2003 yillarda Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari —  viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i, 2003-2008 yillarda Quyi Chirchiq tumani hokimi, 2008-2013 yillarda Toshkent viloyati hokimi lavozimida xizmat qilgan.

U 2016-2017 yillarda  Bekobod tumani hokimi, 2017-2018 yillarda Jizzax viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlagan, 2018-2019 yillarda Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

Toshkent viloyati sobiq hokimi G‘ulomjon Ibragimov salomatligi tufayli boshqa ishga  o‘tkazilgani bois 2019 yilning iyun oyidan beri Rustam Xolmatov viloyat hokimi vazifasini bajarib kelayotgan edi.

Mavzuga oid