Sport | 20:13 / 19.01.2020
40753
5 daqiqa o‘qiladi

Osiyo chempionati-U23. O‘zbekiston BAAni yirik hisobda yengib yarimfinalga chiqdi

Foto: Tribuna.uz

Tailandda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempionati bahslari davom etmoqda. Bangkokda o‘tgan chorak final bahsida O‘zbekiston BAAni yirik 5:1 hisobida mag‘lub etib yarimfinalga chiqdi.

O‘yinni BAA juda faol boshladi. 32-soniyadayoq ular Ne'matov darvozasi tomon aniq zarba yo‘llashdi va «Nasaf» posboni seyv qilishiga to‘g‘ri keldi. 2-daqiqada Xalfan al Hammadi darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib borib uzoq burchakka zarba yo‘lladi, bu gal Abduvohid oyoqlari bilan to‘pni qaytardi.

O‘zbekiston ilk xavfli vaziyatini 4-daqiqada amalga oshirdi. Jasur Yaxshiboyevning uzatmasini Bobur Abduxoliqov bosh bilan darvozaga yo‘lladi, ammo darvozabon to‘pni qaytardi. Qarshi hujumni BAA hujumchisi Zayd al Amiri zarba bilan yakunladi va bu gal ham Ne'matov to‘pni ushlab oldi.

8-daqiqada Jasur Yaxshiboyev bir necha nafar BAAlik futbolchini aldab o‘ng oyoqda darvoza tomon noaniq zarba yo‘lladi. 14-daqiqada o‘yinda hisob ochildi. 7-raqamli Zayd al Amiri darvozabon bilan birga-bir chiqib olis burchakni aniq nishonga oldi.

16-daqiqada O‘zbekiston hisobni tenglashtirdi. Oybek Bozorov jarima maydonchasi yaqinida himoyachini aldab to‘pni Ilhom Alijonovga tashlab berdi, chap qanot himoyachisi kuchli zarba bilan to‘pni uzoq burchakka yo‘naltirdi, to‘p ustunga tegib darvozadan joy oldi.

26-daqiqada O‘zbekiston hisobda oldinga chiqib oldi. Oybek Bozorovni himoyachilar jarima maydonchasi ichida qo‘pollik bilan to‘xtatib qolishdi va hakam VARni ko‘rgach penalti belgiladi. Penaltini Islom Qobilov golga aylantirdi. 28-daqiqada Bobur Abduxoliqov farqni oshirishi mumkin edi. Aziz G‘aniyev o‘ng qanotdan oldinga borib super uzatmani amalga oshirdi, ammo Boburning havoda sakrab bergan zarbasi noaniq bo‘ldi.

36-daqiqada BAA juda xavfli hujumlar seriyasini amalga oshirdi. Avvaliga jarima zarbasi, keyin esa ketma-ket ikkita burchak zarbasini himoyachilarimiz qiyinchilik bilan bartaraf etishdi. 41-daqiqada musobaqa kashfiyoti bo‘layotgan Oybek Bozorov 30 metrlar chamasidan super zarba bilan olis burchakni aniq nishonga oldi.

71-daqiqada BAA xavfli hujumni amalga oshirdi. O‘ng qanotdan amalga oshgan hujum yaqin burchakka berilgan noaniq zarba bilan yakunladi. Qarshi hujumda esa Jasur Yaxshiboyev super yurishni amalga oshirdi. Darvozabonni ham aldagan Jasurning bergan zarbasini himoyachi qaytardi.

83-daqiqada Aziz G‘aniyev o‘tkir burchakda bo‘lishiga qaramay 30 metrlardan jarima zarbasini to‘g‘ri darvozaga yo‘lladi. To‘g‘ri to‘qqizlikka borayotgan to‘pni darvozabon qaytardi. 84-daqiqada hisob yanada yiriklashdi. Jasur Yaxshiboyev Nurillo To‘xtasinovning uzatmasini golga aylantirdi — 1:4. O‘yindagi oxirgi golni Nurillo To‘xtasinov urdi. U 90+4-daqiqada yakuniy nuqtani qo‘ydi — 1:5.

Shu tariqa O‘zbekiston g‘alaba qozonib keyingi bosqichga yo‘llanma oldi. Yarim finalda vakillarimiz Saudiya bilan o‘ynashadi. Bu o‘yin g‘olibi Olimpiadaga yo‘llanma oladi.

Osiyo chempionati-U23
Chorak final

BAA — O‘ZBeKISTON 1:5

Tailand, Bangkok. «Rajamangala» stadioni.
Gollar: Zayd al Amiri (13) — Ilhom Alijonov (16), Islom Qobilov (26, penalti), Oybek Bozorov (41), Jasur Yaxshiboyev (84), Nurillo To‘xtasinov (90+4).
BAA: Muhammad Hasan al Shamsi, Muhammad Ali al Mahri, Halifa Muborak al Hammari, Majid Ibrohim Salim (Muhammad Umar al Attas, 46), Zayd Abdulla al Amiri, Ali Solih Amro, Abdulla Ramada Bekhit, Xalfan Hasan al Hammadi, Yahyo Nodir al Sharif (Yahyo Ali al Gassani, 70), Majid Rashid al Mehrzi, Said Ali Suvaidan.

O‘zbekiston: Abduvohid Ne'matov, Islom Qobilov, Hojiakbar Alijonov (Dilshod Saidov, 88), Abdulla Abdullayev, Aziz G‘aniyev, Jasur Yaxshiboyev, Bobur Abduxoliqov, Ilhom Alijonov, Husniddin Aliqulov, Sanjar Qodirqulov (Doston Ibragimov, 76), Oybek Bozorov (Nurillo To‘xtasinov, 65).

Mavzuga oid