O‘zbekiston | 09:00 / 20.01.2020
126885
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qish nega deyarli qorsiz o‘tmoqda?

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda kuz oxirlashi bilan aholi bir tarafdan energetika ta'minotini o‘ylab xavotirlansa, boshqa tomondan bu yil yaxshilab qor yog‘armikan, degan qiziqishda bo‘ladi.

Dekabr oyi deyarli yog‘ingarchiliksiz kelgani uchun ko‘pchilikning xafsalasi pir bo‘ldi. «Borib-borib O‘zbekistonda ham qor yog‘may qo‘yar balki?» deya o‘ylaganlar ham bo‘ldi oramizda. Lekin yanvar boshida havo yana sovib, respublikaning aksar hududlarida qor yog‘ishi kuzatildi.

Shunday bo‘lsa-da, buni yetarli emas deb baholovchilar talaygina. Yoshi kattalarning «Bolaligimizda tizza bo‘yi qor kechardik», degan gaplariga hayrat bilan qaraydigan bir avlod ulg‘ayib kelyapti.

Buning sababi nimada? Nega mamlakatda qishlar qorsiz yoki juda kam qor bilan o‘tyapti? Ayni shu kabi turli savollarga asosli javob olish uchun Kun.uz muxbiri Gidrometeorologiya xizmati markazi bilan bog‘landi.

Nima uchun oxirgi yillarda qishda yog‘ingarchilik kam?

Buni bitta sabab bilan izohlab bo‘lmaydi. Qaysidir qish oylari quruq bo‘lsa, boshqalari namroq bo‘ladi. Ayrim mintaqalarda me'yordan ortiq yog‘ingarchilik kuzatilsa, boshqa joylarda yog‘inlar miqdori me'yorga yetmaydi.

Masalan, o‘tgan qish mavsumida dekabr va fevral quruq keldi, yanvarda esa deyarli butun respublika bo‘ylab me'yordan ortiq yog‘ingarchilik bo‘ldi. Qishning uch oyi davomida mamlakat hududining katta qismida yog‘inlar me'yordan kam bo‘lgani holda janubiy viloyatlarda me'yordan ortiq bo‘ldi.

So‘nggi yillarda qishning iliq kelishi holatlari va yog‘ingarchiliklarning, asosan, qor ko‘rinishida emas, yomg‘ir ko‘rinishida bo‘lishi qayd etilmoqda. Harorat pasayganda yoqqan qor esa havo ilishi bilan tekislik hududlarida barqaror qor qoplami hosil qilmasdan tez erib ketyapti.

Global iqlim isishining ta'siri

Iqlim o‘zgarishlari ob-havo sharoitiga ta'sir ko‘rsatadi. Kuzatilayotgan global iqlim isishi natijasida esa issiqlik to‘lqinlarining tez-tez takrorlanishi, yog‘inlar notekis yog‘ishining kuchayishi, qurg‘oqchilik, haroratning keskin ilishi, sovuq urishi, kuchli yog‘inlar, sellar kabi ekstremal hodisalar soni ortib bormoqda.

Iqlimning «asabiyligi» kuchaymoqda. Quruq va haddan tashqari nam mintaqalar o‘rtasida, quruq va yomg‘irli mavsumlar o‘rtasidagi tafovut ortmoqda.

Global iqlim ilishi O‘zbekistonga ta'sir ko‘rsatadimi?

  • Oxirgi tadqiqotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda haroratning o‘sish sur'atlari Yer shari bo‘yicha o‘rtacha o‘sish sur'atlaridan yuqori.

Biroq global isish degani har kelasi yil oldingi yildan issiqroq bo‘ladi degani emas. Bunda ko‘p yillik o‘zgarish nazarda tutiladi, ya'ni keyingi 20-30 yil avvalgi 10 yilliklarga qaraganda o‘rtacha iliq bo‘ladi.

Oxirgi 10 yillik issiq muddatda O‘zbekistonda faqat ikkita mavsumda yilning o‘rtacha harorati me'yordan bir oz past bo‘ldi, qolgan yillar esa harorat o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga nisbatan iliqroq bo‘ldi.

Shunga qaramasdan haroratning ilish tendensiyasi ayrim davrlar, oylar yoki hatto mavsumlarning sovuq kelishi mumkinligini cheklamaydi.

O‘zbekistonda eng ko‘p qor 2000 metrdan baland zonalarda yog‘adi

O‘zbekistonning tog‘ va tog‘oldi hududlarida qor ko‘p yog‘adi, biroq tog‘li tumanlarda ham qorning qalinligi bir tekis emas. Eng ko‘p qor 2000 metrdan baland qor zonalarida yog‘adi.

O‘zbekistonning tekislik qismida, ayniqsa, so‘nggi yillarda qor vaqti-vaqti bilan yog‘moqda. Qor miqdori esa yog‘gan yog‘inlar jadalligiga bog‘liq. Odatda, mamlakatning markaziy tumanlarida qor ko‘proq yog‘adi, ammo ba'zan janubiy viloyatlarda ham qor ko‘p bo‘lishi mumkin.

Mamlakatdagi eng iliq qish 2016 yilga to‘g‘ri keladi

2016 yil O‘zbekistondagi butun meteorologik kuzatuvlar tarixi davrida eng iliq yil deb qayd etilgan.

So‘nggi 10 yil ichida dekabr oyida eng sovuq harorat -15 daraja sovuq  bo‘lgani qayd etilgan (5 dekabr 2002 yil). Eng issiq harorat esa +23 daraja iliqni tashkil qilgan (14 dekabr 2010 yil).

Bu mavsumda yana qor yog‘adimi?

  • Oldinda hali qish mavsumining yarmi bor va qor yana yog‘adi. Bunda qor qoplami hosil bo‘ladimi, u qanchalik barqaror bo‘ladi va qancha saqlanib turadi – bu juda ham ko‘p omillarga bog‘liq va oldindan aytish qiyin bo‘lgan jarayon.

Gidrometeorologiya xizmati markazi bilan hamkorlikda tayyorlandi

Mavzuga oid