O‘zbekistonda kuz oxirlashi bilan aholi bir tarafdan energetika ta'minotini o‘ylab xavotirlansa, boshqa tomondan bu yil yaxshilab qor yog‘armikan, degan qiziqishda bo‘ladi.
Dekabr oyi deyarli yog‘ingarchiliksiz kelgani uchun ko‘pchilikning xafsalasi pir bo‘ldi. «Borib-borib O‘zbekistonda ham qor yog‘may qo‘yar balki?» deya o‘ylaganlar ham bo‘ldi oramizda. Lekin yanvar boshida havo yana sovib, respublikaning aksar hududlarida qor yog‘ishi kuzatildi.
Shunday bo‘lsa-da, buni yetarli emas deb baholovchilar talaygina. Yoshi kattalarning «Bolaligimizda tizza bo‘yi qor kechardik», degan gaplariga hayrat bilan qaraydigan bir avlod ulg‘ayib kelyapti.
Buning sababi nimada? Nega mamlakatda qishlar qorsiz yoki juda kam qor bilan o‘tyapti? Ayni shu kabi turli savollarga asosli javob olish uchun Kun.uz muxbiri Gidrometeorologiya xizmati markazi bilan bog‘landi.
Nima uchun oxirgi yillarda qishda yog‘ingarchilik kam?
Buni bitta sabab bilan izohlab bo‘lmaydi. Qaysidir qish oylari quruq bo‘lsa, boshqalari namroq bo‘ladi. Ayrim mintaqalarda me'yordan ortiq yog‘ingarchilik kuzatilsa, boshqa joylarda yog‘inlar miqdori me'yorga yetmaydi.
Masalan, o‘tgan qish mavsumida dekabr va fevral quruq keldi, yanvarda esa deyarli butun respublika bo‘ylab me'yordan ortiq yog‘ingarchilik bo‘ldi. Qishning uch oyi davomida mamlakat hududining katta qismida yog‘inlar me'yordan kam bo‘lgani holda janubiy viloyatlarda me'yordan ortiq bo‘ldi.
So‘nggi yillarda qishning iliq kelishi holatlari va yog‘ingarchiliklarning, asosan, qor ko‘rinishida emas, yomg‘ir ko‘rinishida bo‘lishi qayd etilmoqda. Harorat pasayganda yoqqan qor esa havo ilishi bilan tekislik hududlarida barqaror qor qoplami hosil qilmasdan tez erib ketyapti.
Global iqlim isishining ta'siri
Iqlim o‘zgarishlari ob-havo sharoitiga ta'sir ko‘rsatadi. Kuzatilayotgan global iqlim isishi natijasida esa issiqlik to‘lqinlarining tez-tez takrorlanishi, yog‘inlar notekis yog‘ishining kuchayishi, qurg‘oqchilik, haroratning keskin ilishi, sovuq urishi, kuchli yog‘inlar, sellar kabi ekstremal hodisalar soni ortib bormoqda.
Iqlimning «asabiyligi» kuchaymoqda. Quruq va haddan tashqari nam mintaqalar o‘rtasida, quruq va yomg‘irli mavsumlar o‘rtasidagi tafovut ortmoqda.
Global iqlim ilishi O‘zbekistonga ta'sir ko‘rsatadimi?















