Ob-havoni kuzatadigan onlayn xizmatlar adashmayotgan bo‘lsa, keyingi hafta boshi va oxirida ham yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Hafta davomida faqat dam olish kunlarida harorat 30 darajadan osharkan. Bu bizdagi may oyi xursand bo‘lsa arziydigan havo.
Bu yilgi bahor nafaqat biz uchun, balki Yaqin Sharq uchun ham salqin va seryog‘in keldi. Eron va Iroqda odatdagidan ko‘p yomg‘ir yog‘di. Va tarmoqda iqlim o‘zgarishini Amerika va Isroilning Eronda boshlagan urushiga bog‘lab yozilgan postlar ko‘paydi. Eron chindan anchadan beri «Amerika va Isroil mamlakatga qarshi iqlim qurolidan foydalanishi» haqida aytib keladi. Xo‘sh, bu qanchalik asosli? Odamzot qaysidir davlatda sun’iy tarzda qurg‘oqchilik keltirib chiqara oladimi?
Fitna nazariyasi
Men fitna nazariyalari, konspirologiyalarni juda yomon ko‘radigan odamlardanman, chunki bunaqa nazariyalarning deyarli hammasi uydirma bo‘ladi. «Dunyoda hech kim ko‘rmaydigan maxfiy kuchlar bor, ular dunyoni boshqaradi!» deydigan odamlarni ko‘rsam, to‘g‘risi, g‘azablanaman. Dunyoni mana shu hammamiz ko‘rib turgan galstuk taqqan, qorin qo‘ygan siyosatchilar boshqaradi, bunga shubha qilmasangiz ham bo‘ladi. Dunyoda odamlar bilmaydigan qanaqadir tartibot bor deb o‘ylasangiz, adashasiz. Katta minbarlarda kim gapirayotgan bo‘lsa, boshqaruv o‘shalar qo‘lida, ishoning.
Demak, men yomon ko‘radigan ana shu fitna nazariyalariga ko‘ra, Amerika va Isroil Eronda yillar davomida sun’iy qurg‘oqchilik keltirib chiqargan ekan. Bu ish uchun BAAda butun boshli radarli tizimi ham yaratgan ekan va urush boshlangach, Eron o‘sha stansiyani urib, Yaqin Sharqqa bulutlar qaytibdi!
Birinchidan, Yaqin Sharq azaldan quruq yerlar bo‘lib kelgan. Arab sahrolari yastanib yotganda Amerika degan davlat rejada ham bo‘lmagan. Bulutlar qayerdan qayerga qarab suzishini ham amerikaliklar hal qilmaydi. Ular har qancha kuchli bo‘lmasin, shamolning yo‘nalishini belgilay oladigan qudratga ega emas. Bo‘lmasa, ana, o‘zlaridagi tornadolarni qaytargan bo‘lishardi.
Endi bu fitna nazariyalari qayerdan kelib chiqayotgani haqida. Eron anchadan buyon Amerika va Isroil ularga qarshi maxfiy iqlim qurolidan foydalanib kelganini aytadi, bu haqda butun boshli generallar chiqib gapirgan. Lekin Tehron hech qachon «Amerika ularning bulutlarini o‘g‘irlaganiga» isbot taqdim etmagan.
Urush boshlangach, Eron nashrlari «BAAdagi Amerikaning maxfiy bazasi yo‘q qilingani, shu sabab mamlakatga yomg‘irlar qaytgani» haqida yoza boshlashdi. Bu gaplar yuqoridagi fitna nazariyalariga asos bo‘ldi.








