Sport | 17:11 / 22.01.2020
44129
5 daqiqa o‘qiladi

Osiyo chempionati-U23. O‘zbekiston yarimfinalda Saudiyaga imkoniyatni boy berdi

Foto: Tribuna.uz

Tailandda Osiyo chempionati-U23 bahslari davom etmoqda. Musobaqaning yarim final bahsida O‘zbekiston Saudiyaga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi.

O‘yinning 6-daqiqasida o‘zbekistonlik futbolchilar yaxshi hujumni amalga oshirishdi. Hojiakbar Alijonov o‘ng qanotdan Bobur Abduxoliqovning yo‘nalishiga to‘pni qulay tarzda uzatib berdi, ammo hujumchidan oldin to‘pga darvozabon yetib keldi. 12-daqiqada Bobur Abduxoliqov hisobni ochishi uchun juda qulay vaziyatga ega bo‘ldi. G‘aniyevning uzatmasidan so‘ng darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib borgan Bobur to‘pni darvozabonning ustidan tashlab qo‘yishda noaniq o‘ynadi.

16-daqiqada Saudiyaning asosiy hujumchisi Abdulloh al Hamdan chap qanotdan oldinga borib xavfli zarba yo‘lladi, ammo Abduvohid Ne'matov to‘pni ushlab oldi. Bu hujum ortidan vakillarimizda yana bir qulay imkoniyat bo‘ldi. Himoyachining xatosidan foydalangan Bobur Abduxoliqov to‘pni olib qo‘ydi va darvozabonni ham aldab bo‘sh darvozaga gol ura olmadi. Buning ustiga hakam qo‘pollik bo‘lganini qayd etdi.

20-daqiqada Ilhom Alijonov chap qanotdan ajoyib yurishni amalga oshirdi va to‘pni darvoza yaqiniga oshirdi, ammo hujumchilar to‘pga ulgurishmadi. To‘p maydonga chiqishiga esa Aziz G‘aniyev qarshilik qildi, u katta tezlikda borib to‘pni to‘xtatdi va hujumni davom ettirdi, lekin himoyachilar xavfni bartaraf etishdi.

25-daqiqada endi o‘ng qanotdan Hojiakbar Alijonov himoyachini aldab darvoza yaqiniga to‘pni uzatdi, bu gal Oybek Bozorov va Sanjar Qodirqulovning urinishlari samarasiz bo‘ldi. 28-daqiqada Ilhom Alijonov qanotdan darvoza tomon yaqinlashdi, lekin u zarba berishni ham to‘p uzatishni ham bilmay qolib xato qildi.

48-daqiqada Jasur Yaxshiboyev chap qanotda himoyachini chiroyli tarzda aldab jarima maydonchasiga kirib borayotganda boshqa himoyachi tomonidan to‘xtatib qolindi. Hakam qoida buzilishi chiziqdan tashqarida bo‘lganini qayd etdi. Belgilangan standartni Jasur Yaxshiboyev to‘g‘ri darvozaga yo‘lladi, ammo himoyachilar to‘pni qaytarib qarshi hujumni boshlab berishdi. Darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib borgan Abdurahmon G‘arib to‘pni tepaga terib yubordi.

54-daqiqada Bobur Abduxoliqov yana bir imkoniyatdan foydalana olmadi. «Nasaf» hujumchisi havodan kelayotgan to‘pni ko‘kragi bilan to‘xtatib darvozabon bilan birga-bir chiqdi, ammo uning zarbasini raqib posboni qaytardi.

62-daqiqada Hojiakbar Alijonov qanotdan jarima maydonchasiga yorib kirib to‘pni darvoza yaqiniga uzatdi, lekin himoyachi to‘pni qaytardi. 65-daqiqada saudiyaliklar hisobni ochish uchun juda qulay imkoniyatga ega bo‘lishdi. Abdulla Abdullayevning xatosidan so‘ng yuzaga kelgan hujum noaniq zarba bilan yakunlandi.

78-daqiqada Aziz G‘aniyev Sanjar Qodirqulovga qarshi qo‘pollik uchun belgilangan jarima zarbasini to‘g‘ri darvozaga yo‘lladi, ammo to‘p jonli devorga tegdi. To‘p tekkan futbolchi esa maydonda yotib qoldi. 88-daqiqada hisob ochildi. Suadiyalik futbolchining zarbasi Nosir al Omronga tegib darvoza to‘ridan joy oldi.

Endi O‘zbekiston 3-o‘rin uchun bahsda olimpiada yo‘llanmasi uchun kurashadi.

Osiyo chempionati-U23
Yarimfinal
SAUDIYa ARABISTONI — O‘ZBeKISTON 1:0
Gol: Nosir al Omron (88).

Bangkok, «Rajamangala» stadioni

Saudiya Arabistoni: Abdulbosit Muhammad, Hassan al Tambakti, Sami al Naji, Abdulrahmon G‘arib, Abdulloh al Hamdan, Ayman al Xulayf, Xolid Dubaysh, Ali Sodiq al Hassan, Muxtariy al Sheyx, Muhammad al Yami, Saud Abdulhamid.
O‘zbekiston: Abduvohid Ne'matov, Islom Qobilov, Hojiakbar Alijonov, Abdulla Abdullayev, Aziz G‘aniyev, Jasur Yaxshiboyev, Bobur Abduxoliqov (Islom Kenjaboyev, 68), Ilhom Alijonov, Husniddin Aliqulov, Sanjar Qodirqulov (Sharof Muhiddinov, 89), Oybek Bozorov (Nurillo To‘xtasinov, 74).

Mavzuga oid