Jahon | 18:30 / 22.01.2020
26601
3 daqiqa o‘qiladi

«Qilmishingizni bolalaringizga qanday aytasiz?» – Tunberg yana jahon yetakchilariga murojaat qildi

Shveytsariyaning Davos shaharchasida bo‘lib o‘tayotgan Jahon iqtisodiy forumida yosh ekofaol Greta Tunberg so‘zga chiqib, siyosat va biznes elitasi vakillariga murojaat qildi.

U dunyo oligarxlaridan yoqilg‘i sanoatiga investitsiya kiritishni darhol to‘xtatishni, bunday faoliyat bilan iqlim tartibsizliklari yuzaga chiqishiga sabab bo‘lishayotganini o‘z bolalariga tushuntirib, ularni nega himoya qilishmayotganiga aniqlik kiritishlarini so‘radi.

U o‘tgan yili ham forumda aytgan va mashhur bo‘lib ketgan iborasini takrorladi: «Sizning harakatsizligingiz soat sayin yong‘inlarni kuchaytirmoqda. Sayyoramiz hamon olov ichida».

Uning so‘zlari iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit barqarorligi bo‘yicha muhokamalar qizg‘in tus olayotgan bir vaqtda hukumat liderlari va ijrochilariga qarata aytildi.

Ommaning hissiyotlariga ta'sir qiluvchi nutqlari bilan mashhur Gretaning aytishicha, dunyo past foizli karbonad angidrid siyosatiga yoki kam energiya iste'moliga emas, balki energiya iste'molining butunlay to‘xtatilishiga muhtoj.

«Buning vaqti keldi», deydi Greta.

Uning ta'kidlashicha, iqlim o‘zgarishining yomon ta'sirlaridan sayyorani asrash uchun havo harorati o‘sishini yiliga 1,5 gradusdan oshirmaslik juda muhim. Lekin deyarli hech kim Parij bitimida ifodalangani kabi harorat o‘sishini 2 gradusdan oshirmaslik uchun harakat qilmayapti.
Greta AQSh hatto bu bitimni tark etish arafasida, degan fikrda.

«Yana qaytaraman: siz o‘ng yoki so‘l qutbda ekaningiz ahamiyatsiz. Bizga sizning partiyaviy siyosatingiz muhim emas. Barqaror taraqqiyot prinsiplari ko‘zi bilan qaraganda, o‘nglar, so‘llar va markazchilar ham – hammangiz muvaffaqiyatsizlikka uchradingiz.

Na siyosiy qarashlar, na iqtisodiy strukturalar iqlim va atrof-muhit masalalariga yetarlicha e'tibor qarata oldi.

Dunyo esa siz hanuz anglab yetmagan olov ichida qolmoqda», – deya yetakchilarga murojaat qildi Greta Tunberg.

Uning so‘zlariga ko‘ra, karbonad angidrid iste'molini butunlay to‘xtatish uchun 2050, 2030 yoki 2021 yilni kutish shart emas. Hammasini hozirdan boshlash zarur.

Eslatib o‘tamiz, shvetsiyalik 17 yashar qiz 2019 yilda Time jurnali tomonidan jahonda «Yil odami» deb tan olingan edi.

Mavzuga oid