Jahon | 20:49 / 11.12.2019
31547
2 daqiqa o‘qiladi

16 yoshli Greta Tunberg Time talqini bo‘yicha «Yil odami» deb topildi

Shvetsiyalik iqlim himoyachisi Greta Tunberg AQShdagi Time jurnali talqini bo‘yicha «Yil odami» deb topildi.

«U dunyoviy harakatga yetakchilik qilib sayyoramiz oldida turgan eng katta muammo to‘g‘risida joriy yilda hammadan balandroq gapirdi», - dedi Time jurnali bosh muharriri Edvard Felzental NBC telekanalining Today ko‘rsatuvida.

«Yil odami» unvoniga da'vogarlarning yakuniy ro‘yxatidan Tunberg bilan birga AQSh prezidenti Donald Tramp, AQSh kongressi vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi, Donald Trampga qarshi impichment jarayoni boshlanishiga sababchi bo‘lgan MRBning maxfiy axborotchisi va Hongkongdagi ommaviy namoyishlar qatnashchilarining jamlamasi joy olgandi.  

Tunberg butun dunyoda ekofaol va «Iqlim uchun maktab ish tashlashi» harakatining asoschisi hisoblanadi. 2019 yilda uning nomzodi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga ilgari surilgan. 

23 sentyabrda Greta BMT minbarida turib jahon yetakchilarini uning bolaligini o‘g‘irlashda ayblagandi. Tunbergning so‘zlariga ko‘ra, jahondagi yetakchilar faqat «pul va iqtisodiy o‘sish to‘g‘risidagi ertaklarnigina o‘ylashadi». 

Mavzuga oid