Jamiyat | 18:21 / 10.02.2020
19985
7 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolik pasportini faqat IIV rasmiylashtirishi kerakmi?

Sekin-astalik bilan ko‘plab davlat xizmatlari DXA markazlari orqali bajarilish imkoniyatlari yaratilmoqda. Bu quvonarli hol, albatta. Ammo ba'zi juda zarur davlat xizmatlari ham borki, ularga har bir fuqaro umrida kamida bir marta duch keladi. Masalan, «zagran» pasport yoki fuqarolik pasportini rasmiylashtirish.

Ayniqsa, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi «propiska»siz fuqarolar uchun bu ancha «boshog‘riq» jarayonga aylangan. Texnologik rivojlanish, «raqamli iqtisodiyot» haqida ko‘p gapiramiz-u, birlamchi masalalar hal qilinishi paysalga solinmoqda.

«Pasport stoli» rejimi yillar davomida o‘zgarmay kelyapti. Fuqarolar hanuz poytaxtdagi ish, o‘qishini tashlab, doimiy yashash hududiga borib, pasport rasmiylashtirishga majbur bo‘lmoqda. Ham vaqtidan, ham naqdidan kechishga majbur bo‘layotgan xalq uchun qulayliklar qayerda qoladi?

Savollar ko‘p, javobni qidirib ko‘ramiz. Odamlarning millionlab pullari ko‘chaga sarflanishiga sabab bo‘layotgan jarayonga mas'ul tashkilotlar qanday munosabatda?

«Vaqtinchalik turar joyidan «zagran» pasport olish ko‘rib chiqilyapti»

IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Nodir Ziyayev:

«2019 yilning yanvar oyidan boshlab migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari tomonidan xorijga chiqish biometrik pasportlari rasmiylashtirib berilmoqda. Fuqarolarga yengillik yaratish maqsadida amaldagi me'yoriy-normativ hujjatlarga tegishli o‘zgartishlar, ya'ni fuqarolarni vaqtinchalik hisobga olingan joylardagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari tomonidan xorijga chiqish biometrik pasportini olish imkoniyati yaratiladi. Hujjat loyihasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Keksa, o‘zgalar parvarishiga muhtoj, harakatlanishi chegaralangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga biometrik pasportni rasmiylashtirish va berish ularning doimiy yashash joyiga chiqish orqali mobil qurilma bilan amalga oshirilmoqda».

«Prezident qarorida Toshkentda vaqtincha yashaydiganlar manfaati inobatga olinmagan»

Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi bosh maslahatchisi Oybek Hasanov:

«2019 yil 26 dekabrda «O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini yaratish hamda O‘zbekiston Respublikasi biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi. Unda Toshkent shahrida vaqtincha istiqomat qiluvchilar manfaati  inobatga olinmagan. Qarorning 17-bandida fuqarolar xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun doimiy ro‘yxatda turadigan joylaridagi ma'lumotlarni yig‘ish punktiga yoki konsullik ro‘yxatiga olingan ma'lumotlarni yig‘ish punktiga murojaat qiladilar, deb belgilangan. Shu tizimni elektron onlayn tarzda joriy qilish mumkinmidi?

«Davlat xizmatlari yagona reyestrini tasdiqlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining qarori qabul qilindi. Bu qaror ilovasida «O‘zbekiston Respublikasi fuqarosiga biometrik pasport berish» 97-band bilan davlat xizmati sifatida e'tirof etilgan. Shunday bo‘lsa-da, «zagran» pasport va fuqarolik pasportini rasmiylashtirish O‘zbekiston hududida davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida yagona siyosatni amalga oshiruvchi tashkilot (O‘zbekiston Respublikasi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi) zimmasiga yuklatish masalasi ochiq qolyapti.

«Zagran» pasportni DXA orqali berish rejalashtirilgan»

Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmat agentligining ma'lumot berishicha, fuqarolarga xorijga chiqish va fuqarolik pasportlarini rasmiylashtirishni davlat xizmatlari markazlari orqali joriy etish rejalashtirilgan. Kelgusida vakolatli organlar bilan birgalikda ushbu masala ko‘rib chiqiladi. Hozircha bu xizmat joriy etilmagan.

Endi nima qilish kerak?

Ko‘rinib turganidek, «zagran» pasport masalasi hali-beri o‘zgarmasa kerak. Ikki tashkilot ham aniq fikr aytmayapti. DXA va IIV o‘zaro kelishib, fuqarolar qulayligi masalasini o‘ylab ko‘rishi kerakdir, balki. Haydovchilik guvohnomasi kabi «zagran» pasportni ikkala idoradan olish sharoitini yaratish lozim. Boshqacha aytganda, fuqarolarga tanlov imkoniyatini berish kerak.

Yaqinda o‘zim doimiy yashash hududimdagi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga borib, «zagran» pasport rasmiylashtirdim. Ishlash tartibi juda oddiy. Davlat xizmatlari agentligi markazlarida ham xuddi shunday texnik imkoniyatlarni yetarli. Asosiy vazifa Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat Personallashtirish Markazi tomonidan amalga oshiriladi. Demak, bu o‘rinda migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari faqatgina vositachi vazifasini bajarmoqda. DXA markazlari ham jarayonda birgalikda faoliyat olib borishi uchun hech qanday monelik bo‘lmasligi kerak. Xavfsizlik nuqtayi nazaridan bu vakolat hozircha IIVda qoldirilishi kerak, degan fikr bildirilishi aniq. Bunga ham taklif bor: DXA markazlarida migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari ochilishi kerak. Fuqaro xohlasa o‘zi doimiy yashash hududidan, xohlasa istalgan DXA markazlaridagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlaridan pasport olish tizimini yo‘lga qo‘yish vaqti keldi.

Keyingi yili «pasport stol» mavzusi yanada dolzarblashadi. 2021 yilda biometrik pasportning amal qilish muddati tugaydi va millionlab fuqarolar yana sarsongarchilikni boshdan kechirishiga to‘g‘ri keladi. Bu masalada ikki tashkilot alohida qutblarga ajralmasdan yakdillik bilan harakat qilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Davlat xizmatlari yagona reyestrida fuqarolik pasportini almashtirish va chet elga chiqish ruxsat yozuvi (stiker) (endilikda xorijga chiqish biometrik pasporti)ni rasmiylaytirish davlat xizmati, deya e'tirof etilgan. Demak, IIVning bu vakolati DXAga o‘tkazilishi uchun huquqiy asos bor.

Nega bu jarayonni amalga oshirish hanuz paysalga solinayotgani katta so‘roq ostida qolmoqda. «Hammasi inson manfaatlari uchun!», degan gaplar faqat og‘izda va qog‘ozlarda emas, amaliyotda ham ko‘rinsin.

Muhabbat Ma'mirova

Mavzuga oid