O‘zbekiston | 14:23 / 20.02.2020
4244
5 daqiqa o‘qiladi

Fitosanitar xavfni tahlil qilish uch bosqichda amalga oshirilishi belgilandi

Vazirlar Mahkamasining “Fitosanitar xavfni tahlil qilish, fitosanitariya choralarini qo‘llash va bekor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Fitosanitar xavfni tahlil qilish, fitosanitariya choralarini qo‘llash va bekor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, fitosanitar xavfni tahlil qilish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi hamda organizm zararli ekanligini, tartibga solinishi kerakligini va unga qarshi fitosanitariya choralari qanday darajada ta'sirchan ekanligini aniqlash maqsadida biologik yoki boshqa ilmiy va iqtisodiy ma'lumotlarni baholash, shuningdek, O‘zbekistonda karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan zararli organizmlar ro‘yxatini shakllantirish va qayta ko‘rib chiqish jarayonidan iborat.

Fitosanitar xavfni tahlil qilish metodikasi Inspeksiya tomonidan tasdiqlanadi va fitosanitar xavf tahlili tizimiga doir xalqaro talablariga muvofiq unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Fitosanitar xavfni tahlil qilish metodikasida fitosanitar xavfni tahlil qilishning tegishli bosqichida choralar va ularni amalga oshirish tartibi belgilanadi.

Fitosanitar xavfni tahlil qilish uch bosqichda amalga oshiriladi:

xavfni tahlil qilish jarayonini boshlash (dastlabki bosqich);

fitosanitar xavfni baholash;

fitosanitar xavfni boshqarishni baholash.

Inspeksiya tomonidan fitosanitar xavfni tahlil qilish to‘g‘risidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:

zararli organizm kirib kelishida potensial xavf mavjud bo‘lishi va tarqalish yo‘llari aniqlanganda;

fitosanitariya choralarini qo‘llashni talab qiladigan zararli organizm aniqlanganda.

Inspeksiya fitosanitar xavfni baholashda tegishli vazirliklar va idoralar, o‘simliklar himoyasi va karantini sohasidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari, akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalar, shuningdek, xorijiy ekspertlar va maslahatchilarni belgilangan tartibda shartnoma asosida jalb qilishi mumkin.

Fitosanitar xavfni baholash natijasiga ko‘ra, Inspeksiya tomonidan Fitosanitar xavfni boshqarishni baholash zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Fitosanitar xavfni tahlil qilishning dastlabki bosqichi zararli organizmni aniqlash va uning muayyan fitosanitar xavfli zonalarda (hududlarda) tarqalish yo‘llarini aniqlashdan iborat.

Zararli organizm kirib kelishi xavfi mavjud bo‘lgan yangi tarqalish yo‘llari aniqlanganda, O‘zbekistonga ilgari olib kirilmagan karantin ostidagi mahsulot olib kirilishida, ilmiy-tadqiqot va seleksiya maqsadida o‘simliklarning yangi turlarini import qilishda, qadoqlash orqali, pochta jo‘natmalari, chiqindi, yuk, qo‘l yuki va boshqa yo‘llar bilan tabiiy tarqalganda, fitosanitar xavf tahlili o‘tkaziladi.

Bunda zararli organizmning tarqalish yo‘llari aniqlanganligi to‘g‘risidagi ma'lumot har qanday rasmiy manbalardan, ma'lumotlar bazalaridan, ilmiy va boshqa adabiyotlardan olinishi mumkin.

Fitosanitar xavf tahlili ma'lum bir hududda (mintaqada) zararlanish o‘chog‘i aniqlanganda, import qilinadigan mahsulotlarda, ilmiy-tadqiqotlar natijasida va boshqa holatlarda zararli organizmlar aniqlanganda, fitosanitar xavf tahlili o‘tkaziladi.

Zararli organizm aniqlanishi bilan bog‘liq fitosanitar xavf tahlili ma'lum bir hududda (mintaqa) zararlanish o‘choqlari aniqlanganda, zararli organizm import qilinayotgan mahsulotlarda yoki ilmiy-tadqiqot natijasida va boshqa hollar aniqlanganda o‘tkaziladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, “O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati, Fanlar akademiyasining o‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan o‘rganish yoki monitoring natijasida aniqlangan zararli organizmlar haqida Inspeksiyaga har chorakda yoki zararli organizmlar aniqlangan vaqtda ma'lumot beriladi.

Ko‘rsatilgan hollarda yoki zararli organizm aniqlangan vaqtdan e'tiboran to‘qson kun ichida Inspeksiya fitosanitar xavfni tahlil qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Qo‘shimcha ma'lumot to‘plash, ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazish zarurati tug‘ilganda, fitosanitar xavf tahlilini tayyorlash ikki yilgacha bo‘lgan muddatga Inspeksiya tomonidan uzaytirilishi mumkin.

Mavzuga oid