«Barsa» autsayderning yagona forvardini sotib oldi. Nega?
Ispaniya chempionatida noodatiy voqea kuzatildi - qishki transferlar darichasi yopilganiga ancha bo‘lganiga qaramasdan «Barselona» yangi futbolchi sotib oldi - «Leganes»ning asosiy hujumchisi Martin Breytueyt endi kataloniyaliklar klubi a'zosi. Quyida ushbu transfer atrofidagi mojaro haqida.
Yanvar xatosi
Yanvar oyida «Barselona» hujumchisi Luis Suares tizzasidagi jarohati (tizza payining oy o‘rog‘i shaklidagi ichki va tashqi tog‘aylari shikastlangan) tufayli operatsiya qilindi. Avvaliga u ushbu jarohat tufayli 6 hafta ichida maydonga qaytishi kutilgandi, ammo vaziyat kutilganidan og‘irroq bo‘lib chiqdi. Suares avval ham bir necha marta jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan, u 33 yoshda va endi uning organizmi 23 yoshidagi kabi tiklana olmaydi. Qisqasi, Suares may oyiga qadar safdan chiqdi.
Hali qishki transferlar oynasi ochiq edi, ammo hech bir klub mavsum o‘rtasida kuchli hujumchisi bilan xayrlashishni istamasdi («Barselona»ga esa aynan yuqori saviyali hujumchi kerak edi). Ko‘k-anorranglilar «Inter»dan Lautaro Martinesni, «Valensiya»dan Rodrigoni va hatto «Arsenal»dan Per-Emerik Obameyangni sotib olmoqchi bo‘lishdi. Transferlar oynasining so‘nggi kunida «Barsa» baribir yangi hujumchi transfer qildi — «Braga»ga qanot hujumchisi Trinkau uchun 31 million yevro to‘landi. Ammo bu futbolchi Kataloniyaga faqat yozda kelishi mumkin. «Biz hozir qaysidir hujumchini safga qo‘shib olmaslikka qaror qildik, — dedi yanvar oxirida «Barselona» direktori Gilermo Amor. — Agar transfer jamoani kuchaytira olmasa, bunday xariddan foyda yo‘q».
Dembelening navbatdagi jarohati
Bu uzoqni ko‘ra bilmasdan chiqarilgan qaror bo‘lib chiqdi. Suares yo‘qligi katalonlarga mavsumning qolgan qismida bilinishi tayin edi. Forvard yetishmovchiligi jamoa o‘yinida aks eta boshladi: 6 fevral kuni «Barselona» Ispaniya Kubogi chorak finalida «Atletik» darvozasiga gol ura olmadi va o‘yin oxirida gol o‘tkazib turnirni tark etdi. O‘sha kuni hujum chizig‘ida asli himoyachi bo‘lgan Serji Roberto harakat qilishga majbur bo‘ldi.
«Atletik» bilan o‘yinga ikki kun vaqt qolganida «Barsa»ning eng nozik futbolchisi Dembele yana jarohat oldi. Fransuz noyabr oyida olgan jarohatini tuzatayotgandi, ammo fevral oyidagi mashg‘ulotlar vaqtida bel qismini shikastlab oldi. Shifokorlar tekshiruvlardan so‘ng u yana besh oy futbol o‘ynay olmasligini aytishdi.
Katalonlar ixtiyorida atigi ikki nafar «toza» forvard qoldi — Messi va Grizmann. Yosh Fati ham bor, ammo, u hali 17 yoshda, qolaversa u o‘yin uslubiga ko‘ra hujumchidan ko‘ra qanot yarimhimoyachisi. Kike Seten hali jamoada o‘z o‘yin sxemasini tanlay olgani yo‘q, jamoa o‘z odatiga ko‘ra 4-3-3 sxemasida harakat qilib kelmoqda. Bu holatda forvard yetishmovchiligi yaqqol bilinadi.
Qutqaruvchi qoida
Katalonlar baxtiga, La Liga reglamentida «lazeyka» mavjud. Unga ko‘ra, klublarga maxsus murojaat asosida transferlar darichasidan tashqarida ham bir futbolchi sotib olish imkoni beriladi, buning shartlari bor. Birinchidan, bu qoida faqat fors-major holatlarida qo‘llanadi, bitta ampluada harakatlanuvchi bir necha muhim futbolchi jiddiy jarohat olgan bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, faqat Ispaniya chempionatida to‘p surayotgan yoki erkin agent bo‘lgan futbolchini tarkibga qo‘shib olish mumkin. Marca nashri avvaliga «Barselona» uch futbolchi variantini ko‘rib chiqayotgani haqida yozdi: Kristian Stuani («Jirona»), Villian Joze («Real Sosedad») va Loren Moron («Betis»).
Ammo bu klublar bilan muzokaralarni murakkablashtiruvchi jihat bor edi - bu klublarga qishki transferlar darichasidan tashqari yangi futbolchi sotib olishga ruxsat berilmasdi, ya'ni ular o‘z asosiy hujumchilarini «Barselona»ga sotishsa, bu hujumchiga o‘rinbosarni faqat klub ichidan qidirishga to‘g‘ri kelardi. Natijada, bu klublarning hech biri asosiy hujumchisini «Barsa»ga berishni istamadi va katalonlar butun Ispaniya bo‘ylab futbolchi qidirishni davom ettirdi. Nihoyat topildi ham.
«Leganes»dan superklubga
Hafta boshida Ispaniyadagi bir necha yirik nashrlar «Barselona» «Leganes»dan Martin Breytueytni sotib olishi haqida yoza boshladi. Ko‘k-anorranglilar yanvar oyida forvard olmasdan o‘zlarini burchakka taqab qo‘yishdi.
20 fevral kuni transfer haqida rasman e'lon qilindi. Futbolchi «Barselona»ning aksar yangi xaridlari kabi «Kamp Nou»da hayajonlandi.
Martin Breytueyt 28 yoshda
Daniyalik ushbu hujumchi bir necha yil avval Fransiya chempionati yulduzi edi, «Tuluza» safida harakat qilgan futbolchi bir necha mavsum davomida (2013-2017) chempionat to‘purarlari qatorida yurdi. Keyin uni Angliyaga olib ketishdi, chempionship vakili «Midlsbro»da esa uning o‘yini qovushmadi. 2017-2018 yilgi mavsumda inglizlar klubi safida birinchi davradagi 19 o‘yinda 5 gol urgan futbolchi 2018 yil yanvarida Fransiyaga qaytarildi va «Bordo» safida ijara asosida harakat qildi. 2018-2019 yilgi mavsumning birinchi davrasida atigi uch gol urgan futbolchi 2019 yilning yanvarida «Leganes»ga ijaraga berildi. O‘tgan mavsumda yangi jamoasi safida 19 o‘yinda maydonga tushgan futbolchi 4 gol urib, 6 golga hammualliflik qildi va o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatdi. Ispanlar uni yozda sotib olishga qaror qilishdi. Joriy mavsumda esa u jamoasi uchun 6 gol urgan, bitta golli pas bergan, ammo so‘nggi yetti o‘yinda maydonni golsiz tark etgan. Uni YeChL g‘olibligi uchun kurashmoqchi bo‘layotgan «Barselona» darajasidagi hujumchi deyish mumkinmi?
• Breytueyt – La Ligada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan «Leganes»ning asosiy to‘purari va muhim futbolchisi (barcha 24 turda maydonga tushgan va 6 gol urgan) edi, jamoa ayni vaqtda turnir jadvalida 19-o‘rinda bormoqda.
• «Barsa» daniyalik futbolchi uchun 18 million yevro to‘ladi – bu uning shartnomasida ko‘rsatilgan badal puli. «Leganes» «Barselona» qiziqishi haqida xabarlar tarqala boshlaganida transfer bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishdan bosh tortgandi.
• «Leganes» hozir juda qiyin ahvolda qoldi: Madrid yaqinidagi hudud sharafini himoya qiluvchi kichik klub o‘z tarixida Primeradagi to‘rtinchi mavsumini o‘tkazmoqda, La Liga esa bu klubga Breytueyt uchun o‘rinbosar sotib olishga ruxsat bermadi. Transferlar oynasidan tashqarida klubdan futbolchi olib ketishlari mumkin, ammo klubning o‘zi boshqa futbolchi sotib ololmaydi.
Qolaversa yanvar oyida «Sevilya» qashshoqqina «Leganes»dan boshqa bir to‘purar futbolchisi – 22 yoshli marokashlik hujumchi Yussuf An-Nesirining tovon pulini to‘lagan holda olib ketgandi.
• Futbolchisi ketganini e'lon qilar ekan, «Leganes» La Liganing transferga ta'sirini qayd etdi.
«Biz bu masalani ko‘tarishni xohlaymiz. Biz o‘zimizga jiddiy va katta zarar beradigan vaziyatga tushib qoldik. Biz hozirgi qoidani tushuna olmayapmiz, futbolchisi jarohat tufayli uzoq vaqtga safdan chiqqan klub bu amaliyotni bir tomonlama tartibda o‘tkazib, o‘z muammosini boshqa klubga yuklamoqda.
Bu qoida klublarning ikki tomonlama roziligi asosida qo‘llanganida tushungan bo‘lardik, ammo hozirgi qoida klublar tengligiga zid kelmoqda. Biz bu vaziyat tufayli kelgan ta'riflab bo‘lmas darajada katta zararni kamaytirish uchun oxirigacha borishga tayyormiz. Biz benefitsiari «Barselona» bo‘lgan, jabrlanuvchi esa – «Leganes» bo‘lgan mazkur qoidani adolatsiz deb hisoblaymiz», – dedi klub bosh direktori Martin Ortega.
• Ispaniyadagi asosiy sport nashrlaridan biri bo‘lgan Marca nashrida muharrir Roberto Palomar kolonkasida tanqidiy material bosildi. «Albatta, muayyan qoidalar bor. Ammo oxir-oqibat, klub nima qilishni o‘zi hal qiladi. «Barselona» odob va etika qoidalariga amal qilmadi. Qoidalar ular tomonida bo‘lsada, bu harakati bilan «Barselona» ot o‘g‘rilari davrini yodga solmoqda.
Gap qoidalarga amal qilishda emas, balki prinsipsiz klubga aylanmaslik haqida ketmoqda. Gap «Barselona»ning ahmoqona rejalashtirishida emas, gap hurmat qilish va obro‘ni saqlash haqida. Bu transferdan keyin butun dunyo «Barselona» haqida nima deb o‘ylaydi? Bundan keyin futbol jamoatchiligi ularni hurmat qiladi deb o‘ylaman. Bu sport nuqtayi nazaridan shubhali, moliyaviy nuqtayi nazardan esa ahmoqona transfer. Ammo asosiysi – axloqiy prinsiplar», – deya yozdi jurnalist.
• Aftidan, Breytueytning ketishi klub taqdirini hal qiladi: «Leganes»da endi yagona markaziy forvard Gido Karrilo qoldi, ammo u maydonga juda kam tushadi va bu mavsumda gol urmagan. Breytueyt va An-Nesirini hisobga olmasa, «Leganes»ning atigi to‘rt futbolchisi La Ligada gol urgan – ular jami 8 gol urishgan, shundan 5ta gol havbek Oskar Rodriges hisobiga yozilgan.
• Martin Breytueytning agenti Ali Dursun hisoblanadi. U Frenki de Yongning Kataloniyaga kelishini ta'minlagan agentlik vakilidir. «Barsa»ga de Yong bilan birga Dursunning o‘g‘li Mayk van Beynen ham olib kelindi, u ikkinchi jamoada ham birorta o‘yinda maydonga tushmadi va qishda «Genchlerberligi» klubiga ijaraga berildi.
• Aytish kerakki, kataloniyaliklar klubi rejalashtirishda «qovun tushirdi». Suares jarohat olgan bo‘lsada «Barselona» yosh markaziy hujumchi Abel Ruisni («Barsa» tarbiyalanuvchisi) «Braga»ga keyinroq 8 million yevroga sotib olish sharti bilan ijaraga berib yubordi («Leganes» Bretueytni «Midlsbro»dan 5 mln yevroga sotib olgandi), shuningdek, har ikki qanotda o‘ynay oladigan va joriy mavsum boshida jamoa joniga oro kirgan vinger Karles Peres «Roma»ga berib yuborildi. «Barsa»ning mantig‘i o‘ziga xos: 31 yanvar kuni talantli forvard boshqa klubga berib yuborildi, bir necha hafta o‘tib majburlikdan futbolchi sotib oldi.
• Breytueyt, katta ehtimol bilan, yozda klubga kerak bo‘lmay qoladi: Suares jarohatidan tiklanadi, Dembele ham qaytadi. «Barsa» Dursun bilan muzokaralar vaqtida Breytueyt – shoshilinch variant ekanini yashirib o‘tirmadi, agar uning o‘yinlari kataloniyaliklar rahbariyatida taassurot qoldirolmasa, yozda sotuvga qo‘yiladi. Lekin «Barselona» u uchun sarflangan 18 mln yevroni qaytarib olmasligini tushunib turibdi.
Dursun kataloniyaliklarni yozda ushbu futbolchiga xaridor chiqishiga ishontirgan. Uning aytishicha, qishki transferlar vaqtida «Leganes»ga Breytueyt bo‘yicha APLning bir necha klubi taklif bilan chiqqan. Lekin «Leganes» hujumchisini sotishni istamagan.
• Kataloniyadagi Diario Sport nashri o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, sayt foydalanuvchilarining 89 foizi Breytueyt transferidan noroziligini bildirishgan va bu transferni ahmoqlik deb atashgan. Nashr kolonkasida esa futbolchiga «daniyalik Ronaldo» deb nom berilgandi.
• Bu vaziyatdan faqat «Midlsbro» yutishi mumkin: klubga ushbu transferdan 4,5 mln yevro tegadi – inglizlar klubi futbolchining qayta sotuvidan ulush olishmoqda. Angliyaliklar yozda ham futbolchi transferi 5 million yevro olishgandi. Ular o‘shanda 28 yoshli markaziy forvardning bahosi ikki barobar oshishini kutishmagani aniq.
Mavzuga oid
11:50 / 24.11.2024
«Siti» yana 4 ta gol o‘tkazdi, «Barsa» kambek qurboni. Kun o‘yinlari
13:34 / 11.11.2024
«Barsa» o‘yinida mojaroli qaror, Shomurodov yana murabbiysiz qoldi. Kun o‘yinlari
12:28 / 07.11.2024
«Villa» o‘yinida ahmoqona penalti, «Barsa» istagancha gol urmoqda. Kun o‘yinlari
12:26 / 04.11.2024