O‘zbekiston | 00:00 / 17.03.2020
25863
4 daqiqa o‘qiladi

AOKA Telegram-kanal egalariga ogohlantirish yubormoqda. Agentlik rahbari izoh berdi

Koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga oid yolg‘on xabar tarqatgan Telegram'dagi kanallar mualliflariga Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidan ogohlantiruv xatlari kelmoqda. Tarmoqdagi muhokamalarda buni senzuraning boshlanishi deya baholayotganlar oz emas.

Ogohlantiruvda ma'lum bir postda yolg‘on ma'lumot aniqlangani, kanal ma'muriyati bu postni olib tashlamasa, Jinoyat kodeksining 244-1 moddasiga binoan javobgarlikka tortilishi aytilgan.

Kun.uz muxbiri AOKA direktori birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonovdan holat yuzasidan izoh so‘radi.

Dilshod Saidjonovning aytishicha, bu – hech qanday senzura emas, faqat xavfsizlik nuqtayi nazaridan hamda fuqarolarga qonunchilikni eslatib qo‘yish uchun shunday xabarlar yuborilmoqda.

«Afsuski, ko‘pchilik qonunlarni o‘qimaydi. «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunning 12-1-moddasi veb-sayt egasi, shuningdek, blogerlarga bag‘ishlangan. Ushbu qonunda qanday axborotni tarqatish mumkin emasligi aniq yozib qo‘yilgan.

Ya'ni muammo nimada? Bu – koronavirus haqida tarqatilgan axborot haqida emas. Muammo shuki, rasm yoki video olinyapti va shu rasm, videoga sharh berilyapti. Masalan: «Mana, Toshkentda oziq-ovqat bo‘yicha muammo bo‘lyapti, aholi to‘plangan. Oziq-ovqat yetmaydi. Taqchillik yuzaga keladi» degan xabarlar tarqab ketdi. Telegram`dagi guruhlarda, har xil kanallarda va Facebook sahifalarida shunday xabarlar tarqaldi.

Bir tomondan, fuqarolarimizni tushunaman. Ular tezkorlik bilan ma'lumot berishga harakat qilishadi. Faqat ularning qoldirayotgan izohlari qonunchilikka zid hisoblanadi. Buni ular bilmagani uchun yozishmoqda, lekin bilgan ham, bilmagan ham qonun oldida teng.

Shuning uchun biz aholi orasida vahima uyg‘otuvchi axborotlar tarqatayotganlar jinoiy javobgarlikka tortilishining oldini olish maqsadida qonundagi normalarni eslatishni joiz deb bildik.

Jinoyat kodeksining 244-1-moddasida aholi orasida vahima uyg‘otuvchi xabarlar tayyorlash va tarqatishga javobgarlik belgilangan.

Ushbu moddaning yana bir muhim jihati – mazkur xabarlar ommaviy axborot vositasi orqali yoki internet orqali tarqatilsa, 5 yildan 8 yilgacha qamoq jazosi belgilangan.

Ushbu javobgarliklarni fuqarolarimizga eslatish uchun biz ogohlantiruv xatlari bilan chiqishga majbur bo‘ldik.

Chunki bizga bunday asossiz vahimalar kerak emas. Vahima nima oqibatga olib kelishiga tarix guvoh.

Bosh vazir Abdulla Oripov ham OAV va blogerlar bilan bo‘lgan yig‘ilishda barcha oziq-ovqat mahsulotlari yetarli ekanini aytib o‘tgan edi. Shunga qaramasdan vahimali axborotlar tarqadi. Shuning uchun biz majbur bo‘ldik», – deydi Dilshod Saidjanov.

AOKA rahbari koronavirusga chalingan ayol haqidagi ma'lumotlar tarqab ketganiga ham o‘z munosabatini bildirdi.

«Koronavirusga chalingan ayol haqida shaxsiy ma'lumotlar Telegram-kanallarida tarqalib ketdi. Agentlik tomonidan ogohlantiruvchi tizim ishlab chiqilgan. Fuqarolar ushbu xatolarni qilmaslik uchun biz guruh adminlariga ushbu xatlarni yuboryapmiz. Xatlarimizda ularning xatosini isbotlab ko‘rsatyapmiz hamda nima javobgarlikka olib kelishini ham eslatib o‘tyapmiz.

Qonunni buzganini tushunganlar xabarni olib tashlayapti. Olib tashlamaganlari bilan esa huquqni muhofaza qiluvchi organlar huquqiy baho berishi kerak», – dedi Saidjonov.

Ma'lumot o‘rnida, vahima uyg‘otuvchi, yolg‘on axborotlarni oldini olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi, AOKA, Yoshlar ittifoqi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash fondi bilan birgalikda  https://t.me/koronavirusinfouz Telegram-kanali ishga tushirilgan, bunga barcha vazirliklar jalb etilgan.

Xalqimizga koronavirus bilan bog‘liq barcha ishonchli ma'lumotlar ushbu kanal orqali berib boriladi.

Mavzuga oid