O‘zbekiston | 21:10 / 20.03.2020
9632
3 daqiqa o‘qiladi

Madaniyat vaziri majlislar sonini keskin cheklash talabi bilan chiqdi

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov respublikadagi karantin hoati tufayli madaniy ta'lim muassasalarida bo‘ladigan o‘zgarishlar xususida ma'lum qildi.

Unga ko‘ra, Madaniyat vazirligi tasarrufidagi ta'lim muassasalari kafedralarida professor-o‘qituvchilarning 50 foizgacha va boshqa xodimlarning funksional vazifalari hamda toifalaridan kelib chiqqan holda mehnat ta'tili berish tavsiya etiladi.

«Bunda, birinchi navbatda, voyaga yetmagan farzandlari bo‘lganlar hamda katta yoshdagi pedagoglarga mehnat ta'tili berish maqsadga muvofiq. Mehnat ta'tiliga chiqmaydigan professor-o‘qituvchilar ta'lim muassasasining o‘quv metodik hujjatlarini takomillashtirish, o‘quv jarayonini kredit-modul tizimiga o‘tkazish bo‘yicha tegishli hujjatlarini tayyorlash, o‘quv jarayonining masofaviy shaklini joriy etish maqsadida fanlar bo‘yicha elektron o‘quv resurslarini ishlab chiqish va ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etiladi», deydi o‘z bayonotida Ozodbek Nazarbekov.

«Ta'lim muassasalarida majlislar sonini keskin cheklash hamda ishtirokchilar sonini 10-15 nafardan oshirmaslik lozim. Hujjatlar harakatining maksimal ravishda elektron shaklga o‘tkazilishi ta'minlansin. Muassasalararo ta'lim va ichki ommaviy tadbirlar o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmasin. Boshqa tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlar, majlislarga professor-o‘qituvchilar va xodimlarni vakolatli tashkilot rahbarining rasmiy qarori (buyrug‘i) bo‘lmagan holda jalb etish taqiqlanadi», deyiladi vazir bayonotida.

Bayonotda ko‘rsatilishicha:

vazirlik tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan san'at va madaniyat maktablari, maktab-internatlari hamda bolalar musiqa va san'at maktablarining o‘qituvchilari hamda konsertmeysterlariga 2020 yilning 18 martidan «Mehnat kodeksi»da belgilangan navbatdagi mehnat ta'tili hisobidan o‘quvchilarning ta'til vaqtida mehnat ta'tili berish tavsiya etiladi.

Madaniyat vazirligi tasarrufidagi barcha madaniyat muassasalaridagi ijodiy to‘garaklar vaqtincha o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Bolalar musiqa va san'at maktablarida ta'lim olish uchun to‘lanadigan to‘lovlar karantin davrida dars bo‘lmagani hisobiga qayta hisoblab chiqiladi.

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid