Fan-texnika | 12:51 / 20.04.2020
18443
2 daqiqa o‘qiladi

AKT vazirligi ayrim joylarda mobil internet tezligi pasayganiga izoh berdi

Tarmoqlardagi yuklamalar doimiy nazoratga olinib, tarmoqning ishonchli ishlashini ta'minlash uchun zarur texnik va tashkiliy choralar ko‘rilmoqda 

Foto: KUN.UZ

Hozirgi kunda aholi, ayniqsa talabalar uylarida o‘tirgani aholi yashash mavzelarida va qishloq hududlarida tarmoqqa yuklamaning keskin ortishiga olib kelmoqda, deya xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi.

“Natijada, ayrim joylarda mobil internet tezligi kamayishi kuzatilmoqda. Ushbu holatda tarmoqlardagi yuklamalar doimiy nazoratga olinib, tarmoqning ishonchli ishlashini ta'minlash uchun zarur texnik va tashkiliy choralar ko‘rilmoqda”, - deyiladi ma'lumotda.

Qayd etilishicha, respublika bo‘yicha 237 ta obektda magistral telekommunikatsiya tarmoqlari kengaytirilib, telekommunikatsiya uskunalari modernizatsiya qilindi. Natijada magistral telekommunikatsiya tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyatlararo darajada 200 Gbit/s.ga, tumanlararo darajada esa 40 Gbit/s.ga yetkazildi.

Shuningdek, «Optik tolali aloqa liniyalarini qurish» loyihasi doirasida respublika bo‘yicha 16,0 ming km. optik tolali aloqa liniyalari qurilib, umumiy uzunligi 36,6 ming km.ga yetkazildi.

Internet tarmog‘iga keng polosali simli ulanishni kengaytirish loyihasi doirasida operator va provayderlar tomonidan 1 mln. port montaj qilindi va keng polosali tarmoqqa ulanish portlarining umumiy soni 2 mln.dan ortdi.

Mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida 6 000 dan ortiq mobil aloqa baza stansiyasi o‘rnatilib, ularning umumiy soni 26 mingtadan ortdi va respublika aholi maskanlarini mobil aloqa bilan qamrovi darajasi 97 foizga va mobil internet tarmog‘iga keng polosali ulanish qamrovi darajasi 70 foizga yetkazildi.

“Qishloq hududlarida mobil aloqa baza stansiyalarning texnik imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish maqsadida elektromagnit nurlanish normalari qayta ko‘rib chiqildi va baza stansiyalar quvvatlari oshirildi. 2019 yil davomida telekommunikatsiya tarmoqlari qamrovi umuman mavjud bo‘lmagan aholi yashash maskanlari soni deyarli ikki barobarga kamaytirildi”, - deyilgan xabarda.

Mavzuga oid