Iqtisodiyot | 12:54 / 20.04.2020
20544
9 daqiqa o‘qiladi

Mamarizo Nurmuratov banklardan valuta sotib olishda kuzatilayotgan cheklovlarga izoh berdi

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratovning ma'lum qilishicha, O‘zbekistondagi tijorat banklarida naqd valuta sotuviga cheklovlar qo‘yilishi banklar tashkiliy ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olmagani bilan bog‘liq. Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonda naqd valuta yetishmovchiligi yuzaga kelmaydi, Markaziy banki va Nyu-York federal banki o‘rtasida shartnomaga ko‘ra yaqinda 200 million dollar olib kelingan, 5 may kuni yana 400 million dollar olib kelinadi.

Mamarizo Nurmuratov

Davletov.uz kanali muallifi Qobil Xidirov O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisi Mamarizo Berdimuratovich Nurmuratov bilan koronavirus pandemiyasi sharoitida bank tizimining barqaror faoliyat yuritishi, banklar tomonidan iqtisodiy inqiroz oqibatlarini yumshatish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar hamda valuta kursi, inflatsiya ko‘rsatkichlari barqarorligi masalalarida suhbat uyushtirdi.

Yashirishning hojati yo‘q, valuta kursidagi tebranishlar ortidan tijorat banklari tomonidan aholiga  valuta sotishda turli ko‘rinishda limitlar o‘rnatilgan. Oldindan aytib qo‘yay: banklarni ayblashdan yiroqmiz, lekin hech qanaqa limitlar yo‘q va bo‘lmagan deyishdan ham osoni yo‘q. Shu masalada tijorat banklari vakillari bilan ham muloqot qilganimizda, ular buni 2ta sabab bilan izohlashayapti. 

Birinchi sabab: Banklarda valuta pozitsiyasi yo‘q, ya'ni valuta sotilmayotgani sababi, hech kim banklarga valuta sotmayapti, eksportyorlar ham pauza olgan, aholi ham. Sotishi mumkin bo‘lganlarning kurs kutilmalari balandroq. Tijorat banklari aholi va eksportyorlardan yuqoriroq kursda sotib ololmaydi, chunki norasmiy bo‘lsa-da koridor mavjud. Shu ma'noda, quyi va yuqori koridorlarni bekor qilish haqida o‘ylab ko‘rish vaqti yetmadimikin?

Ikkinchi sabab: 28 martdan buyon aviaqatnovlar to‘xtagan. Shu sababli chetdan naqd valuta keltirish ham to‘xtab qolgan. Biz bilan muloqotda bo‘lgan ayrim bankirlar naqd valuta tugaganini aytishmoqda. Bu muammoga nafaqat biz, Ukraina, Gruziya kabi davlatlar ham ro‘baru kelyapti. Ularning aksarida valuta sotishga cheklov yo‘q, lekin faqat kartalarga, naqdsiz sotish boshlangan. Aholiga ochiq tushuntirilgani uchun hech qanday vahima yoki qo‘rquv paydo bo‘lgani yo‘q. Balki bizda bu borada yetarli zaxiralar bordir. Bilmaymiz, ma'lumotimiz yo‘q. Sizning bu boradagi savollarga javobingiz qanday?

— Hammasi o‘zimiz xohlagandek bo‘lishini istaymiz. Bu tushunarli. Bir tomondan shunaqa bo‘lishigayam xursand bo‘laman. Erkinlik, liberallashtirish...

Aytishim kerakki, Markaziy bank valutani tartibga soluvchi organ sifatida biror-bir cheklov qo‘ymagan. Buni ko‘p bor aytganman. 

Cheklov qanaqa bo‘ladi? Hamma eslaydiki, 2018 yilgacha har bir odam bir chorakda faqat 2 ming dollar olishi mumkin edi, buni mamlakat ichida naqd qilib olish imkoni yo‘q edi, faqat xorijda ishlatish mumkin edi. Mana bu cheklov edi. Markaziy bank shunday cheklov belgilagandi.

Hozir siz aytayotgan muammoga sabab esa tijorat banklari tashkiliy ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olmagani bilan bog‘liq. Banklar ertalab yuzta shoxobchasiga 10 ming dollardan, 20 ming dollardan tarqatadi. Lekin ular qaysi shoxobchaga qancha odam kelib, qancha valuta olishini bilmaydi. Shuning uchun, keyingi pul miqdori olib borib berilgunicha ma'lum bir cheklov belgilashi mumkin, 200 dollar sot, 500 dollar sot deb. Men ham o‘qidim bu haqdagi xabarlarni, tijorat banklari bilan gaplashdim. Bu ish to‘g‘ri tashkil qilinmagani tufayli.

Bu nima degani. Masalan, kassir odam ko‘payayotganini, pul qoldig‘i kamayayotganini ko‘rib, operativ ravishda telefon qilib, bosh bankidan qo‘shimcha valuta olib keltirishi kerak. Bu muvofiqlashtirib turish kerak bo‘lgan jarayon. Ma'lum bir bank shoxobchalariga kun davomida uch marta borib yurish o‘rniga, bir marta kun oxirigacha yetkazish uchun kunlik mablag‘ni bergan bo‘lishi ham mumkin. Markaziy bank buni belgilab bermaydi. Buni rasmiy axborotda ham aytib o‘tdim.

Bizda so‘nggi uch oyda aholi sotgan valuta sotib olgan valutadan juda ko‘p bo‘ldi. O‘z-o‘zidan, banklarda qariyb 600 million dollarlik naqd valuta zaxirasi paydo bo‘ldi. Aholi valuta sotishi ko‘paygan davr — martning ikkinchi yarmi va hozirgi aprel. O‘sha naqd valuta zaxirasi bugungi kunda ham tijorat banklarida 311 million dollarni (18 aprel kungi ma'lumot) tashkil etmoqda. Agar buni kunlik 20 million dollar sotish bilan o‘lchaydigan bo‘lsak ham, 15 kunga bemalol yetib-ortadi.

Bundan tashqari, biz kutgan pul o‘tkazmalarida ham ma'lum ijobiy siljishlar bo‘lyapti. Masalan, mart oyining ikkinchi yarmida qariyb ikki barobar tushib ketgan bo‘lsa, hozirga kelib o‘sish kuzatilyapti, o‘tkazmalar bo‘lyapti. Bu ham naqd valuta sotilishiga ta'sirini ko‘rsatadi.

Endi valuta pozitsiyasi, zaxirasi haqidagi savolingizga o‘tsam. Odatda buni e'lon qilmasdik, hozir aytaman. Markaziy bankning Nyu-York federal banki bilan shartnomasi bor. Mana yaqinda ham 200 million dollar olib keldik. Har bir tijorat banki o‘zi olib kelishi kerak, ammo transport bilan bog‘liq muammo sabab bu safar oldindan olib keldik. Agar qaysi tijorat banki bizga naqd dollar kerak desa, ular bizdan olaverishadi. Bundan tashqari, Nyu-Yorkdagi federal bankning Angliyada va Yevropada pul bilan ta'minlaydigan maxsus xizmatlari bor. Ular orqali valuta olib kelib, tijorat banklariga yetkazib beryapmiz. Shuning uchun bizda Ukrainada yoki Gruziyadagidek bo‘lmadi.

Agar biz aralashmaganimizda bizda ham valuta yetishmovchiligi bo‘lishi mumkin edi. Chunki har bir tijorat banki o‘ziga kerakli valutani faqat xorijdagi tijorat bankidan olib keladi, biz esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri federal zaxiradan olib kelamiz. Buni birma-bir tushuntirayotganimning sababi, bu gaplar siz orqali xalqimizga yetib boradi. Bu borada muammo bo‘lmaydi. Biz har hafta naqd dollar olib kelishimiz mumkin.

Endi valuta pozitsiyasi haqida. Bu ham o‘rinli savol. Har bir bank qancha naqd valuta sotib olsa, shunga qarab sotadi. Ya'ni valuta qoldig‘iga qaraydi va o‘zining valuta pozitsiyasiga. Biz valuta pozitsiyasini o‘tgan yili 5 foizdan 10 foiz qilganmiz. Dollar bo‘yicha. Barcha valutalar bo‘yicha esa 15 foiz. Ya'ni majburiyat va talablari 10-15 foiz atrofida bo‘lishi kerak. Agar nolgacha tushsa, tijorat banklari bizga murojaat qiladi, birjadan oladi. Bu normal amaliyot. Aytishim kerakki, tijorat banklari aprel oyigacha murojaat qilmagan, valuta ayirboshlash shoxobchasida valuta sotish uchun birjadan valuta olishiga to‘g‘ri kelmagan. Chunki aholidan sotib olayotgan valutasi bemalol yetib turgan. Yuzaga kelgan vaziyat tabiiy. Odamlar xabarlarni o‘qib, bizda ham shunday bo‘lib qolmasmikin deb tashvishlanishadi.

Yana bir bor aytaman, bizda valuta yetkazib berish tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan. Xizmat siri bo‘lsa ham aytishim mumkin, 5 may kuni biz yana 400 million dollar olib kelamiz. Banklardan oldindan ularning talabini so‘rab olamiz, qancha dollar kerak deb so‘raymiz va ularning buyurtmasiga qarab olib kelamiz. Bizda dollarni olib kelish xarajatlari, tijorat banklari olib kelgandan ko‘ra, ikki baravarga arzonga tushadi. Chunki biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri pulni bosmadan chiqaradigan bankdan sotib olamiz. Buni batafsil tushuntirishimdan maqsad, odamlarda shubha uyg‘onmasligi kerak. Ukrainada shunday bo‘ldi, chunki ularda Markaziy bank aralashmadi, tijorat bankiga o‘z bilganingni qil, bu sening biznesing deyishdi. Gruziyada ham xuddi shunaqa bo‘ldi.

Biz esa ongli ravishda o‘zimiz olib kelib banklarimizga beryapmiz. Chunki tijorat banki pul sotmay qolsa, kaltak bizga kelib tushishi mumkin, Markaziy bank nimadir qilgandir deyishadi.

Mavzuga oid