Jamiyat | 13:33 / 04.05.2020
20868
16 daqiqa o‘qiladi

Saxovatda o‘tgan umr yoki qoraqalpoq Hotamtoyi

Kuba prezidenti Fidel Kastro Rus tan olgan, Rossiya estrada yulduzi Alla Pugachyova ta'zim qilgan, ukrainalik aka-uka bokschi Klichkolar otasi sifatida ko‘radigan, saxovatpeshalik bo‘yicha dunyoga dong tarqagan qoraqalpog‘istonlik Allaniyaz Uteniyazov haqida eshitganmisiz?

Ha, bir vaqtlari xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida bu inson haqida ko‘p yoritildi, lekin uning fenomeni hali to‘la o‘rganilmadi.

Allaniyaz Uteniyazov 1936 yilda Qoraqalpog‘istonning Kegeyli tumani Qazayaqli qishlog‘ida dehqon oilasida dunyoga kelgan. 1950 yil oxirlarida Qoraqalpoq davlat pedagogika institutining roman-german fakultetining ingliz tili yo‘nalishida tahsil olgan. Uning nomi talabalik yillaridan chiqa boshladi. Paxta yig‘im-terim paytida bir kunda 400 kilogacha paxta (bu tasdiqlangan fakt), 1 ming 200 kilogacha paxta g‘o‘zasini tergan Allaniyazga “kombayn” deb nom berishdi. Boshqa eng ilg‘or terimchi deganlarning o‘zi bir mavsumda 2,5-3 tonna paxta tersa, Allaniyazning marrasi 12-15 tonna bo‘ldi. Terilgan paxta uchun berilgan pullarni u xayriya ishlariga sarf qilardi.

U birinchi kursni tugatgandan keyin yozgi ta'til paytida qishlog‘idagi Qurbaniyazovlar oilasiga uy qurib berdi. Bu uning birinchi marta qurgan uyi edi. Xizmatiga hech qanaqa haq olmadi.

1962 yilda institutni tamomlab o‘z qishlog‘idagi 4-umumta'lim maktabida ingliz tili o‘qituvchisi sifatida boshlab, 42 yil davomida dars berdi.

Fidoiy ustoz o‘quvchilarga dars o‘tish bilan bir qatorda qishki va yozgi ta'til paytlarida yolg‘iz boshli, yordamga muhtoj 42 nafar qariyaga uy qurib berib, bu mehnatlari uchun bir so‘m ham haq olmagan. Shuningdek, u bitta o‘zi 2 ta maktab, 2 ta akusherlik punkti, 2 ta bolalar bog‘chasi va bitta kutubxona qurdi. Undan tashqari 174 ta xonadonning uylarini kapital ta'mirlagan. Hamma qurgan uylari uchun shaxsan o‘zi hech qanday texnikalarning yordamisiz 860 ming dona g‘isht quygan. Bu ishlarining barchasini bepul, bitta o‘zi amalga oshirgan.

Allaniyaz Uteniyazov haqida O‘zbekistondagi deyarli barcha gazeta-jurnallarda maqolalar chop etildi, televideniye va radiolarda tinmasdan targ‘ib qilindi. Sobiq Ittifoqdagi ko‘p adadli “Pravda”, “Komsomolskaya pravda”, “Semya” va boshqa nashrlarda qator maqolalar chop qilingandan keyin uni butun dunyo taniy boshladi. Xususan, “Pravda” gazetasining 1985 yil 29 sentyabr sonida chop qilingan “Lik dobroty” (muallifi xalq yozuvchisi, O‘zbekiston Qahramoni Tulepbergen Qaipbergenov) maqolasidan so‘ng Allaniyaz Uteniyazov nomiga dunyoning turli burchaklaridan maktublar oqilib kela boshladi.

Shu paytdagi Kuba davlati rahbari Fidel Kastro Rus: “Siz o‘z insoniylik mehnatingiz bilan barcha odamzod bolasidan juda yuqori turasiz. Bu ishlaringiz yosh avlodlarni tarbiyalashda namuna bo‘ladi. Men sizga tan beraman...” deb yozdi. Rossiya estrada primadonnasi Alla Pugachyova: “Sizning xolis xizmatlaringiz men uchun ibrat, minnatdorman. Sizdek odamning yurtimizda bor ekanligiga quvonaman. Xalqqa bepul qilgan mehr-shafqatingiz oldida ta'zim qilaman...” desa, mashhur Muslim Magomayev: “Muhtaram, muallim. Sizni va oila a'zolaringizni 1 may bayrami bilan chin dildan qutlayman. Sizga teran sog‘lik tilayman. O‘zingizning xayriya-saxovat ishlaringizni, bor aql-iste'dodingiz bilan davom ettira bergaysiz. Siz XX asrning Prometeyisiz... (Prometey olov o‘g‘irlab odamlarga yaxshilik ko‘rsatgan yunon mifologik qahramoni)” deb eng iliq dil so‘zlarini izhor etib telegramma yo‘llagan.

Argentinalik millioner Sapun esa o‘z maktubida: “Mening qo‘l ostimda 4 ming kishi ishlaydi. Argentinada eng boy odamlardan biriman. Xususiy mol, parranda fermalarim, fabrikalarim bor. Lekin, mening boyligim sizning boyligingiz qoshida chirik dunyodir. Sizning insoniylik ma'naviy boyligingiz hech qachon o‘lmaydi, chirimaydi, mangu qoladi. Sizning qilgan xizmatingiz dunyoda katta yangilik bo‘ldi. O‘qib ko‘rib, hayron qoldim. Menga katta turtki bo‘ldi. Men ham xayr-saxovatli bo‘lishga bel bog‘ladim. Mening sizga uchta savolim bor. Shunga javob berishingizni iltimos qilaman:

1. Bu ishlarni o‘z xohishingiz bilan amalga oshirasizmi yoki birov ishla deb aytadimi?

2. Sizda qanday kuch bor?

3. Mahalliy aholi bu ishlaringizga qanday qaraydi?” degan.

Ikki karra sobiq Kengashlar Ittifoqi Qahramoni A.Ryazanov: “O‘qituvchilar qurultoyiga kelsang, bolangni ham ola kel. Bizning xonadonning eshigi siz uchun hamisha ochiq” deb, xatiga javob yozishni so‘rasa, boks bo‘yicha jahon chempioni Vitaliy Klichko: “Sizning xalqingizga qilgan xayrli ishlaringizni eshitib, biz jahon ringidagi g‘alabalarimiz haqida aytishga or qilyapmiz. Sababi siz 30-35 yil o‘z hayotingiz davomida qanday qilib bo‘lmasin ojiz va kambag‘al kishilarga yordam qilyapsiz. Biz esa o‘z “ishimiz”da 30-35 minut raqibimizni do‘pposlashimiz kerak. Aynan shuning uchun, ukam Vladimir bilan birga sizni otamiz sifatida ko‘ramiz. Siz biz uchun ideal odamsiz. Men har doim ringga jangga chiqishdan avval sizni tasavvur qilaman va Sizga ishonaman. Shu paytda o‘zimga kuch-quvvat to‘plagandek sezaman va g‘olib bo‘laman” deydi.

Bu plakat bir vaqtlar O‘zbekiston bo‘ylab tarqatilgan. Unda uylari qurib berilgan odamlar va qahramonning o‘zi tasvirlangan

Jami miqdorda Allaniz Uteniyazov nomiga dunyoning har xil davlatlaridan 1500 dan ortiq maktub kelgan. Ularning barchasiga javob yozgan.

* * *

Allaniyaz Uteniyazovning ishlari 1963 yildayoq davlat rahbarlarining e'tiborini tortadi. U paytda Ittifoqni N.Xrushyov boshqarib turardi va makkajo‘xori ekish avjiga chiqqan edi. Allaniyaz Uteniyazov bironta kimyoviy o‘g‘it qo‘llanmasdan makkajo‘xorini 5-6 metrgacha o‘stirgan, har donasidan mo‘l hosil olgan. Bu butun ittifoqdagi rekord ko‘rsatkich bo‘lgan. Uning qilgan ishlari Sharof Rashidovning qulog‘iga ham yetib borgan.

Allaniyaz ota haqida yozilgan “Allaniyaz Qaharman – adamgershiliktiң joqarg‘y shyңy” (Allaniyaz Qahramon – insoniylikning yuksak cho‘qqisi) kitobida (muallifi Eliza Dauletmuratova va Allambergen Dauletmuratov) shunday qiziqarli ma'lumot beriladi:

“Allaniyaz hattoki maktabdan olgan maoshini ham kambag‘al oilalarga ishlatib yuborgan. Uning turmush o‘rtog‘i ham o‘ziga o‘xshash rahmdil inson bo‘lgan, erining ishlarini doimo qo‘llab kelgan.

Makkajo‘xori bo‘liq bo‘lgandan keyin shu paytdagi Qoraqalpog‘iston obkomining birinchi kotibi Qallibek Kamalov, Moskvadan, Toshkentdan muxbirlar tez-tez kelib turardi. Ular qurilgan uylarni, dalalarni suratga olardi.

Bir kuni makka dalasiga Sharof Rashidov keldi va makkani ko‘rib, Allaniyazdan “bunga qancha azot berasiz?”, deb so‘radi:

- Azot topish qiyin, mol go‘ngi beraman. Anavi chuqurni go‘ng bilan to‘ldiraman. Shahardagi sanochistka mashinalari go‘ngni qumlarga olib borib to‘kmoqda, shular bilan kelishib chuqurning ichini to‘ldirib, ustidan makkaga suv qochiraman. Qarabaraq degan o‘simlik sho‘r yerda o‘sadi. Chuqurga shuni tashlayman. U go‘ngni tezda chiritib, ko‘pirtirib chiqartiradi. Buning tarkibida azot va kaliy tuzlari bor. Ota-bobolarimiz sovun bo‘lmagan zamonda kiyimlarni shu o‘simlikning suviga yuvgan, — deganda Sharof Rashidov lol qolib, juda minnatdor bo‘ladi.

– Seni tug‘gan ota-onangga rahmat. Ota-onang bormi?

– Uyimda yolg‘iz onam bor. Otam frontda halok bo‘lgan.

– Onangga salom beraylik. Onangni ko‘rsat, — deydi Sharof Rashidov.

– Uyim shu ovulda, ta'mirtalab. Qo‘lim tegmayapti. O‘zim g‘arib insonlarga bepul uy qurib beryapman, — deydi Allaniyaz.

So‘ng Sh.Rashidov uyiga borib, onasiga salom beradi.

– Bu yigit uyiga qaramas ekan. Boshqalarga uy qurib yurib, o‘z uyiga vaqti bo‘lmas ekan. Unda Allaniyazovga o‘zing uy qurib bergin, — deb Qallibek Kamalovga topshiriq beradi.

Shu voqeadan keyin Allaniyazning ekkan makkasini ko‘rish uchun Xorazm, Buxoro viloyatlaridan odamlar kela boshlaydi. Shu yerda ko‘rgazma tashkil qilinadi. San'atkorlarning ham izi uzilmaydi. Mashhur xonanda Komiljon Otaniyozov ham Xivadan kelib konsert uyushtiradi.

1964 yilda Xrushyov ishdan bo‘shaydi, makkajo‘xori masalasi ham sekin muhimligini yo‘qota boshlaydi. Shu paytda kolxoz raisi “endi makka ekmaymiz, pomidor ekamiz” deb Allaniyazning 40 gektar yerini olib qo‘yadi. Kolxoz raisi undan xafa ekan. Sababi, Sharof Rashidov kelgan paytda u kolxoz raisiga xabar qilmagan ekan. “Hech bo‘lmasa 5 gektar yer bering, men ham pomidor ekay” desa ham aytganini qilmaydi. “Boradigan yeringga bor, senga yer yo‘q” deb po‘pisa qiladi.

Keyin Allaniyaz gorkomga boradi, u yerda ham “pomidorni kolxoz ishchilari ekadi, sen maktabing bilan bo‘la ber” deb qaytaradi. Qallibek Kamalov u paytda ovulda bo‘lmaydi. Allaniyaz endi bir madad Rashidovdan, deb Toshkentga borishga ahd qiladi va maktab direktoridan ruxsat so‘rasa, u tuman xalq ta'limi bo‘limidan so‘ra, deydi. Tuman xalq ta'limi bo‘limiga kelsa ular ham rad etadi. “Agar Toshkentga ketsang, ishdan haydalasan” degan javob eshitadi.

So‘ng tavakkal qilib, Toshkentga uchadi. O‘zLKSMning birinchi kotibi R.Abdullayevning oldiga boradi. Abdullayevni u doim yig‘ilishlarda ko‘rardi. U ham buni yaxshi tanirdi. Unga masalani tushuntiradi. Abdullayev Allaniyazni respublika rahbarining oldiga olib kiradi.

Sh.Rashidov yaxshi kutib oladi. Ahvollarini, makkani so‘raydi. U barini aytadi, yerini olib qo‘yganini va pomidor ekish uchun bermayotganini va hokazo.

Rashidov darhol go‘shakni ko‘tarib Q.Kamalov bilan gaplashadi:

– Menga odamlar amal, mashina so‘rab kelardi. Allaniyaz Uteniyazov esa yer so‘rab keldi. Dehqonchilik qilmoqchi. Qoraqalpog‘istonda yer ozmi? Uning dehqonchilik qilish qo‘lidan keladi. Nima, unda endi uning tajribasini Farg‘onada qo‘llaylikmi? – deydi.

– Mening bundan xabarim yo‘q edi, yer beramiz. Sharoitini ham qilib beramiz. O‘tgan yili uyini qurib berdik, — deydi Q.Kamalov.

So‘ng go‘shakni o‘rniga qo‘yib:

– Allaniyaz, senga rahmat, yer beradi. Mehnatingni ko‘rsat xalqqa. Biz sizdek yoshlarni qadrlaymiz, Ishing hal bo‘ldi, endi qaytaver. Omad yor bo‘lsin, — deydi.

– Men uch kun darsdan qolib ketdim. Ruxsat so‘rasam, javob berishmadi. Meni tuman xalq ta'limi bo‘limi, maktab direktori ishdan bo‘shatgan bo‘lsa ham kerak, — deydi.

– Bo‘shatmaydi. Mana bu qog‘ozni tuman xalq ta'limi bo‘limi boshlig‘iga ko‘rsat, — deb o‘zining vizit kartochkasini beradi.

Ertasiga maktabga borsa, ishdan bo‘shatilganligi haqida buyruqni koridorga ildirib qo‘yishgan ekan. Tuman xalq ta'limi bo‘limiga borsa, ishdan bo‘shatilding, deydi. “Men Toshkentga bordim. Sharof Rashidovning oldiga kirdim” desa ishonmaydi.

Qaytanga “Rashidov seni nima qilsin? Uning sendan boshqa ishi yo‘q ekanmi?” deb kalaka qiladi.

So‘ng vizit kartochkasini ko‘rsatganda, tuman xalq ta'limi bo‘limi boshlig‘ining ko‘zlari xonasidan chiqib ketay deydi va o‘zi maktabga kelib, direktor bilan gaplashib buyruqni bekor qildiradi. Keyinchalik kolxoz yer ham berdi. Poliz ekadi. Pomidorlar kosaday unib chiqadi.

* * *

Oliyjanob insonni O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ham qadrlagan. “Yuksak ma'naviyat – yengilmas kuch” kitobida uni Behbudiy, Munavvarqori, Avloniy, Cho‘lpon, Fitrat va boshqa buyuklar qatorida ko‘radi.

Shuncha ishlarni bajarib yurgan Allaniyaz maktabdagi darslarini biron marotaba bo‘lsayam qoldirmagan. Hattoki, bir vaqtlari tuman maktablarida ingliz tili fani o‘qituvchisi yetishmay qolgan. Shunday paytlarda orasi 4-5 km keladigan 3 ta maktablarga qatnab ishlashiga to‘g‘ri kelgan va u buni doimo uddalab kelgan. Yana maktablar orasiga piyoda qatnagan. Mana shu kasbida u 42 yil faoliyat yuritgan.

Allaniyaz Uteniyazov butun umri davomida qo‘li mehnatdan bo‘shamadi. Faqat 2001 yilda bir martagina Farg‘onaga sanatoriyaga borgan. Unda ham tuman hokimi tezda chaqirtirib olgan. Sababi uni “O‘zbekiston Qahramoni” yuksak davlat mukofotini topshirish marosimiga qatnashish uchun Prezident devonidan izlashayotgan edi.

Uning hayoti davomidagi qilgan ishlari yuksak ibrat namunasidir. Agar uning hayoti davomida amalga oshirgan xayr-saxovat ishlari hujjatlashtirilib tegishli organlarga topshirilganida u xalqaro mukofotlarga ham sazovor bo‘lishi mumkin edi. Lekin, shaxsan o‘zi qilgan ishlarini ko‘z-ko‘z qilishni umuman yoqtirmagan.

2000 yilda Qoraqalpog‘istonga og‘ir keldi. Hududda ekologik qiyinchilik, suvning yetishmovchiligi yuzaga kelgan bir paytda u 15 gektar maydonda “Saxovat” nomli bog‘dorchilik fermer xo‘jaligini tashkil qildi va unda har xil meva, poliz mahsulotlarini yetishtirdi. Suvsizlik paytida kanalning tubida qolgan suvlarni qo‘lda tashib bog‘dagi ekinlarini sug‘ordi. Undan olingan mahsulotlarni mehribonlik va muruvvat uylariga bepul tarqatdi. Bog‘ hozirda uning bolalari tomonidan parvarishlanib kelinmoqda.

Allaniyaz Uteniyazovning xizmatlari hukumat tomonidan yuksak baholandi. U “O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi“, “Qoraqalpog‘istonga xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi”, “O‘zbekiston seleksioneri“, “Mehnat qahramoni“ ordenlari bilan taqdirlangan. 2001 yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘ldi.

Allaniyaz Qahramon ortida o‘lmas buyuk meros qoldirib 2006 yilda vafot etdi. Uning ismi hamisha g‘urur bilan tilga olinadi. Biz uchun Allaniyaz ismi saxovatlikda hotamtoyga tengdir.

Yesimqan Qanaatov, O‘zA muxbiri, Qoraqalpog‘iston.

Mavzuga oid