Jahon | 21:48 / 24.05.2020
32191
13 daqiqa o‘qiladi

Hongkong va partiya mushtarak: Pekin shaharning so‘nggi erkinliklarini yanchishga tayyorlanmoqda

Xitoyda koronavirus pandemiyasi qariyb bartaraf etilgach, Hongkongda yana norozilik namoyishlari avj olmoqda. Xitoy kommunistik partiyasi shahardagi muxolifatga qarshi to‘g‘ridan to‘g‘ri repressiya uyushtirilishiga sharoit yaratmoqda, deb yozadi Republic.

Namoyishchilarning politsiya bilan to‘qnashuvlari, 2019 yil / Foto: Ng

O‘tgan yilning yozida va kuzida Hongkongni larzaga keltirgan ko‘pmillionlik aksilpekin norozilik namoyishlaridan so‘ng Xitoy hukumati siyosiy masalalarda to‘liq avtonom bo‘lgan shaharga bosimni kuchaytirdi.

21 may kuni ochilgan Butunxitoy xalq vakillari yig‘ilishi (BXVY) sessiyasida kompartiya rahbariyati Hongkong xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunning yangi loyihasi taqdimotini o‘tkazdi.

Tanqidchilarga ko‘ra, bu me'yor «bir mamlakat — ikki tizim» modelining intihosi bo‘ladi va Xitoyga xuddi materikdagidek repressiv mexanizmlarni Hongkongda ham qo‘llash imkonini beradi.

Lekin hongkongliklar osonlikcha taslim bo‘lmoqchi emas.

Qonunda nima yozilgan

21 may kuni kechqurun Pekinda Xitoy parlamenti — BXVYning 31-sessiyasi ochildi.

Uning aksariyat vakillari kommunist delegatlar bo‘lib, qolganlari — xayrixoh kasaba uyushmasi vakillari, kichik marionet partiyalardan saylanganlardir.

Birinchi kundanoq BXVY doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Vang Cheng shahar barqarorligiga raxna solayotgan «Hongkong muxtoriyatiga jiddiy milliy xavfsizlik tahdidlari» mavzusida hisobot bilan chiqish qildi.

Vang Cheng / Foto: news.cn

1990 yilda Xitoy va o‘sha vaqtgacha shaharga egalik qilib kelgan Buyuk Britaniya o‘rtasida tuzilgan bitimga asosan qabul qilingan Hongkongning asosiy qonunida muxtoriyat hokimiyati ekstremizm, davlatga xoinlik va ayirmachilik to‘g‘risidagi qonunlarni mustaqil tartibga sola olishi mumkinligi belgilangan.

London va Pekin o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, bu shartlar 2047 yilgacha — Hongkong Xitoy tarkibiga oddiy provinsiya sifatida qo‘shilishiga qadar amalda bo‘lishi lozim.

Biroq, Vang Chengning so‘zlariga ko‘ra, Hongkong o‘z qonunlarini shu vaqtgacha qabul qilmagan va milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan «himoyasiz» bo‘lib qolgan. Shuning uchun Xitoy «Hongkong muxtoriyatini bo‘ysundirish mexanizmlari va huquqiy tizimini yaratish va takomillashtirish uchun davlat darajasida kerakli choralarni ko‘rishi zarur».

Mulozimning fikricha, bunday «yordam» Hongkong va Makaoning avtonomiyasini ta'minlovchi «bir mamlakat — ikki tizim» prinsipiga ham, shaharning asosiy qonuniga ham aslo zid emas.

Vang Cheng qonun loyihasini izohlab bergan. Uning kirish qismida ham, birinchi moddasida ham «bir mamlakat — ikki tizim» prinsipiga sodiqlik hamda Hongkong muxtoriyatining daxlsizligi ta'kidlab o‘tilgan. Biroq qonun loyihasining keyingi moddalari unga tamomila zid.

Masalan, ikkinchi modda «Hongkong ishiga xorijiy va tashqi kuchlarning har qanday aralashuvi»ni taqiqlaydi hamda XXRga bunday aralashuvlarga qarshi kurashish vakolatini beradi.

To‘rtinchi modda ham o‘ta bahsli. Unga ko‘ra, materik qismdagi Xitoy hukumati Hongkong hukumatining «milliy xavfsizlik tizimini tuzish» borasidagi sa'y-harakatlarini nazorat ostiga oladi, shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri «Hongkongda zarur majburiyatlarni bajaruvchi agentliklarni ham tashkil etadi».

Qonun nega kerak bo‘ldi?

Bu qonun qabul qilinishining bosh sababi – Hongkongda bir yildan ziyod vaqt mobaynida yuz berayotgan keng miqyosli norozilik namoyishlaridir.

Namoyishlar 2019 yilning bahorida — Pekinga bo‘ysunuvchi Hongkong hukumati jinoyatchilarni Xitoy va Tayvanga ekstraditsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni parlamentga kiritganidan so‘ng boshlangan.

Pekinga qarshi kayfiyatdagi hongkongliklarning fikricha, bu me'yor Xitoy hukumatiga demokratik siyosatchilar va faollarni bemalol qatag‘on qilish imkonini beradi.

Ularning tashvishi asosli edi — materikdagi Xitoy Hongkong muxolifatini bir necha marta ezishga harakat qilgan. Masalan, 2016 yilda XXRni tanqid ostiga oluvchi adabiyotlar sotuvchi kitob do‘koni egasi yo‘qolib qolgan. U bir necha oydan so‘ng paydo bo‘lib, XXR hududidagi maxfiy qamoqxonada saqlangani, u yerda Xitoy maxfiy xizmati uni qat'iy tergov qilgani, nihoyat do‘kon xaridorlari ismlari evaziga uni qo‘yib yuborishganini aytib bergan.

Namoyishlar 2019 yilning martida boshlanib, koronavirusga qarshi joriy etilgan karantinga qadar davom etdi. Dastlabki aksiyalar bir necha yuz kishini to‘plagan bo‘lsa, yozning oxirlarida ko‘chaga 2 million kishi — avtonom-shahar aholisining uchdan bir qismi chiqdi.

Pekin tomonidan tayinlangan deb qaraladigan Hongkong ma'muriyati rahbari Kerri Lim imkon qadar qarshilik ko‘rsatdi, politsiya o‘qotar qurol ishlatishdan bo‘lak ko‘cha namoyishlarini bostirishning barcha usullaridan foydalanib ko‘rdi. Kuchishlatar tizimlardan tashqari namoyishchilarga triada — XXR bilan so‘nggi o‘n yillikda hamkorlik qilib kelayotgan xitoylik xalqaro mafioz tizimi vakillari ham hujum qilib ko‘rdi.

Oktabr oyida namoyishchilar o‘z niyatlariga yetishdi: ekstraditsiya to‘g‘risidagi qonun Hongkong parlamentidan chaqirib olindi. Biroq, namoyishlar bu bilan tugamadi — endi demokratik muxolifat Hongkongda yalpi va to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov joriy etishni o‘z maqsadi sifatida belgilab oldi.

Ayni paytda muxtoriyatda deputatlarni saylashning korporativistik tizimi amalda bo‘lib, mandatlarning katta qismini Pekin bilan affillangan yirik biznes vakillari egallashgan. Ma'muriyat rahbarini maxsus komissiya tayinlaydi, komissiyani esa 6 foiz fuqarolar saylaydi, undagi aksariyat kursilarga kompartiya va u bilan bog‘liq tashkilotlar vakillari o‘tirishadi.

Hongkong muxolifatining chinakam zafari 24 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan munitsipal saylovlar bo‘ldi — «Pan-demokratik koalitsiya» a'zolari 85 foiz mandatlarni egallab, shaharning 18ta munitsipalitetidan 17tasida ko‘pchilik ovozlarni to‘plashdi (avvalgi saylovlarda Pekinga xayrixoh partiyalar shunday ko‘rsatkich qayd etishgan edi).

Hongkongdagi munitsipal kengashlar hech qanday hokimiyatga ega emas, shunchaki ijroiya hokimiyatiga maslahat berib turadi. Biroq aynan ular o‘z tarkibidan muxtoriyatning qonunchilik kengashining jami 70 deputatidan 35 nafarini saylab berishadi. Kengashning keyingi tarkibi 2020 yil sentyabrida shakllantiriladi — agar muxolifat deputatlarning ikkinchi yarmini saylovchi «funksional guruhlar»ning aqalli bir nechasini o‘z tomoniga og‘dira olsa, aksilpekin kuchlari muxtoriyat tarixida ilk bor mutlaq ko‘pchilik mandatga ega bo‘ladi.

Pandemiya sharoitida Hongkong hukumati rahbari Kerri Lam ma'muriyati muxolifatga bosimni kuchaytirdi — 2019 yilgi namoyishlarda boshchilik qilgan 15 nafar eng mashhur demokratik yetakchilar avvaldan kelishilmagan mitinglar uyushtirishgani uchun hibsga olindi.

Hongkong va Makaoni tadqiq etish Xitoy assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Lau Siu-kay o‘shanda ushbu kechikkan qatag‘on chorasi XKP MQ 4-plenumida ishlab chiqilgan Pekinning Hongkongga nisbatan siyosatini qat'iylashtirish bo‘yicha faqat birinchi bosqich bo‘lishini aytgan edi.

«Plenumdan so‘ng Pekindagilar Hongkongdagi boshboshdoqlikka bittada va toabad nuqta qo‘yish qat'iyati bilan to‘lib toshishdi», — degan edi Lau.

Muxolifatchilar hibsga olingach, Pekinning Hongkongdagi vakillari muxtoriyatning milliy xavfsizlik tizimida «sezilarli kamchiliklar» haqida gapira boshlashdi.

Parlamentdagi mushtlashuv va tarix talqini

So‘nggi oylarda Hongkong rahbariyati demokratik erkinliklarga yanada faolroq raxna solmoqda. 18 may kuni parlamentda mushtlashuv ro‘y berdi — Pekinga xayrixoh deputatlar muxolifatdagi hamkasblarini parlament soqchilari yordamida zaldan quvib chiqarishdi va qonunchilik bo‘yicha qo‘mita rahbari uchun ovoz berish jarayonini ularsiz o‘tkazishdi.

Foto: EPA

May oyi o‘rtalarida Hongkong ta'lim byurosi bitiruv imtihonlari uchun tarix fanidan tayyorlangan savollar orasidan 1900–1945 yillarda Yaponiyaning Xitoy taraqqiyotidagi roli haqidagi savolni olib tashlashni talab qilib, bu savol «Xitoy xalqining or-nomusini haqorat qilishi mumkin»ligini ta'kidlagan.

Hongkonglik siyosiy sharhlovchi Lyuis Lau Yu-manning fikricha, tarixning bunday talqin qilinishi materikdagi Xitoy mafkurasi singdirilgan o‘quv dasturlariga mos. Unda Yaponiya xitoy millatining tsivilizatsion dushmani sifatida ko‘riladi. Hongkong tarixi fani esa nafaqat yapon okkupatsiyasining zararli tomonlari, balki xitoy madaniyatini boyitishga xizmat qilgan ikki xalq o‘rtasidagi aloqalarni ham o‘rganishga odatlangan.

19 may kuni Hongkong jamoatchilik televideniyesi shahar ma'muriyati talabiga ko‘ra politsiyachilar ustidan hajv qilingani uchun «Headliner» satirik shousini efirdan olgan.

Shaharda ayni damda COVID-19ga chalingan 35 nafar kasal bo‘lishiga qaramasdan, jamoat salomatligini himoya qilish vaji bilan hukumat so‘nggi 30 yil ichida ilk bora 4 iyun kuni o‘tkaziladigan, 1989 yili Pekindagi Tyananmen maydonidagi qon to‘kilishiga bag‘ishlangan xotira aksiyasini bekor qilgan.

«Xitoy kommunistik partiyasi sabrsizlik bilan olg‘a intilmoqda. U nafaqat Hongkongni nazorat qilmoqchi, balki hongkongliklarning ongi va jonini qayta ishlashni istaydi», — deydi Lau Yu-man.

Endi nima bo‘ladi?

Qonun loyihasi BXVY tomonidan tasdiqlangach, u Hongkong asosiy qonunining III ilovasiga qo‘shiladi — u yerda qit'ada joylashgan Xitoy va muxtoriyatda birdek amal qiluvchi qonunlar jamlanmasi keltirilgan. Hozir bu ro‘yxatda gerb, milliy bayramlar, fuqarolik va ichki dengizlar to‘g‘risidagi beg‘araz me'yorlar mavjud.

Texnik tomondan olib qaralganda, qonun BXVY tomonidan ma'qullangach kuchga kiradi, biroq Pekin uni Hongkong qonunchilik kengashi tasdig‘idan o‘tkazishga ham urinib ko‘radi.

Ekspertlarning fikricha, qonun Hongkongda qatag‘on va senzura kuchayishiga olib keladi.

«Bu berilgan va'dani chidab bo‘lmas darajada buzishdir. (Bu va'dani Pekin 1997 yilda — Hongkongni Buyuk Britaniyadan keng avtonomiya huquqida qabul qilib olganda bergan. — Republic). Ular qonunchilik jarayonini to‘liq buzmoqda va buzuq tartibni taklif qilmoqda», — deydi Hongkong Asosiy qonuni mualliflaridan biri va muxolifatdagi Demokratik partiya yetakchisi Martin Li.

«Xitoyda «milliy xavfsizlik» tushunchasi va u bilan bog‘liq «terrorizmga qarshi kurash» kabi terminlar inson huquqlarini turli-tuman buzilishi, jumladan, dissidentlar, aktivistlar va huquq himoyachilarini o‘zboshimchalik bilan hibsga olish va qamoqxonalarga tiqish kabi xatti-harakatlarni oqlash uchun foydalanilayotgani kishini tashkishga solmasdan qolmaydi», — deydi hongkonglik advokat Uilson Leung.

Pekinning tashabbusini Donald Tramp ham qoralab chiqdi va agar qonun qabul qilingudek bo‘lsa, AQSh «qat'iy munosabat bildirishi»ni va'da qildi.

Kongressning har ikki partiyasidagi qonunshunoslar Xitoyga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish imkoniyatlari haqida gapirishmoqda.

Davlat kotibi Mayk Pompeo Pekinning tashabbusini «falokatli» deb atadi va Kongressning tahliliy xizmatlari ushbu qonunning qabul qilinishi Hongkong demokratik erkinliklari uchun qanday oqibatlar keltirib chiqarishi haqida hisobot chop etishini va'da qildi. Agar vaziyat salbiy deb baholansa, AQSh avtonom shaharga taqdim etgan barcha savdo imtiyozlarini bekor qiladi.

Ya'ni «Bir mamlakat — ikki tizim» yo‘q qilinadigan bo‘lsa, Xitoyning barcha hududlari butun bir mamlakat sifatida qabul qilinadi.

Biroq Hongkong muxtoriyatining bosh kafolati — Buyuk Britaniya jim.

Britaniya TIV rahbari Dominik Raab «vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatayotgani» hamda «Xitoydan «bir mamlakat — ikki tizim» prinsipini hurmat qilishni kutib qolishi» haqidagi bayonotlar bilan cheklandi.

Hongkongning so‘nggi britaniyalik gubernatori Kris Patten Britaniyani qat'iyroq munosabatda bo‘lishga chorladi: «Biz Xitoyga bu ish juda yomon ekanini anglatib qo‘yishimiz kerak».

Hongkongliklarning o‘zlari esa yangi namoyishlar to‘lqiniga tayyorlanishmoqda. O‘tgan yilgi mitinglarda asosiy rolni o‘ynagan quyi harakat — Inson huquqlari to‘g‘risidagi fuqarolik fronti yaqin kunlarda shahar ko‘chalariga 2 million kishini olib chiqishni allaqachon va'da qilgan.

Mavzuga oid